Raqobat qo‘mitasi tomonidan hududlardagi ayrim avtobus bekatlarida kamchiliklar aniqlandi.
Qo‘mitaga ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari hamda fuqarolar tomonidan murojaatlar kelib tushgan. Ularda avtobus bekatlari belgilangan talab darajasida emasligi va yo‘lovchilar uchun yetarli darajada qulayliklar yaratilmaganligi yuzasidan e’tirozlar bildirilgan.
Natijada Raqobat qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan tanlanma usulda 2 800 tadan ortiq bekatlar faoliyati o‘rganib chiqilib, shundan 1763 tasi belgilangan normalarga nomuvofiq faoliyat ko‘rsatayotgani aniqlandi.
Xususan, eng ko‘p holatda, 412 ta bekatning kutish zallarida elektr yoritgichlar o‘rnatilmagani, 387 tasida nogironlar uchun maxsus ko‘tarma panduslar mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi.
286 ta bekatda kutish zalining uchta tomoni yo‘lovchilarni issiq va sovuqdan himoyalovchi maxsus to‘siqlar bilan yopilmagan, 210 tasida kutish zallarida savdo shoxobchalari joylashtirilgan, 57 tasida esa yomg‘ir, qor va shamolli kunlarda yo‘lovchilar uchun pavilon mavjud emas.
Shuningdek, 156 ta holatda bekat nomi yozilgan ko‘rsatkich qo‘yilmagani, 255 tasida yo‘nalishning tartib raqami mavjud emasligi kuzatildi.
Mamlakatda avtomobil yo‘llaridagi avtobus bekatlariga qo‘yiladigan umumiy talablarning davlat standartida (O‘zDSt 3196−2017-son) quyidagi talablar belgilangan:
- sovuq va issiq havodan yo‘lovchilarni himoya qilish maqsadida kutish zallarining kamida 3 ta tomoni maxsus to‘siqlar bilan yopilgan bo‘lishi;
- qatnovlarning tig‘iz paytida mazkur bekatlar maydoni 4 ta yo‘lovchi uchun kamida 1 kv.metrni tashkil etishi;
- savdo shoxobchalari kutish zallaridan tashqarida joylashishi;
- nogironlar uchun maxsus ko‘tarma panduslar bo‘lishi;
- kutish zalining har 10 kv.metri uchun kamida 1 ta o‘rindiq o‘rnatilishi;
- kutish zallarida yo‘lovchilar uchun qo‘shimcha chiqish eshiklari mavjud bo‘lishi;
- bekat tashqarisi hamda kutish zaliga alohida chiqindi qutilari o‘rnatilishi;
- kutish zallari elektr yoritgichlar bilan ta’minlangan bo‘lishi;
- bekat konstruksiyalarida reklamalarni joylashtirishga ruxsat bermaslik.
Shuningdek, hukumatning 2003-yilning noyabridagi 482-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Avtomobil transportida yo‘lovchilar va bagajni tashish qoidalari"da shahar atrofi yo‘nalishlaridagi bekatlar yo‘lovchilarning u yerga xavfsiz va qulay kelishini ta’minlashni hamda qonunchilik talablarini hisobga olgan holda joylashtirilishi kerak.
Shuningdek, ularda pavilonni joylashtirish va yo‘lovchilar bekatga kelishi uchun sfaltlangan maydoncha va yo‘lkalar, yomg‘ir, qor, shamoldan himoyalanish uchun pavilon, bekatning nomi hamda yo‘nalishlar ko‘rsatkichlari bo‘lishi kerak.
Qo‘mita aniqlangan kamchilik va qonunbuzilish holatlarini bartaraf qilish yuzasidan Transport vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga tegishli ko‘rsatma yubordi.
Bundan tashqari, Raqobat qo‘mitasi “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunning 4-moddasi bilan tovar (ish, xizmat) ning xavfsiz bo‘lishi, hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulki uchun xavfli nuqsoni bo‘lgan tovar (ish, xizmat), ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) ning g‘ayriqonuniy harakati (harakatsizligi) tufayli yetkazilgan moddiy ziyon, ma’naviy zararning to‘liq hajmda qoplanishi huquqiga ega ekanligini eslatdi.
Ushbu qonunning 12-moddasiga asosan iste’molchi o‘zi sotib olgan tovar (ish, xizmat) sanitariya-gigiyena, shu jumladan, radiologiya, epidemiyaga qarshi talablarga va amaldagi boshqa normalar hamda qoidalarga rioya etgan holda ishlab chiqarilgan yoki bajarilgan bo‘lishiga va uning hayoti, sog‘lig‘i, atrof-muhit uchun xavfsiz bo‘lishiga, shuningdek, uning mol-mulkiga zarar yetkazmasligiga kafolat berilishini talab qilish huquqiga ega ekanligi belgilangan.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi YandexGo UB’ga nisbatan “Raqobat to‘g‘risida"gi qonun talablarini buzish alomatlari bo‘yicha ish qo‘zg‘atgani haqida xabar berilgandi.