Avvalroq O‘zbekistonda haydovchilarga o‘z hududida taksichilik qilishi bo‘yicha cheklov kuchga kirgani haqida xabar berilgandi. Yengil avtomobillarda yo‘nalishsiz taksi faoliyatini olib boruvchilar faqat litsenziya varaqasida ko‘rsatilgan va unga tutash hududlarda tashuvlarni amalga oshira oladi. Transport vazirligi ushbu cheklovlarni tasdiqladi.
Xalq demokratik partiyasi jamoatchilik tomonidan mazkur cheklovlar turli fikr-mulohaza va e’tirozlarga sabab bo‘layotgani yuzasidan Transport vaziriga so‘rov yubordi.
XDP’ga ko‘ra, haydovchilarga qo‘yilayotgan yangi tartib O‘zbekistonning yangi Konstitutsiyasining 67-moddasida belgilangan talabga ziddir. Unga muvofiq, davlat qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlaydi. O‘zbekiston hududida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlanadi.
“Yo‘nalishsiz taksi faoliyati bilan bog‘liq joriy qilingan cheklov turli noqonuniy faoliyatlarning boshlanishiga, haydovchilarning erkin mehnat faoliyatini olib borishga to‘sqinlik qilishga, shuningdek eng asosiysi fuqarolarimizning konstitutsiyaviy huquqlari cheklanishiga olib keladi”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, Konstitutsiyaning 42-moddasiga ko‘ra, har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga egaligi nazarda tutilgan.
Yo‘nalishsiz taksi faoliyati bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ishsizlikdan himoyalanish huquqidan foydalangan hisoblanadi. Ular belgilangan tartibda tegishli litsenziya olib, tegishli soliqlarni to‘lagan holda to‘liq qonuniy faoliyat yuritmoqda.
“Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, yo‘nalishsiz taksilar bo‘yicha cheklov joriy qilishga hech qanday huquqiy asoslar yo‘q. Aksincha, konstitutsiyaviy me’yorlarga zid kelayotgan jihatlari yaqqol ko‘rinib turibdi”, — deya qayd etilgan XDPda.
Shundan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi Transport vaziridan bu masalada aniq tushuntirish berishni so‘ramoqda. Shu bilan birga, transport sohasidagi muammolarni bartaraf etish yuzasidan hukumat soatida deputatlar savollariga javoblarni eshitish uchun vazir taklif qilingan.
Mart oyida qabul qilingan hukumat qarori bilan Toshkentda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga minivenlarda taksichilik qilishga ruxsat beriladi. Yengil avtomobillarda yo‘nalishsiz taksi faoliyatini amalga oshirish to‘g‘ridagi nizom yuridik (agregator) va jismoniy shaxslarga (o‘zini o‘zi band qilganlar) ushbu faoliyat bilan shug‘ullanish tartibini belgilaydi.