O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasida (O‘zRTXB) propan narxi ikki kun ichida qariyb 65% ga oshib, tarixiy maksimumni yangiladi. Bu Spot o‘rgangan birja savdolari ma’lumotlarida ma’lum bo‘ldi.

16-sentabr kuni propanning bir tonnasi 7,412 mln so‘m bo‘lgan. Ertasi kuni narx 11,904 mln so‘mgacha (+60,6%) oshgan, 18-sentabrda esa 12,217 mln so‘mga (+2,6%) yetgan.

Shunday qilib, ikki kun ichida propan narxi 4,8 mln so‘m yoki qariyb 65% ga oshgan. Shu davrda savdo hajmi ham 666 tonnadan 1114 tonnagacha, ya’ni 67,2% ga ko‘paygan.

Spot ma’lumotlariga ko‘ra, 17-sentabrdan birja savdolarida ishlab chiqariladigan va import qilinadigan suyultirilgan gazni sotish narxining o‘sishiga belgilangan cheklov bekor qilingan. Bu qaror Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining 16-sentabrdagi ko‘rsatmasiga muvofiq qabul qilingan.

Shu bilan birga, boshqa cheklov saqlanib qolgan: birja suyultirilgan gaz importchilari va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning boshlang‘ich narxi bir tonnasi uchun 7,5 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan takliflarini qabul qilmaydi.

Ya’ni, boshlang‘ich narx bo‘yicha cheklov saqlanib qolgan, biroq savdo jarayonida narxning maksimal o‘sishi avvalgidek yuqori chegara bilan tartibga solinmaydi.

Avvalroq monopoliyaga qarshi organ birjada propan narxining o‘sishini cheklagan edi. 2024-yil noyabr boshida sotuvchining boshlang‘ich narxiga nisbatan 20% lik cheklov joriy etilgan. Bu suyultirilgan gaz narxi bir tonnasi uchun 10,1 mln so‘mdan oshganidan so‘ng amalga oshirilgan.

12-yanvardan boshlab birja savdolarida propan sotish narxining maksimal o‘sishi boshlang‘ich narxning 20% idan 10% igacha pasaytirilgan.

Bunda ishlab chiqaruvchi va importchilarning boshlang‘ich narxi bir tonnasi uchun 7,5 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan takliflari qabul qilinmagan. Shunday qilib, ushbu cheklov amal qilgan davrda birjadagi maksimal narx bir tonna uchun 8,25 mln so‘mni tashkil etgan.


Avvalroq Spot O‘zbekneftgaz gaz kondensati, oltingugurt va propan ishlab chiqarishni 20% ga oshirmoqchiligi haqida yozgandi.