Telegram asoschisi Pavel Durov sakkiz oydan so‘ng birinchi marta Fransiyada qo‘lga olingani va davom etayotgan jinoiy tergov tufayli hali ham mamlakatni tark eta olmayotgani haqida gapirdi. U Taker Karlsonga bergan yangi intervyusida nima uchun uning hibsga olinishi nafaqat Telegram foydalanuvchilarini, balki raqamli maxfiylikni qadrlaydigan barchani tashvishga solishi kerakligini tushuntirdi.

Nima sodir bo‘ldi?

2024-yil avgust oyida Durov sayyohlik maqsadida Fransiyaga tashrif buyurdi. Uning aytishicha, u ishbilarmonlik uchrashuvlarini rejalashtirmagan edi — bir necha kundan so‘ng Finlyandiyaga jo‘nab ketishi kerak edi. Biroq aeroportda uni politsiyachilar kutib oldi.

“Men bu Olimpiada oldidan kuchaytirilgan xavfsizlik choralari bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Lekin ular menga 16 ta ayblov qo‘yishdi — giyohvand moddalar, uyushgan jinoyatchilik… Men lol qoldim, chunki bularning hech biriga aloqam bo‘lmagan”, — dedi Durov.

2024-yil 24-avgust kuni Telegram asoschisi platformadagi noqonuniy faoliyat bilan bog‘liq tergov doirasida qamoqqa olindi. 28-avgust kuni u garov evaziga ozod qilindi, biroq tergov yakunlanmaguncha Fransiyani tark etish taqiqlangan sud nazorati ostida qoldi.

“Bir santimetr qalinlikdagi matras, doimiy yorug‘lik va to‘liq izolyatsiya qilingan muhit. Men faqat yordamchi bilan, u advokatlarni topishi uchun bog‘lana olardim”, deya xotirlaydi u.

Rasmiylarga ko‘ra, Durov giyohvand moddalar savdosi, bolalar pornografiyasini tarqatish va firibgarlik bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgani uchun hibsga olingan. Unga 16 ta ayblov ro‘yxati taqdim etilgan, Fransiya hukumati esa Telegramni ushbu jinoyatlarga qarshi yetarlicha kurash olib bormayotganlikda ayblagan.

Platforma o‘zining maxsus shifrlash tizimidan foydalanadi va server kodlarini oshkor qilmaydi, bu esa hukumat organlariga xabarlardan foydalanishni qiyinlashtiradi. BBC ma’lumotlariga ko‘ra, Telegram bolalarga nisbatan zo‘ravonlik bilan bog‘liq materiallarni aniqlash va olib tashlash bo‘yicha xalqaro dasturlarda ishtirok etishdan bosh tortmoqda, bu esa tanqidlarga sabab bo‘lmoqda.

Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, qo‘lga olishning rasmiy sababi Telegram tomonidan go‘yoki “Fransiyaning huquqiy so‘rovlarini e’tiborsiz qoldirish” bo‘lgan. Ammo Durovning so‘zlariga ko‘ra, bunday so‘rovlar hech qachon bo‘lmagan.

“Biz Belgiyadagi tuzilmamiz orqali Yevropa Ittifoqi qonunlariga muvofiq barcha huquqiy jihatdan to‘g‘ri so‘rovlarni ko‘rib chiqamiz. Fransuzlar meni qamoqqa olgunga qadar, negadir bu mexanizmdan foydalanmaganlar”, — dedi u.

Voqeadan sakkiz oy o‘tgach, Durov Fransiyani erkin tark eta olmayapti. U sud nazorati ostida — rasman qamoqqa olinmagan, lekin mamlakatda qolishga majbur. Chiqish uchun ruxsatnomalar alohida ko‘rib chiqiladi va cheklovlar bilan beriladi. “Men Dubayga borib keldim, ammo ko‘p vaqtimni hech qanday sababsiz bu yerda o‘tkazishga majburman”, — deydi u.

Ayblovlar — isbotsiz

Biznesmenning ta’kidlashicha, Fransiya prokuraturasi hozircha aniq ayblovlarni ilgari surmagan, biroq tergovni davom ettirmoqda. Da’volar zamirida platforma yaratuvchisi uning foydalanuvchilari xatti-harakatlari uchun javobgar ekanligi haqidagi mantiq yotadi.

fransiya, pavel durov, telegram

Asosiy masalalardan biri Telegramga foydalanuvchilar haqidagi ma’lumotlarni taqdim etmaydigan xizmat sifatida bosim o‘tkazish bo‘ldi. Fransuz OAVlari “Telegram hamkorlikka rozi bo‘ldi” deb e’lon qilishdi, biroq Durovning ta’kidlashicha, bu jamiyatni yanglishtirishga olib keladi.

“Biz doimo qonuniy sud so‘rovlariga javob berib kelganmiz, ammo shaxsiy yozishmalarni hech qachon oshkor qilmaganmiz. Agar bizdan buni talab qilishsa, biz shunchaki bozorni tark etamiz,” — deya ta’kidladi Durov.

Uning eslatishicha, aynan bekdorlarni integratsiya qilishdan bosh tortish Rossiya rasmiylari bilan mojaroga sabab bo‘lgan, shundan so‘ng u mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQShda vaziyat yanada xavotirli: u yerda gag order mexanizmi mavjud bo‘lib, hukumat muhandisni tizimga zaiflikni joylashtirishga majburlashi va bu haqda hatto ish beruvchiga ham aytishni taqiqlashi mumkin. “Shuning uchun biz AQShda joylashmaganmiz. Bu bizning maxfiylikka bo‘lgan yondashuvimizga mos kelmaydi”.

Durovning aytishicha, Telegram foydalanuvchilar ma’lumotlarini yig‘masdan daromad olmoqda. 2023-yilda kompaniya $500 mlndan ortiq foyda ko‘rdi. “Bizda obuna va reklama xizmatlari mavjud, biroq bularning barchasi ixtiyoriy. Biz foydalanuvchilarni kuzatmaymiz.”

“Men telefondan foydalanmayman”

Intervyuning eng kutilmagan nuqtalaridan biri — Durovning o‘zi telefondan deyarli foydalanmasligini tan olishi bo‘ldi.

“Men telefonni chalg‘ituvchi va xavfli deb bilaman. Unda faqat Telegramni sinovdan o‘tkazaman, xolos. Buzib kirilishi mumkin bo‘lgan qurilmaning doimo yonimda bo‘lishini istamayman”, — dedi Durov.

U, shuningdek, ilgari o‘z telefoniga Pegasus josuslik dasturi yuqtirilganini tasdiqladi va aynan davlatning shaxsiy qurilmalarga aralashish imkoniyatini bugungi kunda maxfiylikka eng katta tahdid deb hisoblaydi.

Bundan keyin nima bo‘ladi?

Durovning hibsga olinishi va davom etayotgan tergov nafaqat Telegram, balki Fransiyaning obro‘siga ham putur yetkazmoqda. “Men muloqot qiladigan ko‘plab IT-kompaniyalar asoschilari bu yerga kelishdan qo‘rqadigan bo‘lib qolishdi. Ba’zilar: “Senga shunday qilishdi, bizda esa millionta ham foydalanuvchi yo‘q — holimiz nima kechadi deydi?”.

“Fransiya ajoyib mamlakat, men fuqarolikni qo‘lga kiritdim, imtihondan 100 balldan 97 ball oldim. Lekin hozirgi kunda uni erkin tark eta olmayman. Bu, albatta, qamoqxona emas, ammo… undan chiqib keta olmayman”, — dedi Telegram asoschisi.



Avvalroq Spot Telegram Ilon Maskning Grok sun’iy intellektli chat-boti bilan integratsiya qilinayotgani haqida yozgandi.

Foydalanuvchilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri messenjer qidiruvida Grok’ga savollar berishlari, katta hajmdagi xabarlar va fayllarni qisqartirishlari yoki neyron tarmoqni chatlar moderatori etib tayinlashlari mumkin bo‘ladi.