Kapitalbank dunyodagi yirik moliyaviy institutlardan biri va AQShning eng qadimgi banklaridan biri bo‘lgan The Bank of New York Mellon’da (BNY) AQSh dollarida korrespondentlik hisob raqamini ochdi.

Hisob raqamning ochilishi Kapitalbank’ning korrespondentlik tarmog‘ini mustahkamlaydi va AQSh dollaridagi to‘lovlar bilan ishlash imkoniyatlarini kengaytiradi. BNY bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik xalqaro to‘lovlar samaradorligini oshirish hamda bankning to‘lov infratuzilmasini diversifikatsiya qilishga xizmat qiladi.

Tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi Kapitalbank mijozlari uchun bu xorijiy kontragentlar bilan hisob-kitob qilishda qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

“BNY'da korrespondentlik hisob raqamining ochilishi Kapitalbank xalqaro infratuzilmasini rivojlantirishdagi muhim bosqichdir. Biz uchun bu nafaqat AQSh dollarida hisob-kitoblarni amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytirish, balki komplayens jarayonlarini rivojlantirish hamda biznes yuritishning xalqaro standartlariga rioya etish bo‘yicha olib borilgan izchil ishlar natijasidir. Mijozlarimizga xalqaro amaliyotlar uchun kengroq imkoniyatlar yaratish maqsadida yetakchi global moliyaviy institutlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri munosabatlarni o‘rnatishda davom etamiz”, — deydi “Kapitalbank” ATB boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Sardor Ismailov.

Bugungi kunda Kapitalbank 17 ta xorijiy bank bilan korrespondentlik munosabatlarini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Bu esa AQSh dollari, yevro, Britaniya funt sterlingi, Shveysariya franki, Xitoy yuani va boshqa valyutalarni o‘z ichiga olgan asosiy jahon va mintaqaviy valyutalarda hisob-kitoblarni amalga oshirishni ta’minlaydi.

BNY (The Bank of New York Mellon) — 1784-yilda tashkil etilgan AQShning eng qadimgi banklardan va yirik global moliyaviy institutlardan biri. Bank aktivlarni boshqarish, qimmatli qog‘ozlarga xizmat ko‘rsatish va korporativ bank sohasidagi xizmatlarni taqdim etadi.

Reklama huquqlari asosida.