Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi O‘zbekiston bilan yangi loyihalar bo‘yicha kelishuv amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 10-iyun kuni IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida o‘tkazilgan panel sessiyada kompaniyaning mamlakat bo‘yicha bosh direktori Soumendra Rout ma’lum qildi.

Uning qayd etishicha, ACWA Power’ning O‘zbekistonga kiritgan investitsiyalari hajmi jami $15 mlrdga yetgan. Rout kompaniyani sohadagi eng yirik investor sifatida baholadi.

Kompaniya bilan mamlakatnig turli hududlarida jami 19 ta energetika loyihasi amalga oshirilmoqda. Shundan 18 tasi qayta tiklanuvchan energetika loyihalari hisoblanadi.

“Biz arzon mahsulotlar va narxlar bilan yaxshi tanilganmiz, bu esa O‘zbekiston iqtisodiyotiga katta yordam beradi. Shuning uchun ham hukumat loyihalarni ishlab chiqishda ACWA Power kompaniyasiga katta qiziqish bildiradi. Biz bu bilan to‘xtab qolmaymiz. Maqsadimiz — investitsiyalar hajmini oshirish. Forum doirasida hukumat bilan yana $5 mlrdlik shartnoma imzolaymiz”, — dedi bosh direktor.

Soumendra Rout, shuningdek, kompaniya O‘zbekistondagi korporativ ijtimoiy mas’uliyat rivojlantirishga ham mablag‘ ajratayotganini qayd etdi. Kompaniya Sirdaryo viloyatida joylashgan Shirin energetika kollejida yoshlarni energetika bo‘yicha o‘qitishni yo‘lga qo‘ygan.

Bu yerda 500 dan ortiq talaba tahsil olib, ulardan ayrimlari allaqachon o‘qishni tamomlagan hamda loyiha kompaniyalarida ishlaydi. Rout’ga ko‘ra, bu yanada ommalashmoqda, chunki kompaniya o‘zbekistonliklarni tadbirkorlikka o‘rgatish, ularni kichik va o‘rta biznesning bir qismiga aylantirish maqsadida xorijdan ekspertlar olib kelmoqda.

Kompaniyaning mamlakat bo‘yicha bosh direktori ACWA Power islomiy moliyalashtirishda tajribaga ega ekanligini, shu jumladan Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlikda ishlashini ta’kidladi. U kompaniya O‘zbekistonga kichik va o‘rta biznesni yaxshilashga yordam berishga tayyorligini bildirdi.

“Bizda tajriba, qobiliyat va malaka mavjud. O‘zbekiston iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish jamg‘armasiga (EEFU) yordam berish istagidamiz. Shariatga muvofiq moliya vositalari kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishda an’anaviy moliya vositalaridan ham ko‘proq yordam berishi mumkin”, — deya xulosa qildi u.

11-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev Xorijiy investorlar kengashi majlisi doirasida O‘zbekiston-Saudiya Ishbilarmonlar kengashi hamraisi, ACWA Power kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan boshchiligidagi yirik kompaniyalar delegatsiyasini qabul qildi. Unda Vision Invest va Riyadh Cables kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

acwa power, energetika, islomiy moliya, kichik biznes

Bugungi kunda qo‘shma loyihalar portfeli $24 mlrdga yetgan. Elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish, elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, IT, transport, kommunal xo‘jaligi va boshqa yo‘nalishlardagi loyihalarni ilgari surish muhimligi ta’kidlandi.

ACWA Power O‘zbekistonda $1,1 mlrdlik elektr energiyasini saqlash tizimlarini quradi. Kompaniya Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot tumanida umumiy quvvati 5 GVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi loyihasini amalga oshiradi. Loyihaning umumiy qiymati $6,2 mlrdni tashkil etadi.