Mirobod tumanidagi Taras Shevchenko “gastronomik” ko‘chasi qurilishining ikkinchi bosqichi yakunlandi, deya xabar bermoqda tumani hokimligi matbuot xizmati.

Ko‘cha qurilishining ikkinchi bosqichi 2024-yilning 22-oktabr kuni boshlangan edi. Qurilish ishlari 8 oy davom etdi.

Mazkur loyiha doirasida 2200 kvadrat metr yo‘lak ta’mirlandi va 2700 kvadrat mert maydonga tosh yotqizildi hamda 650 kvadrat metr maydon asfalt qilindi. Shuningdek, 3300 dona buta va 20 dona manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib, 2000 kvadrat metr yashil maydon tashkil etildi.

Bundan tashqari hududga 2 ta favvora, 4 ta haykal, 6 ta o‘rindiq, 6 ta urna, 3 ta besedka, 28 ta kuzatuv kamerasi, 18 ta ovoz kuchaytirgich kolonkasi, 18 ta yo‘l yoritgich (10 ta kichik, 8 ta katta) o‘rnatildi.

“Bu ishlar fuqarolarga qulay muhit yaratish, poytaxt infratuzilmasini rivojlantirish va jamoat hududlarini obodonlashtirishga qaratilgan”, deyiladi hokimlik xabarida.

Mirobod tumani hokimligi matbuot xizmatining Spot’ga xabar berishicha, kelajakda Taras Shevchenko ko‘chasida gastro-ko‘chaning uchinchi bosqichini yaratish rejalashtirilgan. Bu bosqich Shahrisabz va Fidokor ko‘chalari kesishmasidan boshlab 400 metrlik masofani qamrab oladi. Hozirgi kunda loyihani moliyalashtirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Taras Shevchenkodagi “gastronomik” ko‘cha qurilishining birinchi bosqichi 11-oktabrda yakunlandi, garchi dastlab sentyabrda ochilishi rejalashtirilgan edi.

Biroq, asfalt granit qoplamaga almashtirilgani va manzarali daraxt ko‘chatlari ekish sustkashlikka yo‘l qo‘yilgani sababli muddat bir necha bor kechiktirilgan. Umuman olganda, ochilish to‘rt marta qoldirildi.

Gastronomik ko‘cha bo‘ylab 6ta foto-zona barpo etilgan, 39ta kichik va 17ta katta torsherlar o‘rnatilgan, 1ta avtobus bekati qurilgan, 39ta videokuzatuv kameralari va yuzni tanish tizimlari, 20ta o‘rindiq va axlat qutilari o‘rnatilgan hamda Wi-Fi tarqatish tizimlari montaj qilingan.

Shuningdek, aholi va mehmonlariga qulaylik yaratish maqsadida qariyb 3000 kvadrat metr piyodalar yo‘li barpo etilib, qatnov yo‘lining asosiy qismi (2600 kvadrat metr) esa tabiiy granit toshdan terilgan.

Gastronomik alleyada joylashgan tadbirkorlik subyektlari 24 soatlik ish rejimiga faoliyat yuritadi va yo‘lning o‘zi kechki soat 20:00 dan tonggi 06:00 gacha avtomobillar uchun yopiladi va piyodalar hududiga aylanadi.

Toshkentda “gastronomik” ko‘cha

Joriy yilning fevralida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Toshkentda sanoat, infratuzilma va turizmni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ma’qullanib, poytaxtda “gastronomik ko‘cha"lar tashkil etish yuzasidan topshiriqlar berilgandi.

Xususan, Yashnobod tumanidagi “Sultonali Mashhadiy” ko‘chasi poytaxtdagi birinchi “gastronomik” ko‘cha bo‘lishi ma’lum qilindi. Shu bilan birga, Mirobod tumanidagi Taras Shevchenko ko‘chasida ham ishlar boshlandi.

15-iyuldan Taras Shevchenko ko‘chasini gastronomik ko‘chaga aylantirish bo‘yicha ishlar boshlanishi kerak edi. Biroq, jarayon oradan bir hafta o‘tib, 22-iyulda boshlandi. “Spot” Mirobod tumani hokimligi bilan gastronomik ko‘cha konsepsiyasi, ochilishining keyinga qoldirilishi, unga tutash hududlar ijarasi va tadbirkorlar bilan bog‘liq zararni kompensatsiya qilish masalalari borasida suhbatlashdi.

Shuningdek, Yashnobodda uchinchi gastronomik ko‘cha tashkil etiladi. Sodiq Azimov ko‘chasi uzluksiz ishlovchi ko‘chaga aylantirilib, hududda fudtraklar, 3D monitor, bankomat va infokiosklar o‘rnatiladi.

Sergeli tumanida “gastronomik” ko‘cha barpo etish rejalashtirilmoqda. Uzluksiz faoliyat yurituvchi mazkur ko‘cha So‘g‘diyona va Jaloyir ko‘chalari kesishmasida joylashadi hamda mahalliy hokimlik va Yangi Sergeli istirohat bog‘idan boshlanib, “Fayz” mebel fabrikasida tugaydi.

Umuman, poytaxtning Mirobod, Olmazor, Chilonzor, Uchtepa, Shayxontohur, Yunusobod, Yakkasaroy va Yashnobod tumanlarida “Gastronomik turizm” va “hunarmandlar” ko‘chalarini tashkil etish belgilangan.

Avvalroq Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi “Shota Rustaveli” ko‘chasida “gastronomik” ko‘cha barpo etish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.