Ozarbayjonning Agalarov Development kompaniyasi prezidenti Emin Agalarov Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida Sea Breeze Uzbekistan xalqaro sayyohlik markazini qurish loyihasi bilan bog‘liq ekologik xatarlar yuzasidan izoh berdi.

Tadbirkorning Instagram’dagi sahifasida foydalanuvchilar Chorvoq suv ombori qirg‘og‘ida umummavsumiy kurort qurilishi tufayli atrof-muhit ifloslanishi mumkinligidan xavotir bildirib, salbiy izohlar qoldirdilar.

“Birinchidan, ekologiya bizning eng muhim ustuvor vazifamizdir. Hamma joyda tozalash inshootlari bo‘lishi, suvga ortiqcha hech narsa tashlanmasligi kerak. Butun Toshkentni suv bilan ta’minlaydigan asosiy suv ombori Chorvoqdir. Biz uni nafaqat saqlab qoldik, balki imkon qadar yaxshiladik. Boshqa tomondan, O‘zbekiston aholisi va sayyohlar foydalana oladigan turistik hudud yaratmoqchimiz. O‘zbekistonning o‘z dengizi yo‘q, ammo dengiz o‘rnini bosa oladigan suv ombori bor”, — dedi u.

Emin Agalarov Chorvoqda Dream Fest xalqaro musiqa festivalini o‘tkazish, shuningdek, “ko‘plab restoran operatorlari"ni jalb qilish rejalari haqida gapirdi. Sea Breeze Uzbekistan arxitekturasi apart-hotel, mehmonxonalar va sotish va ijaraga beriladigan kvartiralarga ega kurort bo‘ladi.

Yana bir videoda Agalarov Development prezidenti Sea Breeze Uzbekistan g‘oyasini prezidentga taqdim etishdan to iyun oyida boshlanadigan loyihani amalga oshirishgacha bo‘lgan butun jarayon atigi 6−7 oy davom etganini qayd etdi.

“Tushunamanki, agar hammasi yaxshi bo‘lsa va jamoam barchasini uddalay olsa, kelasi yozda biz ilk obyektlarni ko‘rsatamiz. Chorvoqqa kelib, festival va konsert o‘tkazish, eng muhimi, tushlik, kechki ovqat, quyoshda toblanish va hozirda Bokuda mavjud Sea Breeze loyihasining bir qismini Chorvoqda ham his etish mumkin bo‘ladi”, — dedi Agalarov.

Bundan tashqari, ozarbayjonlik tadbirkor O‘zbekiston delegatsiyasi bilan Sea Breeze Uzbekistan loyihasi taqdimotini o‘tkazdi, unda Toshkent hokimi Shavkat Umurzakov va uning investitsiyalar, sanoat va savdo bo‘yicha o‘rinbosari Sharof Rahmonov ishtirok etdi. Poytaxt hokimligi matbuot xizmati hokimning Bokuga tashrifi haqida xabar bermagan.

Videoda Emin Agalarov umummavsumiy kurortning qirg‘oq chizig‘i maketini namoyish etib, dastlab 2 km masofani o‘zlashtirish rejalashtirilganini, biroq loyihaning yangilangan versiyasida uzunlik 6 km.gacha uzaytirilganini ta’kidladi. “Loyihaning bosh rejasi to‘liq tayyor”, — deya qo‘shimcha qildi u.

“Avval bizgacha [Sea Breeze’dan Boku markazigacha — Spot izohi] 53 km edi, hozir esa — 22 km. Ya’ni inson yil bo‘yi yashashi va ishga borishi mumkin, chunki 25−30 daqiqalik yo‘l unchalik ham qo‘rqinchli emas. Tushunishimizcha, bugungi kunda xaridorlarning 82%i mahalliy aholi”, — deya xulosa qildi tadbirkor.

Avvalroq Agalarov Development Chorvoqdagi Sea Breeze Uzbekistan loyihasiga $5 mlrd yo‘naltirishi ma’lum qilingandi.

IV Toshkent Xalqaro investitsiya forumi doirasida Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Ozarbayjon kompaniyasi bilan kelishuv imzoladi. Umummavsumiy kurort loyihasida jami 577 gektar, jumladan, birinchi bosqichda 100 gektar yer maydonida qurilish ishlari amalga oshiriladi.

Sea Breeze Uzbekistan

2024-yilning dekabr oyi oxirida ozarbayjonlik tadbirkor Emin Agalarov Chorvoq suv ombori bo‘yida Sea Breeze Uzbekistan xalqaro turizm markazini qurish loyihasini prezidentga taqdim etdi.

Loyiha doirasida turizm markazida dam olish, cho‘milish va sport maskanlari, mehmonxonalar, kottejlar, turar joylar tashkil etiladi. Xalqaro brendlarning do‘konlari, restoran va xizmat shoxobchalari ochiladi. Emin Agalarov markazda maktab, akvapark va istirohat bog‘lari bo‘lishini qayd etdi. Bu yerda suv va qishki sport turlari bilan shug‘ullanish uchun sharoit yaratiladi.

“5−7 mln kv.metrga mo‘ljallangan salohiyatli bu loyiha mamlakatning eng yaxshi kurort zonasidan biriga aylanadi degan umiddaman. Bu yerda odamlar yil davomida yashashlari va dam olishlari mumkin. Xatto, sotib olib, uni ijaraga berish mumkin bo‘ladi”, — dedi tadbirkor.

Undan keyin prezident ushbu turizm markazining qiymati $7−10 mlrdga baholanganini ma’lum qilgandi. Aprel oyida Emin Agalarov Shavkat Mirziyoyevga Sea Breeze Uzbekistan xalqaro turizm markazining master-rejasini taqdim etdi. Turizm markazini 10 ta kichik hududga bo‘lib qurish ko‘zda tutilmoqda. Ularning har biri piyoda borish mumkin bo‘lgan ko‘ngilochar maskan va xizmatlarni qamrab oladi.

Suv bo‘yida xiyobon, plyaj va dam olish joylarini tashkil etish, qiyaliklarda esa mehmonxonalar, kottejlar, uylar, restoranlar qurish rejalashtirilgan. Bu yerda madaniyat, ta’lim, tibbiyot, sport maskanlari yaratiladi. Bu orqali esa sayohat bilan birga, keluvchilarga yil davomida yashash imkoniyatini yaratish ko‘zda tutilgan.

Emin Agalarov bu qariyb 6,5 mln kv metr maydonni egallovchi yangi shahar bo‘lishi va bosqichma-bosqich bunyod etilishini ma’lum qildi. “Biz harakatlarni tezlashtirib, shu yozda qurilish jarayonlariga faol kirishamiz”, — dedi u.

Iyun oyi boshida Agalarov Development prezidenti xalqaro sayyohlik markazi hududini birinchi marta ko‘zdan kechirdi. Agalarov bo‘lajak sayyohlik markazini aylanib chiqib, bir yil ichida natijani ko‘rsatishga va’da beradi. U birinchi ko‘chmas mulkni namoyish etish uchun mulk egalari, ijaraga beruvchilar va mehmonlarni tashish maqsadida qayiq va paromlar o‘rnatishni taklif qilgan.

“Birinchi bosqichda biz 100 gektarga yaqin maydonni o‘zlashtirishni taklif qilishga qaror qildik. Hozirda bosh rejani ishlab chiqish ishlarini davom ettiryapmiz va u yerda mavjud Sea Breeze [Boku]da bunyod etilgan binolarga o‘xshash inshootlarni qurishni rejalashtirmoqdamiz. Ularni mahalliy me’yorlarga moslashtirish oson. Aynan shu yozning o‘zidayoq qurilishni boshlash mumkin”, — dedi Emin Agalarov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilda kanalizatsiya, suv va gaz ta’minoti kabi barcha turdagi kommunikatsiyalarni o‘tkazish rejalashtirilgan. Loyiha “Chorvoq oromgohi” (Piramida) dam olish maskanidan boshlanadi. Unga qarama-qarshi tomonda maydoni 500 gektar va uzunligi taxminan 5−6 km bo‘lgan sohil joylashadi.

Chorvoq suv omborining qarama-qarshi qirg‘oqlarida joylashgan Sea Breeze Uzbekistan loyihasining ikki qismini bog‘lash uchun 1100 metr uzunlikdagi ko‘prik barpo etiladi. Uning qurilishi bilan esa yaqin vaqt ichida davlat shug‘ullanadi.

E’lon qilingan kadrlarga ko‘ra, Sea Breeze Uzbekistan’ning Yakkatut va Boladala aholi punktlari oralig‘idagi hududni egallagan shimoliy qismida villalar, mehmonxonalar, turar joylar, restoranlar va boshqa obyektlar quriladi.

Turistik markaz loyihasini amalga oshirish uchun tanlangan yer uchastkalarining umumiy maydoni 679 gektardan ortiqni tashkil etadi. Shundan sug‘orilmaydigan yerlar — 480,14 gektar, sug‘oriladigan yerlar — 37,22 gektar va qolgan toifalar 161,7 gektardir.

Avvalroq Fransiyaning MND kompaniyasi Shohimardonda 45 mln yevrolik turistik zona tashkil etishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. Uning doirasida tog‘li hududda arqon yo‘li, osma ko‘prik, ekstremal sakrash hududi, tomosha yo‘laklari va maydonlari, turli attraksionlar quriladi.