17-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev Ostona shahrida “Markaziy Osiyo — Xitoy” ikkinchi sammitida ishtirok etib, nutq so‘zladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari tayyorlangan hujjatlar, Ostona deklaratsiyasini, cho‘llanishdan ogohlantirish, ta’lim sohasida hamkorlik, kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shma markazlar, shuningdek, Markaziy Osiyo va Xitoy uzluksiz savdo platformasi ishga tushirilganini qo‘llab-quvvatladi.

Markaziy Osiyo mamlakatlarining Xitoy bilan umumiy savdo aylanmasi joriy yilda deyarli $100 mlrdga yetishi kutilmoqda. Qo‘shma korxonalar va loyihalar soni 10 mingdan ortiqni tashkil etadi.

Prezident qabul qilinayotgan mamlakatlar o‘rtasidagi Abadiy yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani tarixiy voqea, deb baholadi.

Yangi iqtisodiy sheriklik dasturini aniq vazifalar bilan to‘ldirish, o‘zaro savdo va investitsiyalarni kengaytirish bo‘yicha loyihalar portfelini shakllantirish uchun mamlakatlar bosh vazir o‘rinbosarlari darajasida Savdo va investitsiyalar bo‘yicha mintaqalararo kengash ta’sis etish taklif etilidi.

“Savdo aloqalarini rag‘batlantirish maqsadida „Raqamli belbog‘ va yo‘l“ doirasida „Raqamli Ipak yo‘li“ ko‘ptomonlama savdo platformasini tashkil etish tarafdorimiz”, — dedi prezident.

Toshkentda reglament va standartlarni yaqinlashtirish, Xitoy talablari bo‘yicha eksport mahsulotlarini sertifikatlashtirish masalalari bilan shug‘ullanadigan Sanoat standartlashtirish va sertifikatlashtirish mintaqaviy markazini yaratish dolzarbligi bildirildi.

energetika, markaziy osiyo, prezident, texnologiyalar, xitoy

Biznes, yetakchi tadqiqot institutlari va muhandislik markazlarini jalb etgan holda, texnologiyalar transferi bo‘yicha alohida “yo‘l xaritasi"ni qabul qilish, “Markaziy Osiyo — Xitoy” sanoat va infratuzilmaviy belbog‘ini yaratishga qaratilgan uzoq muddatli strategiyani ishlab chiqish taklif etildi.

Davlat rahbariga ko‘ra, energetika vazirlari Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoy energetika tizimlarini bog‘lash, jumladan, yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini qurish bo‘yicha mega-loyihalarni amalga oshirish masalalarini diqqat bilan o‘rganishlari lozim.

Mintaqaviy ahamiyatga ega yirik loyihalarni qo‘llab-quvvatlovchi moliyaviy vositalarni joriy etish masalasi dolzarbligi aytildi. Amaldagi xalqaro mexanizmlar mintaqaning investitsiyaga bo‘lgan talabini to‘liq qoplay olmayapti.

Ekspertlarning xulosasiga ko‘ra, Markaziy Osiyoni infratuzilmaviy rivojlantirishda kapital qo‘yilmalar taqchilligi bir necha yuz milliard dollar deb baholanmoqda.

“Shu munosabat bilan infratuzilmalarga oid tashabbuslarni ilgari surishda samarali platformaga aylanishi mumkin bo‘lgan „Markaziy Osiyo — Xitoy“ taraqqiyot jamg‘armasini ta’sis etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqdir”, — dedi prezident.

Transport sohasidagi umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish uchun transport idoralariga dala tadqiqotlarini olib borish, logistika infratuzilmasini modernizatsiya qilish imkoniyatlarini o‘rganish, muqobil yo‘laklar bo‘yicha yuklarni tashish borasida sinov tariqasidagi loyihalarini amalga oshirish uchun ekspertlar guruhlarini shakllantirish yuzasidan topshiriq berish zarurligi ta’kidlandi.

Bunda transport yo‘laklari va tranzit infratuzilmalarining yagona xaritasini shakllantirish uchun aniq va asoslangan takliflar ishlab chiqilishi lozimligi, 2030-yilgacha mo‘ljallangan “Yashil” rivojlanish dasturini qabul qilish va uni amalga oshirishga imkon qadar tezroq kirishish muhimligi aytildi.

Prezident cho‘llanishga qarshi kurashish, degradatsiyaga uchragan yerlarni qayta tiklash, qurg‘oqchil va cho‘l hududlarda bioekologik barqarorlikni oshirish sohasida muloqot va sheriklik uchun Ekologik alyansni tuzishni taklif qildi.

Xitoy tajribasi va uslubidan foydalangan holda, mintaqada kompleks ko‘kalamzorlashtirish va pitomniklar yaratish, biomuhandislik, biomonitoring stansiyalarini rivojlantirishni, ijtimoiy-ta'lim dasturlarini qamrab olgan sinov tariqasidagi loyihalarni amalga oshirish mumkin.

energetika, markaziy osiyo, prezident, texnologiyalar, xitoy

“Ishonchim komilki, sun’iy intellekt va choklanmagan, transchegaraviy elektron kanallar asosida ishlaydigan katta ma’lumotlar bazalari va protsessing markazlarining O‘zaro integratsiyalashgan banklar tarmog‘ini yaratish iqtisodiy hamkorlikning barqaror raqamli infratuzilmasini shakllantirish imkonini beradi”, — dedi prezident.

Asosiy energetika va transport yo‘nalishlari bo‘ylab “Markaziy Osiyo — Xitoy” optik tolali aloqa tarmog‘ining raqamli trassasini barpo etish zarur. Bu onlayn savdo, “aqlli” logistika, bulutli texnologiyalar va sun’iy intellekt — Sian deklaratsiyasida o‘z ifodasini topgan raqamli kun tartibining barcha yo‘nalishlarini yanada rivojlantirish uchun asos yaratadi.

“Ipak yo‘li madaniy merosi” yagona raqamli portalini yaratish taklif qilindi. U Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoyning tarixiy-madaniy resurslarini, ulardan tadqiqotchilar, talabalar, sayyohlar va kreativ sanoat vakillarining foydalanishiga imkon bergan holda, birlashtiradi.

Professional ta’lim sohasida hamkorlik dasturlarini ishlab chiqish, universitetlar rektorlari forumlarini o‘tkazish, ilmiy akademiyalar va ilmiy-tadqiqot markazlari rahbarlari uchrashuvlarini tashkil etish orqali umumiy ilmiy-ta'lim platformalarini shakllantirish maqsadga muvofiqligi bildirildi.

Avvalroq Xitoy O‘zbekistonning JSTga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarni yakunlash to‘g‘risidagi protokolni imzolagani haqida xabar berilgandi.