Jinoyat ishlari bo‘yicha O‘zbekiston tuman sudi 7-avgust kuni Namangan shahrining sobiq hokimi Anvarjon Otaxodjayevga nisbatan hukm chiqardi. Bu haqda Farg‘ona viloyati sudlari matbuot xizmati xabar berdi.

Sud hukmiga ko‘ra, sobiq hokim Jinoyat kodeksining o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, firibgarlik, mansab vakolatini suiiste‘mol qilish, mansab vakolati doirasidan chetga chiqish, mansabga sovuqqonlik bilan qarash, mansab soxtakorligi hamda pora olishni nazarda tutuvchi moddalarida aybdor deb topildi.

Unga 3 yil davomida mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilishjazosi tayinlandi.

Shuningdek, mazkur jinoyat ishi bo‘yicha yana uch nafar sudlanuvchiga 7 yildan 10,5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, ikki nafariga 2 yil 6 oy axloq tuzatish ishlari, yana bir nafariga esa 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Birinchi instansiya sudi hukmi ustidan qonunda belgilangan tartib va muddatlarda Farg‘ona viloyat sudiga apellyatsiya yoki kassatsiya shikoyati berilishi, shuningdek, protest keltirilishi mumkin.

O‘tgan yilning sentyabrida Namangan shahar hokimi $60 ming pora olganida ushlangandi. U fuqarodan 35 sotix yerdagi eski turar-joy o‘rniga ko‘p qavatli uy barpo etish huquqini olib berish uchun pul talab qilgan. Mablag‘ni hokimlikning devonxona mudiri orqali korxona rahbaridan olayotganda qo‘lga olingan.

Oktabr oyida esa Markaziy bank raisi o‘rinbosari Ayubxon Kamalov Namangan shahri hokimi etib tayinlangandi.

Joriy yilning fevral oyida Sharof Rashidov tumani sobiq hokimi 11 yilga qamalgandi.

Spot, avvalroq, Soliq qo‘mitasi raisining sobiq birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev 8 yilga ozodlikdan mahrum qilingani haqida yozgandi.