Wildberries Toshkent viloyatida logistika xabini qurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati Spot’ga ma’lum qildi.

Wildberries and Russ birlashgan kompaniyasi bosh ijrochi direktori Robert Mirzoyan Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida poytaxt mintaqasida 180 ming kv.metr maydonga ega ombor qurish rejalari haqida so‘zlab berdi. Loyihaga kiritilgan investitsiyalar hajmi $150 mlnni tashkil etadi.

Ayni paytda Wildberries O‘zbekistondan mahsulot eksportini kengaytirish uchun 52 ming kv.metr ombor binosini ijaraga olgan.

Robert Mirzoyanning qayd etishicha, so‘nggi ikki yil ichida Wildberries’da o‘zbekistonlik sotuvchilarning sotuv hajmi $1 mlrddan oshgan (2023-yilda — $418 mln, 2024-yilda — $673 mln). Qirg‘iziston, Belarus va Qozog‘istonga mahalliy to‘qimachilik mahsulotlarini yetkazib berish ikki baravarga, eng yirik bozor — Rossiyada esa 63% ga oshdi.

Kompaniya ijrochi direktori Istiqbolli loyihalar milliy agentligi bilan hamkorlikda eksportchilar uchun “yashil yo‘lak"ni ishga tushirish bo‘yicha ish olib borilayotganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, bu o‘zbekistonlik tadbirkorlar uchun Wildberries’da transchegaraviy savdo qilish imkoniyatini osonlashtiradi.

2023-yilning oktabr oyida Wildberries Toshkent viloyatida ikkinchi logistika markazini qurish rejalarini ma’lum qilgandi. Marketpleys 150 ming kv.metr maydonga ega obyektni qurishga $140 mlngacha investitsiya kiritishni rejalashtirgan edi.

O‘tgan yilning aprelida Wildberries va Russ birlashgan kompaniyasi rahbari Tatyana Kim (ilgari — Bakalchik) marketpleysning O‘zbekistonda ikkinchi logistika markazini qurish rejalari borligini tasdiqladi.

“O‘zbekistonda logistika markazini qurish rejalari o‘zgargani yo‘q va o‘zgarishi ham dargumon. Birinchidan, mamlakatda iste’molchilar nuqtayi nazaridan juda katta bozor mavjud. Ikkinchidan, biz uchun xaridorlarni jalb qilishdan (garchi bu saqlanib qolsa ham) ham muhimroq narsa, fikrimcha, hozir ishlab chiqaruvchilar uchun kurash ketmoqda”, — degandi Kim.

2024-yil yakunlariga ko‘ra, Wildberries’da O‘zbekistondan sotilgan tovarlarning umumiy hajmi 61,3% ga o‘sdi. Rossiyada oziq-ovqat mahsulotlariga, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda avtomobil tovarlari va kiyim-kechaklarga talab sezilarli darajada ortgan.

Joriy yilning aprel oyida Wildberries Toshkentda yangi saralash markazini ochdi. Logistika obyekti Qibray tumanidagi avvalgi obyekt o‘rnini egalladi va undan poytaxtdagi BBPlariga yetkazib berish muddati 12 soatgachani tashkil etadi. Saralash markazi to‘liq ishga tushgach, kuniga 100 minggacha buyurtmani qayta ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Avvalroq Wildberries O‘zbekistonda buyurtmalarni kuryer orqali yetkazib berishni yo‘lga qo‘ygani haqida xabar berilgandi.