Shavkat Mirziyoyev 11-iyun kuni Xorijiy investorlar kengashining uchinchi majlisi oldidan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Unda xalqaro moliyaviy instituti bilan strategik hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Muloqotda sheriklik strategiyasi samarali amalga oshirilayotgani hamda YTTBning ko‘magi asosida mamlakatda bank sohasi transformatsiya qilinayotgani qayd etildi.

Qo‘shma loyihalar portfeli kengayayotgani, bankning O‘zbekistonga investitsiyalari hajmi jami 5,5 mlrd yevrodan oshgani ta’kidlandi.

Joriy yilda ham yana 1,1 mlrd yevro jalb qilish rejalashtirilmoqda. Uning asosiy qismi xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.

Davlat rahbari YTTB bilan hamkorlik natijadorligini oshirish muhimligini ta’kidlab, uning asosiy yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi.

Bular qatorida suv ta’minoti tizimini texnologik jihatdan modernizatsiya qilish, energiya samaradorligini oshirish dasturini ilgari surish, ipoteka bozorini, erkin iqtisodiy zonalar infratuzilmasini rivojlantirish, kichik va o‘rta biznes imkoniyatlarini kengaytirish, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash kabilar bor.

Ta’lim va tibbiyot sohalarida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini ilgari surish, sun’iy intellektni joriy qilish va raqamli transformatsiyaga qaratilgan startaplarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi.

YTTBning 2024-yilda O‘zbekistonga kiritgan sarmoyasi $1mlrdga yetdi. Boshqa tashkilotlar bilan qo‘shma moliyalashtirishni hisobga olgan holda, bank mamlakatga $1,3 mlrddan ortiq mablag‘ jalb qilishga ko‘maklashdi.

Avvalroq YTTB muhim minerallar va yashil energiya sohalariga 2027-yilgacha 7−8 mlrd yevrolik loyihalar paketini ishlab chiqayotgani haqida xabar berilgandi.