Transport vazirligi haydovchilarga taksichilik qilishda belgilangan hududiy cheklov bo‘yicha rasmiy bayonot berdi.

Prezidentning fevraldagi xizmatlar sohasi barqaror rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 2-aprel kuni hukumatning avtomobil transportida yo‘lovchi tashish faoliyatini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida 200-son qarori qabul qilindi.

Vazirlik mazkur hujjat bilan birinchi navbatda yo‘nalishsiz taksi faoliyatini litsenziyalash avtomobil ro‘yxatdan o‘tkazilgan hududdan qat’iy nazar, taksichi tanlovi bilan litsenziya talabnomasida ko‘rsatgan o‘zini-o‘zi band qilish hududi bo‘yicha amalga oshirilishini qayd etdi.

Ya’ni, taksi haydovchisining avtomobili qaysi hududda ro‘yxatdan o‘tganiga qaramasdan, o‘zi xohlagan hududda faoliyat yurita oladi.

Masalan, Buxoro viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan avtomobil egasi dastlab o‘zini-o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tadi, bunda taksi faoliyatini amalga oshirish hududini o‘zi tanlaydi. Shundan so‘ng, litsenziya olish uchun kompozit ariza topshiradi.

Ikkinchidan, yo‘nalishsiz taksi haydovchisi litsenziya varaqasida ko‘rsatilgan (o‘zi tanlagan) hududda va yondosh hududda (Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahri) faoliyat ko‘rsatishi lozim. Bunda cheklov litsenziyada ko‘rsatiladigan hudud uchun o‘rnatilgan.

Masalan, Buxoro viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan avtomobilning egasi o‘zi tanlagan Toshkent shahrida faoliyat yuritishi uchun litsenziya olganidan so‘ng faoliyatini Toshkent va unga tutash Toshkent viloyatida olib borishiga ruxsat etiladi.

Uchinchidan, avtomobilning davlat raqami qaysi hududga oid bo‘lsa, litsenziya faqat aynan shu hudud uchun berilishi litsenziya talab va sharti hisoblanmaydi. Ya’ni, avtomobilning boshqa hududda ro‘yxatdan o‘tkazilganligi litsenziya berishni rad etish uchun asos bo‘lmaydi.

Shuningdek, vazirlik mazkur qaror kuchga kirgandan so‘ng, bugungi kungacha mamlakat bo‘yicha o‘zini o‘zi band qilgan 5 196 nafar shaxsga avtomobil qayd etilgan hududdan boshqa hududlarda taksichilik qilish uchun litsenziya varaqasi berilgan.

Nima bo‘lgandi?

12-iyun kuni O‘zbekistonda haydovchilarga taksichilik qilish bo‘yicha hududiy cheklov joriy qilingani ma’lum bo‘ldi. Yengil avtomobillarda yo‘nalishsiz taksi faoliyati bilan shug‘ullanuvchilar faqat litsenziya varaqasida ko‘rsatilgan va unga tutash hududlarda tashuvlarni amalga oshirishi mumkin.

Transport vazirligi axborot xizmati rahbari Navro‘z Ashurmatovning Gazeta’ga tasdiqlashicha, ushbu tartib kuchga kirib bo‘lgan. Vazirlik bu hukumatning 2011-yildagi yo‘nalishli taksilar faoliyatini tartibga soluvchi 139-sonli qarori bilan belgilangani, tegishli nizomda yo‘nalishli taksilar uchun yagona tanish belgilari va ularning faoliyat yuritishi uchun qo‘yilgan talablar mavjudligini qayd etgan.

Ashurmatov nizomning 5-bob 91-bandini keltirgan, unda haydovchi yo‘lovchilarni yo‘nalishsiz taksida tashishni litsenziya kartochkasida belgilangan hududda amalga oshirishi belgilangan.

“Mazkur qaror o‘rnini bosuvchi 2025-yilda chiqqan qarorga ko‘ra, haydovchining o‘z hududida, ya’ni litsenziya kartochkasida ko‘rsatilgan hududda faoliyat olib borishi belgilab qo‘yildi. Bu oldindan bo‘lgan narsa va allaqachon kuchga kirib bo‘lgan”, — deydi vazirlik vakili.

Joriy yilning mart oyida qabul qilingan hukumat qarori bilan taksichilik qiluvchilar litsenziya varaqasida ko‘rsatilgan hudud va unga tutash hududda taksichilik qilishi kerak.

Undan keyin Xalq demokratik partiyasi cheklov yuzasidan Transport vaziriga so‘rov yuborib, bu masalada aniq tushuntirish berishni so‘radi. Partiyaga ko‘ra, bu tartib O‘zbekiston Konstitutsiyasining 67-moddasida belgilangan talabga ziddir. Unga muvofiq, davlat qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlaydi. O‘zbekiston hududida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlanadi.

“Yo‘nalishsiz taksi faoliyati bilan bog‘liq joriy qilingan cheklov turli noqonuniy faoliyatlarning boshlanishiga, haydovchilarning erkin mehnat faoliyatini olib borishga to‘sqinlik qilishga, shuningdek eng asosiysi fuqarolarimizning konstitutsiyaviy huquqlari cheklanishiga olib keladi”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, Konstitutsiyaning 42-moddasiga ko‘ra, har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga egaligi nazarda tutilgan.

Yo‘nalishsiz taksi faoliyati bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ishsizlikdan himoyalanish huquqidan foydalangan hisoblanadi. Ular belgilangan tartibda tegishli litsenziya olib, tegishli soliqlarni to‘lagan holda to‘liq qonuniy faoliyat yuritmoqda.

“Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, yo‘nalishsiz taksilar bo‘yicha cheklov joriy qilishga hech qanday huquqiy asoslar yo‘q. Aksincha, konstitutsiyaviy me’yorlarga zid kelayotgan jihatlari yaqqol ko‘rinib turibdi”, — deya qayd etilgan XDPda.

Yandex Go matbuot xizmati Spot so‘roviga javoban Yandex Taxi bilan hamkorlik qilgan va may oyida Toshkentda taksi xizmatini amalga oshirgan haydovchilarning 27%i O‘zbekistonning boshqa hududlarida ro‘yxatdan o‘tganini ma’lum qildi. Ularning umumiy soni 23 ming nafardan ortiqni tashkil etadi.

“Yil oxirigacha xizmatdan buyurtma olish uchun foydalanadigan 48 mingdan ortiq haydovchining litsenziyasi muddati tugaydi, ulardan 13 mingga yaqini poytaxtda ishlash va odatiy daromad olish imkoniyatidan mahrum bo‘lishi mumkin”, — deya izoh berdi Yandex Go.

Kompaniyaning qo‘shimcha qilishicha, Toshkentda haydovchining bir soatlik o‘rtacha daromadi O‘zbekiston hududlariga qaraganda taxminan 30% ga yuqori.

Shuningdek, Yandex Uzbekistan’ning davlat organlari bilan aloqalar bo‘yicha direktori Sardor Qodirov taksichilik qilish bo‘yicha hududiy cheklov yuzasidan munosabat bildirib, yangi tartib viloyatdan kelgan haydovchilarning poytaxtda ishlash imkoniyatini cheklashini qayd etdi.

Qodirovning ta’kidlashicha, cheklov yo‘llardagi tirbandliklarni kamaytirishi haqidagi fikrlar asossiz. Bu faqat yolg‘iz harakatlanuvchi avtomobillar sonini oshirishi mumkin.

Avvalroq Raqobat qo‘mitasi Uzum Market murojaati bo‘yicha YandexGo UB’ga qarshi ish qo‘zg‘atgani haqida xabar berilgandi.