Xalqaro chakana franshiza operatori Alshaya Group O‘zbekistonda mashhur brendlarning do‘konlarini ochishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
13-iyun kuni ISSV rahbari Laziz Kudratov xalqaro Alshaya Group boshqaruvi raisi Muhammad Alshaya bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Tomonlar O‘zbekistonda taniqli brendlar do‘konlarini ochish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Alshaya Group O‘zbekistonni barqaror o‘sayotgan iste’mol sektori, sarmoyadorlar uchun jozibador muhit va mamlakatning demografik salohiyati sababli Markaziy Osiyodagi istiqbolli bozor sifatida ko‘rib chiqmoqda.
“Kompaniya vakillari uzoq muddatli loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirar ekan, yaqin vaqt ichida ilk savdo nuqtalarini ishga tushirish rejalari bilan bo‘lishdilar. Uchrashuv davomida brendlarning O‘zbekiston bozoriga muvaffaqiyatli kirib borishi uchun aniq amaliy choralar kelishib olindi”, — deyiladi vazirlik xabarida.
Alshaya Group — Starbucks, H&M, Mothercare, Debenhams, American Eagle Outfitters, PF Chang‘s, The Cheesecake Factory, The Body Shop, MAC, Victoria’s Secret, Boots, Pottery Barn va KidZania kabi brendlarning chakana franchayzing operatori hisoblanadi.
2020-yil yanvar oyida Toshkentning sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va Alshaya Group kompaniyasining mintaqaviy vakili Nenji Menxotra Toshkentda dunyoga mashhur Starbucks qahvaxonalari tarmog‘ini ochish istiqbollarini muhokama qilgan edi.
Uтda Alshaya Group Starbucks qahvaxonalari tarmog‘i va jahon brendiga mansub mehmonxonalarni ochish loyihasini amalga oshirish uchun joylashuv o‘rnini tanlash hamda zarur hujjatlarni tayyorlash ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.
Alshaya kompaniyalar guruhi 1890-yilda asos solingan. U Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Rossiya, Turkiya va Yevropada keng tarqalgan xalqaro chakana franshiza operatoridir. Alshaya portfelida Starbucks, H&M, Victoria’s Secret kabi 90 ga yaqin brend mavjud bo‘lib, uning boshqaruvi ostida 4000 dan ortiq kiyim-kechak, pardoz-andoz, oziq-ovqat, ko‘zoynak, dori-darmon, uy-ro‘zg‘or va dam olish mahsulotlari do‘konlari faoliyat yuritadi. Kompaniya aktivlari tarkibiga ko‘chmas mulk, qurilish, sayyohlik infratuzilmasi va avtomobil savdosi sohalaridagi korxonalar ham kiradi. Xodimlarning umumiy soni 53 mingdan oshadi.
Avvalroq Spot Agalarov Development Chorvoqdagi Sea Breeze Uzbekistan loyihasiga $5 mlrd yo‘naltirishi haqida yozgandi.
ISSV Ozarbayjon kompaniyasi bilan kelishuv imzoladi. Umummavsumiy kurort loyihasida jami 577 gektar, jumladan, birinchi bosqichda 100 gektar yer maydonida qurilish ishlari amalga oshiriladi.