Volkswagen O‘zbekistonda avtomobillarni yirik qismlardan yig‘ishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Bu haqda Volkswagen Passenger Cars kompaniyasining sotuv, marketing va sotuvdan keyingi xizmat ko‘rsatish bo‘yicha boshqaruv a’zosi Martin Sander o‘zining LinkedIn ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida e’lon qildi.
Qayd etilishicha, hamkor sifatida O‘zavtosanoat kompaniyasining sho‘ba korxonasi — Alyans Auto qatnashmoqda.
Martin Sanderning ta’kidlashicha, O‘zbekiston aholi daromadlarining o‘sishi va nemis avtomobillariga qiziqish bildirayotgan o‘rta sinf sonining ko‘payishi tufayli avtomobil sanoati gullab-yashnashi arafasida turibdi.
“Bizda sakkizta zamonaviy sedan va sig‘imli yo‘ltanlamas avtomobillari mavjud — bu aynan O‘zbekistonlik xaridorlar izlayotgan narsadir”, — deya izoh berdi Sander.
Uning aytishicha, yig‘ish ishlari Xitoydan keltirilgan qismlar asosida amalga oshiriladi va logistik yaqinlik bozorga samarali xizmat ko‘rsatish hamda karbonat izini kamaytirishga imkon beradi.
Ishlab chiqarish jarayonini ilgari Jizzakh Auto nomi bilan tanilgan va O‘zavtosanoat tarkibiga kiruvchi Alyans Avto bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Aynan shu kompaniya O‘zbekistonda Volkswagen, Škoda va Jetta avtomobillarining rasmiy distribyutori hisoblanadi.
“Biz mintaqada o‘zining muhandislik va ishlab chiqarish imkoniyatlari bilan mashhur bo‘lgan Alyans Auto bilan mahalliy SKD ishlab chiqarishni kengaytirishdan boshlaymiz, — deb yozadi Sander.
Avvalroq Volkswagen O‘zbekiston bozorida paydo bo‘lgan edi. 2020-yilda O‘zavtosanoat va Volkswagen Group Rus o‘rtasida Jizzax EIZdagi Jizzax avtomobil zavodi negizida Caddy yengil tijorat avtomobillarini ishlab chiqarish bo‘yicha shartnoma imzolangan edi. O‘sha yilning yozida Volkswagen, kuzida esa konsern tarkibiga kiruvchi Škoda avtomobillari sotuvi boshlandi.
2023-yilda kompaniya o‘zining Rossiya biznesini Avilon avtodileriga sotdi. Shunday bo‘lsa-da, iyul oyida Volkswagen o‘sha yilning oxirigacha Jizzaxda elektromobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalasini ko‘rib chiqayotgani ma’lum bo‘ldi.
Avvalroq Spot BYD yil oxirigacha Denza premium brendini O‘zbekiston bozoriga olib kelishi haqida yozgandi.
BYD Central Asia boshqaruvchi direktori Ivan Sao BYD’ning mintaqadagi faol ishtiroki boshqa Xitoy avtomobil ishlab chiqaruvchilarini jalb qilishga yordam berishini qayd etdi.