Transport vaziri Ilhom Mahkamov haydovchilarga taksichilik qilish bo‘yicha hududiy cheklov joriy etilgani bo‘yicha izoh berdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Jurnalistlar bilan uchrashuvda vazir joriy yilning 2-aprelidagi hukumat qarorini litsenziyalovchi organ mas’ullari noto‘g‘ri talqin qilganini bildirgan.

Vazirlik matbuot xizmati ham qaror talablarini o‘z vaqtida tushuntirib bera olmaganini tan oldi. Tez orada batafsil axborot berilishi kutilmoqda.

12-iyun kuni O‘zbekistonda haydovchilarga taksichilik qilish bo‘yicha hududiy cheklov joriy qilingani ma’lum bo‘ldi. Yengil avtomobillarda yo‘nalishsiz taksi faoliyati bilan shug‘ullanuvchilar faqat litsenziya varaqasida ko‘rsatilgan va unga tutash hududlarda tashuvlarni amalga oshirishi mumkin.

Transport vazirligi axborot xizmati rahbari Navro‘z Ashurmatovning Gazeta’ga tasdiqlashicha, ushbu tartib kuchga kirib bo‘lgan. Vazirlik bu hukumatning 2011-yildagi yo‘nalishli taksilar faoliyatini tartibga soluvchi 139-sonli qarori bilan belgilangani, tegishli nizomda yo‘nalishli taksilar uchun yagona tanish belgilari va ularning faoliyat yuritishi uchun qo‘yilgan talablar mavjudligini qayd etgan.

Ashurmatov nizomning 5-bob 91-bandini keltirgan, unda haydovchi yo‘lovchilarni yo‘nalishsiz taksida tashishni litsenziya kartochkasida belgilangan hududda amalga oshirishi belgilangan.

Undan keyin Xalq demokratik partiyasi cheklov yuzasidan Transport vaziriga so‘rov yuborib, bu masalada aniq tushuntirish berishni so‘radi. Partiya bunday cheklovni joriy qilish uchun hech qanday huquqiy asoslar mavjud emasligini, bu konstitutsiyaviy me’yorlarga qarshi kelishini qayd etdi.

“Cheklov turli noqonuniy faoliyatlar boshlanishiga, haydovchilar ishiga to‘sqinlik qilishga, eng asosiysi, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari cheklanishiga olib keladi”, — deyiladi xabarda.

Yandex Go matbuot xizmati Spot so‘roviga javoban Yandex Taxi bilan hamkorlik qilgan va may oyida Toshkentda taksi xizmatini amalga oshirgan haydovchilarning 27%i O‘zbekistonning boshqa hududlarida ro‘yxatdan o‘tganini ma’lum qildi. Ularning umumiy soni 23 ming nafardan ortiqni tashkil etadi.

“Yil oxirigacha xizmatdan buyurtma olish uchun foydalanadigan 48 mingdan ortiq haydovchining litsenziyasi muddati tugaydi, ulardan 13 mingga yaqini poytaxtda ishlash va odatiy daromad olish imkoniyatidan mahrum bo‘lishi mumkin”, — deya izoh berdi Yandex Go.

Kompaniyaning qo‘shimcha qilishicha, Toshkentda haydovchining bir soatlik o‘rtacha daromadi O‘zbekiston hududlariga qaraganda taxminan 30% ga yuqori.

Shuningdek, Yandex Uzbekistan’ning davlat organlari bilan aloqalar bo‘yicha direktori Sardor Qodirov taksichilik qilish bo‘yicha hududiy cheklov yuzasidan munosabat bildirib, yangi tartib viloyatdan kelgan haydovchilarning poytaxtda ishlash imkoniyatini cheklashini qayd etdi.

Qodirovning ta’kidlashicha, cheklov yo‘llardagi tirbandliklarni kamaytirishi haqidagi fikrlar asossiz. Bu faqat yolg‘iz harakatlanuvchi avtomobillar sonini oshirishi mumkin.

Avvalroq Raqobat qo‘mitasi Uzum Market murojaati bo‘yicha YandexGo UB’ga qarshi ish qo‘zg‘atgani haqida xabar berilgandi.