2025-yil iyun oyi boshida AQShda Donald Tramp va Ilon Mask o‘rtasida shov-shuvli mojaro kelib chiqdi. Yaqin vaqtgacha ular yaqin munosabatlarni saqlab qolishgan — tadbirkor Tramp kampaniyasi uchun yuzlab millionlarni xayriya qilgan va uning “islohotchilik” departamentiga rahbarlik qilgan. Ammo bir necha kun ichida ittifoq barbod bo‘ldi, bu ommaviy haqoratlar, tahdidlar va o‘zaro ayblovlarga aylandi.

Hammasi qanday boshlandi?

2020 yilda Ilon Mask AQSh prezidenti lavozimini egallab turgan Donald Trampning maslahatchilaridan biri etib tayinlangandi. 2024-yilgi prezidentlik saylovlarida ham Mask uni faol qo‘llab-quvvatlay boshladi. The Washington Post ma’lumotlariga ko‘ra, u o‘ziga aloqador tuzilmalar orqali saylovoldi kampaniyasiga qariyb $288 mln xayriya qilgan va tadbirlarda shaxsan ishtirok etgan.

Tramp saylovlarda g‘alaba qozonganidan keyin Ilon Maskning kapitali bir kunda 10%dan ko‘proqqa — $290 mlrdgacha o‘sdi. Tesla aksiyalari 15%ga qimmatlashdi va 2022-yildan beri eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi, yillik o‘sish esa 32%dan oshdi.

Kompaniyaning bozor qiymati $1 trlndan oshib ketdi. Politico nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Tesla va SpaceX davlatdan taxminan $15 mlrd miqdorida mablag‘ olgan bo‘lib, Mask yangi ma’muriyat tomonidan bundan keyingi qo‘llab-quvvatlashga umid qilgan edi.

2025-yil yanvarida Mask Tramp tomonidan federal byurokratiyani isloh qilish va davlat xarajatlarini kamaytirish maqsadida tashkil etilgan yangi Davlat boshqaruvi samaradorligi departamenti (DOGE)ga rahbarlik qildi.

Unga “tizimni qayta ishga tushirish” vazifasi topshirildi, bu jarayonlar va tartib-qoidalarni soddalashtirish, agentliklarni qisqartirish hamda davlat tuzilmalarining shaffofligini oshirishni o‘z ichiga olardi.

donald tramp, ilon mask

Tahlilchilarning ta’kidlashicha, Mask amalda Tramp siyosatining ikkinchi shaxsi va uning “Amerikani yana buyuk qiling” (MAGA) harakatining ramziga aylangan. U muntazam ravishda Oq uydagi yopiq uchrashuvlarda, muhim muzokaralarda qatnashgan va prezidentga maslahatlar bergan.

“Trampning Oq uyida Maskning roli juda katta, uning ta’siri ko‘plab federal agentliklarda yaqqol ko‘rinadi,” — deydi ekspertlar. Ularning fikricha, Mask Trampga pul tikkan bu “poker o‘yini” uning kompaniyalariga katta foyda keltirishi mumkin.

Tramp, shuningdek, Tesla aksiyalarining qulashi paytida Maskni qo‘llab-quvvatladi. Prezident milliarderga bo‘lgan ishonchini ko‘rsatish uchun kompaniya avtomobilini sotib oldi va Maskni “haqiqatan ham buyuk amerikalik” deb atadi.

Qanday xatolik yuz berdi?

Kelishmovchilik Trump ma’muriyatining asosiy byudjet tashabbusi hisoblangan “One Big Beautiful Bill” qonun loyihasi tufayli kelib chiqdi. Bu loyiha yangi Trump ma’muriyatining bir nechta muhim tashabbuslarini o‘z ichiga oladi, jumladan:

  • soliq imtiyozlarini uzaytirish va qayta taqsimlash;
  • yashil energiya va elektr transport vositalari uchun beriladigan subsidiyalarni kamaytirish;
  • mudofaa byudjeti va infratuzilmaga ajratiladigan mablag‘larni ko‘paytirish; shuningdek,
  • federal agentliklarning ekologik nazorat bo‘yicha vakolatlarini cheklashga urinish.

Qonun loyihasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri Ilon Mask kompaniyalari, ayniqsa Tesla va SpaceX manfaatlariga ta’sir qiladi, ular asosan federal subsidiyalar va soliq imtiyozlari hamda qayta tiklanadigan energiyaga o‘tishni davlat tomonidan rag‘batlantirishga bog‘liq.

Teslaning elektromobillarni qo‘llab-quvvatlash dasturidan chiqarilishi kompaniyani milliardlab dollarlik soliq qaytarmalari va rag‘batlantiruvchi to‘lovlardan mahrum qilishi mumkin. Bundan tashqari, Mask qonun mualliflarini uni ma’muriyat a’zosi sifatida (DOGE rahbari sifatida) xabardor qilmasdan, uning biznesi manfaatlariga tahdid soladigan o‘zgarishlarni “yashirincha” amalga oshirishga uringanlikda aybladi.

“Kechirasiz, ammo men buni endi ortiq toqat qila olmayman. Bu ulkan, g‘azablanarli, […] xarajatlar to‘g‘risidagi qonun loyihasi jirkanch bir ifloslikdir. Unga ovoz berganlar uyat: siz noto‘g‘ri ish qilganingizni bilasiz”, — deya Mask o‘zining X ijtimoiy tarmog‘ida yozib qoldirdi.

“Pork” atamasi AQSh siyosatida “ortiqcha xarajatlar” yoki kongressmenlar tomonidan o‘z okrugi yoki lobbichilar manfaatlari yo‘lida ilgari surilgan “keraksiz bandlar” degan ma’noni anglatadi.

29-may kuni Mask davlat xizmatidan iste’fo berib, Tramp ma’muriyatini tark etdi. Shundan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvli xabarlar to‘lqini boshlandi.

donald tramp, ilon mask

Mask, shuningdek, Trampni voyaga yetmaganlar savdosi bilan bog‘liq shov-shuvli ishda ishtirok etgan moliyachi Jeffri Epshteyn bilan aloqada bo‘lganlikda aybladi, ammo tez orada bu postni o‘chirib tashladi. Shundan so‘ng u Trampning eski saylovoldi va’dalarini e’lon qildi va bu odam hozir prezidentlik lavozimini egallab turibdimi yoki uning o‘rniga qiyofadoshi kelganmi, deb so‘radi.

Yakunda milliarder America Party nomli o‘z siyosiy kuchini yaratish haqida o‘ylayotganini ma’lum qildi va Trampga impichment e’lon qilishga chaqirdi.

Tramp Maskni “aqldan ozgan” deb atadi va Maskning federal hukumat bilan SpaceX kosmik kompaniyasi faoliyatini ta’minlaydigan keng ko‘lamli kelishuvlarini to‘xtatib qo‘yish bilan tahdid qildi.

“Ilon bilan munosabat qiyinlashdi. Men undan ketishini so‘radim, hech kimga kerak bo‘lmagan elektromobillarni sotib olishga majburlovchi elektromobil to‘g‘risidagi farmonni bekor qildim (u buni allaqachon bilardi!) — va u butunlay AQLDAN OZDI!”, — deya yozdi Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

Prezident TRampendi o‘zining Tesla elektromobilini ommaviy tadbirda sotishni ko‘rib chiqmoqda.

donald tramp, ilon mask

Bu biznesga qanday ta’sir qildi?

Tramp bilan ommaviy nizodan so‘ng, 6-iyun kuni Tesla aksiyalari 14%dan ko‘proqqa tushib ketdi, bu esa kompaniyaning bozor kapitallashuvidan $138 mlrdni yo‘qotdi. Maskning o‘zi bir kunda $34 mlrdga yaqin shaxsiy boyligini yo‘qotdi. Ertasi kuni qog‘ozlar qisman tiklangan bo‘lsa-da, tahlilchilar kelgusi haftalarda ehtimoliy tebranishlar haqida ogohlantirdi.

Deepwater Asset Management hisob-kitoblariga ko‘ra, yangi qonun loyihasi bilan joriy etilishi taklif qilinayotgan imtiyozlarning bekor qilinishi 2025-yilda Tesla ta’minotini 15%ga qisqartirishi mumkin.

Business Insider nashri Maskning biznes imperiyasi hokimiyat qarorlariga qanchalik bog‘liqligini ushbu mojaro yaqqol namoyon qilganini ta’kidladi.

Ark Invest investorlari milliarderning kompaniyalari “davlat mablag‘lari va subsidiyalari hisobiga rivojlangan” deya ochiq-oydin aytdilar. Mutaxassislarning fikricha, Tesla, SpaceX va Neuralink davlat ishtiroki hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan sohalarda faoliyat yuritadi — bu soliq imtiyozlari, subsidiyalar, davlat shartnomalari yoki tartibga solish ko‘rinishida bo‘lishi mumkin.

Masalan, uning operatsion direktori Gvinn Shotvellning so‘zlariga ko‘ra, SpaceX federal idoralar bilan qariyb $22 mlrdlik amaldagi shartnomalarga ega. Ushbu buyurtmalarga nafaqat sun’iy yo‘ldoshlarni uchirish va NASA missiyasi, balki XKSga yuk va astronavtlarni yetkazib berish kabi strategik ahamiyatga ega loyihalar ham kiradi.

Bunga javoban Mask AQSh hukumati astronavtlarni Xalqaro kosmik stansiyaga yetkazish va ta’minlash uchun foydalanayotgan Dragon kosmik kemalarini ekspluatatsiyadan chiqarishni boshlashini aytdi.

Mojaro fonida NASA va Pentagon ЅraseX'ga muqobil izlashni boshladi. The Washington Post nashrining yozishicha, idoralar raqobatchilar — Blue Origin, Rocket Lab, Sierra Space va boshqalarga SpaceX o‘rnini bosa oladigan raketa va kemalarni ishlab chiqishni tezlashtirish iltimosi bilan murojaat qilgan.

NASA xodimlaridan biri Maskning tahdidini “haqiqatan ham qo‘rqinchli” deb atadi, chunki hozirda aynan Dragon astronavtlarni XKSga yetkazishni ta’minlamoqda.


Avvalroq Spot AQSh Federal sudi Trampning boj tariflarini noqonuniy deb topgani haqida yozgandi.

Sud ularning amal qilishini blokladi va prezident o‘z vakolatlari doirasidan chetga chiqqanini hamda tashqi savdoni tartibga solish huquqi Kongressga tegishli ekanligini ma’lum qildi.