Toshkent xalqaro aeroportida uchib kelish zali rekonstruksiyasining birinchi bosqichi yakunlanib, zalning yangilangan o‘ng qismi foydalanishga topshirildi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur zalning umumiy maydoni 2100 kv.metrga kengaytirildi. Natijada bojxona hududi kengaytirilib, qo‘shimcha yuk karuseli o‘rnatildi, terminal ichida kutib oluvchilar uchun birinchi marta 120 o‘rindiqli hudud tashkil etildi. Avtotransport va avtobuslar uchun yangi yo‘lak qurilib, 120 o‘rinli avtoturargoh tashkil qilindi hamda yashil hudud barpo etildi.
“Terminalning chap qismini rekonstruksiya qilish ertadan boshlanadi. Aeroport faoliyatini to‘xtata olmaganimiz uchun bosqichma-bosqich ishlarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz. Noyabrdan iyungacha ob-havo sharoiti va yo‘lovchilar oqimi yuqori (kuniga 200 tagacha reys) bo‘lishiga qaramay qurilish ishlari uzluksiz amalga oshirildi”, — deya qayd etdi Uzbekistan Airports qurilish boshqarmasi mutasaddilari.
Kutib oluvchilar maydonidan tashqari, qisqa muddatli to‘xtash uchun zalga tutashgan maxsus ajratilgan yo‘lak ochildi. Endi zal oldiga taksida ham, shaxsiy avtomobillarda va avtobuslarda ham kirish mumkin — yo‘lakda turish vaqti jo‘nab ketish zalidagi yo‘lak kabi 10 daqiqani tashkil etadi.
Rekonstruksiyaning ikkinchi bosqichini 2025-yil oxirigacha yakunlash rejalashtirilgan. Uning davomida qo‘shimcha yuk tashish kamarini o‘rnatish, kafelar, do‘konlar va boshqa xizmatlar joylashgan kutib oluvchilar hududini kengaytirish nazarda tutilgan.
Yakunda kelish va jo‘nash zallarini yagona terminal majmuasiga birlashtirish ishlari amalga oshiriladi. Jarayon yakunlangach, terminalning umumiy maydoni 10 ming kv.metrdan oshadi, o‘tkazish qobiliyati esa soatiga 2400 yo‘lovchiga yetkaziladi.
Poytaxt aeroportining uchib kelish va uchib ketish zallarini yagona majmuaga birlashtirish rejalari 2023-yilning yakunida ma’lum qilingandi.
O‘tgan yilning noyabrida uchib kelish zalida rekonstruksiya ishlari boshlandi. Loyiha doirasida bino fasadini oldinga surish hisobiga uchib kelish zali maydoni 2 500 kv.metrga oshishi kutilgandi.
Avvalroq Sariosiyo aeroporti 20 yildan so‘ng faoliyatini tiklagani haqida xabar berilgandi. Natijada savo bandargohi so‘nggi yillarda o‘z faoliyatini tiklagan beshinchi mintaqaviy aeroport bo‘ldi.