Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda “Endi hamma o‘z viloyatida taksichilik qiladi. Toshkentda faqat „01“ raqamli avtomobillargagina litsenziya berishadi” mazmunidagi xabar tarqalgandi.
Unga ko‘ra, poytaxtda litsenziya asosida taksichilik qilmoqchi bo‘layotganlar rad javobini olayotgani qayd etilgan. Video muallifi agar haydovchiga litsenziya litsenziya berilsa o‘z viloyatida taksichilik qilishga ruxsat berilishini ta’kidlagan.
“Masalan, 01 Toshkent raqami — ular Toshkentda ishlaydi, andjionliklar Andijonda, qoraqalpog‘istonliklar Qoraqalpog‘istonda, qashqadaryoliklar Qashqadaryoda. Bunga chora ko‘rish kerak. Chunki Toshkentga kelib haydovchilik qilmoqchi bo‘layotganlar ishlay olmaydi”, — deyiladi videoda.
Transport vazirligi axborot xizmati rahbari Navro‘z Ashurmatovning Gazeta’ga tasdiqlashicha, ushbu tartib kuchga kirib bo‘lgan.
Vazirlik ushbu tartib hukumatning 2011-yildagi yo‘nalishli taksilar faoliyatini tartibga soluvchi 139-sonli qarori bilan belgilangani, tegishli nizomda yo‘nalishli taksilar uchun yagona tanish belgilari va ularning faoliyat yuritishi uchun qo‘yilgan talablar mavjudligini qayd etgan.
Ashurmatov nizomning 5-bob 91-bandini keltirgan, unda haydovchi yo‘lovchilarni yo‘nalishsiz taksida tashishni litsenziya kartochkasida belgilangan hududda amalga oshirishi belgilangan.
“Mazkur qaror o‘rnini bosuvchi 2025-yilda chiqqan qarorga ko‘ra, haydovchining o‘z hududida, ya’ni litsenziya kartochkasida ko‘rsatilgan hududda faoliyat olib borishi belgilab qo‘yildi. Bu oldindan bo‘lgan narsa va allaqachon kuchga kirib bo‘lgan”, — deydi vazirlik vakili.
Joriy yilning mart oyida qabul qilingan hukumat qarori bilan taksichilik qiluvchilar litsenziya varaqasida ko‘rsatilgan hudud va unga tutash hududda taksichilik qilishi kerak.
Ashurmatov misol sifatida davlat raqami belgisi Toshkent viloyati hududidan ro‘yxatdan o‘tgan “10” raqamli avtomobil viloyati hududi ichida va unga tutash bo‘lgan hudud — Toshkent shahri, Sirdaryo va Namangan viloyatlari ichida yo‘nalishsiz taksi faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkinligini keltirgan.
“Yoki Samarqand viloyati davlat raqami belgisi olgan mashina egalari Samarqand viloyati ichida va unga chegaradosh bo‘lgan boshqa viloyatlar hududida taksichilik qilishi mumkin”, — deydi u.
Mart oyida qabul qilingan hukumat qarori bilan Toshkentda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga minivenlarda taksichilik qilishga ruxsat beriladi. Yengil avtomobillarda yo‘nalishsiz taksi faoliyatini amalga oshirish to‘g‘ridagi nizom yuridik (agregator) va jismoniy shaxslarga (o‘zini o‘zi band qilganlar) ushbu faoliyat bilan shug‘ullanish tartibini belgilaydi.
Avvalroq o‘zini o‘zi band qilgan holda taksichilik qilayotganlar uchun soliqlar yangi tartibda undirilishi xabar berilgandi. Xizmat ko‘rsatishda daromadlari 100 mln so‘mdan oshgan fuqarolarning soliqlari soliq agentining to‘lov manbaida avtomatik hisoblanadi.