Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi Toshkent shahar davlat soliq bosh boshqarmasining sobiq boshlig‘i Yunusjon Nasimjonovning ishini ko‘rib chiqishni boshladi. Bu haqda Oliy sud axborot tizimida xabar berildi.

Nasimjonov Jinoyat kodeksining ikkita moddasi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan ishda gumon qilinuvchi hisoblanadi:

  • 167-modda 3-qismi “a” bandi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, juda ko‘p miqdorda — BHMning 300 baravaridan 600 baravarigacha (132−264 mln so‘m) miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi);
  • 205-modda 2-qismi “a” bandi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilish, juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda).

Shuningdek, mazkur ish bo‘yicha ilgari Bosh prokuraturaning Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti poytaxt boshqarmasiga rahbarlik qilgan Alisher G‘aniyev ham ayblanuvchi sifatida o‘tmoqda. U Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi “a” bandi, shuningdek, 223-moddasi 2-qismi “v” va “g” bandlari (Qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan; chet elga chiqishi uchun maxsus kelishuv talab qilinadigan mansabdor shaxs tomonidan) bo‘yicha jinoyatlarda gumon qilinmoqda.

Yunusjon Nasimjonov 2021-yildan buyon poytaxt soliq boshqarmasiga rahbarlik qilib kelgan. Joriy yilning yanvar oyida Shavkat Mirziyoyev uni lavozimidan ozod etishni va xufiyona iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha ishini “mutlaqo qoniqarsiz” deb atab, uning harakatlariga huquqiy baho berishni talab qilgan edi.

Prezident ayrim soliq idoralari rahbarlari tomonidan “qo‘shtirnoq ichidagi tadbirkorlar"ga homiylik qilish holatlarini qayd etib, tekshiruvlar davomida 70 mlrd so‘mlik hisobga olinmagan soliqlar aniqlanganini ma‘lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki yil ichida 19 nafar soliq inspeksiyasi xodimi korrupsiya uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.

O‘shanda davlat rahbari Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayevni “beparvoligi va mas‘uliyatsizligi” uchun ishdan bo‘shatganini e‘lon qilib, budjetdan QQSni noqonuniy qoplash holatlarini ko‘rsatib o‘tgan edi. Iyul oyida jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi amaldorni talon-toroj qilish, mansab vakolatini suiiste‘mol qilish va hokimiyat harakatsizligi uchun 8 yil-u 2 oyga ozodlikdan mahrum qildi.


Spot avvalroq Namangan shahri sobiq hokimi 11 yilga qamalgani haqida yozgandi.