Polshaning LPP Group kompaniyasi 2025-yil oxirigacha O‘zbekistonda 20 ta Sinsay do‘konini ochishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 3-iyun kuni kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Boshqaruv vitse-prezidenti, LPP moliyaviy direktori Marsin Boyko Markaziy Osiyo bozoriga kirish to‘g‘risidagi qaror chuqur tahlildan so‘ng qabul qilinganini aytdi.

O‘zbekiston va Qozog‘istonning demografik salohiyati Sinsay chakana savdo tarmog‘ini kengaytirish uchun zamin yaratadi, dedi u.

Boshqa bir omil — mahalliy mijozlarning iste’mol odatlaridagi o‘zgarish. Hozirgi kunda Qozog‘iston va O‘zbekistonda iste’molchilarning taxminan 45 foizi kiyim-kechakni mahalliy bozorlardan xarid qilmoqda. Bu ko‘rsatkich 2022−2023 yillardagi 60 foizga nisbatan pastroq.

LPP kompaniyasi ushbu tendensiyani zamonaviy chakana savdoni rivojlantirishning o‘sib borayotgan imkoniyati belgisi sifatida baholamoqda.

Bundan tashqari, aholining asosan yosh tarkibi — har bir oilaga o‘rtacha 3−4 nafar bola — bolalar va ayollar kiyimlari, shuningdek, uy-ro‘zg‘or buyumlariga barqaror talabni shakllantiradi.

“Ko‘plab xorijiy brendlar faqat poytaxt va yirik shaharlarda, asosan franshiza asosida faoliyat yuritayotganini payqadik. Biz esa boshqalar borishga botina olmagan joylarga kirib borishga intilamiz. Sinsay strategiyasi nafaqat savdo markazlarida, balki odamlar haqiqatan ham yashaydigan va kundalik xaridlarini amalga oshiradigan markaziy ko‘chalar hamda turar-joy hududlarida ham do‘konlar ochishni ko‘zda tutadi”, — deya ta’kidladi LPP kompaniyasi vitse-prezidenti Marchin Pexotski.

Avgust oyida Toshkentda Sinsay’ning birinchi do‘koni ochilishi rejalashtirilmoqda. Keyinchalik savdo shoxobchalari Buxoro, Samarqand va Andijonda ham paydo bo‘ladi. 2025-yil oxiriga kelib butun mamlakat bo‘ylab 20 dan ortiq do‘kon faoliyat yuritadi.

Bundan tashqari, LPP Qozog‘istondagi kengayishini qayta boshlashni rejalashtirmoqda: 2024-yilga kelib, hozirgi 24 ta do‘kondan iborat tarmoq 60 ta savdo nuqtasigacha kengaytiriladi. Kompaniya o‘z rivojlanishini xalqaro brendlarning mavjudligi cheklangan kichik shaharlarga qaratadi.

Sinsay O‘zbekiston va Qozog‘istondan tashqari yana uchta bozorni o‘zlashtirishni rejalashtirmoqda. Joriy yilning uchinchi choragida brend Ozarbayjon va Tbilisida o‘z faoliyatini boshlaydi, 2026-yilning birinchi choragida esa Moldovaga kirib borishi ko‘zda tutilgan.


Avvalroq Alshaya Group O‘zbekistonda “mashhur brendlar do‘konlari"ni ochishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.