O‘zbekistonda limon narxi nima uchun bir yil ichida uch baravarga qimmatlashdi? EastFruit ekspertlarining aytishicha, odatda iste’molchilar uchun arzon bo‘lgan bu meva hozirda barcha narx rekordlarini yangilamoqda.
Meva-sabzavot savdosi vakillari esa bu hali chegarasi emasligidan ogohlantirmoqda.
So‘nggi to‘rt hafta davomida O‘zbekiston bozorida limon narxi keskin oshib, mutlaq rekord o‘rnatdi va 65%ga qimmatlashdi. Bundan tashqari, limonning hozirgi narxi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 3 barobar yuqori.
2025-yil 12−13-iyun holatiga ko‘ra, poytaxtdagi yirik supermarketlarda yangi limonning eng arzon chakana narxi bir kilogrammi uchun 53 ming so‘m ($4,19)ni tashkil etdi.
Atigi bir oy oldin xuddi shu mahsulotning bir kilogrammi 32 ming so‘m ($2,48) narxda sotilgan edi. Bir yil avval esa, ya’ni 2024-yil iyun oyida, limon narxi 17 ming so‘m ($1,35) bo‘lgan.
Hozirgi kunda bozorda import mahsulotlari ustuvorlik qilayotgani bois, limon narxi O‘zbekistondan tashqarida shakllanmoqda. Bu borada asosiy omil limonning eng yirik eksportchisi hisoblangan Turkiyadagi vaziyatdir.
Mazkur mamlakat 2024/2025 yilgi mavsumda noqulay ob-havo sharoitlari tufayli hosilning keskin kamayishi va mahsulot sifatining yomonlashuviga duch keldi.
Aprel oyi boshida Turkiya hukumati ichki bozordagi narxlarni barqarorlashtirish maqsadida limon eksportini taqiqlash haqida e’lon qildi, keyin bu qarorni bekor qildi.
Shunday bo‘lsa-da, jahon bozori narxlarning keskin ko‘tarilishi bilan javob berdi: 2025-yil may oyining boshiga kelib, Turkiyada limon narxi bir kilogramm uchun 60 turk lirasiga ($1,56) yetdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3−4 baravar yuqori edi.
Shundan so‘ng narxlar yanada ko‘tarilishda davom etdi. O‘zbekiston import mahsulotlarini yetkazib berish uchun logistika xarajatlari ancha yuqori bo‘lgani sababli, mamlakatda narxlar mutanosib ravishda oshib ketdi.
Ammo Turkiyada limon sotish mavsumi deyarli tugadi, chunki uning zaxiralari rekord darajada past edi. Shu sababli O‘zbekistonga limon Janubiy yarimshardagi mamlakatlardan, jumladan uzoq Argentinadan keltirilmoqda. Bu limonlar mahalliy limonlarga qaraganda ancha arzonroq.
Ikkinchi omil — mavsumiylik. O‘zbekistonda asosan Meyer navli limon yetishtiriladi va iste’mol qilinadi. Uni oddiygina “mahalliy limon” deb atashadi. O‘zbekistonning iqlim xususiyatlarini hisobga olgan holda, limon bu yerda yopiq maydonlarda — isitiladigan va isitilmaydigan issiqxonalarda yetishtiriladi.
Limon yetishtirish bilan asosan kichik ishlab chiqaruvchilar shug‘ullanadi. Ular yiliga uch marta: avgust-sentabr, oktabr-dekabr va yanvar-fevral oylarida hosil yig‘ib olishadi.
Hosilning eng yuqori davri oktabr-dekabr oylaridir. Shunga ko‘ra, ichki bozorda mahalliy limonlar asosan may oyigacha, ya’ni omborlardan sotib tugatilgunga qadar mavjud bo‘ladi.
Shu sababli, yoz boshiga kelib mahalliy limon zaxiralari deyarli tugaydi, bu esa ularning narxi keskin ko‘tarilishiga olib keladi. 2025-yil 12−13-iyun holatiga ko‘ra, mahalliy limonlar bir kilogrammi supermarketlar tarmog‘ida taxminan 70 ming so‘m ($5,53) chakana narxda sotilgan.
Argentinadan import qilingan limonlar esa eng arzon narxda — 53 ming so‘m ($4,19) taklif etilgan. So‘nggi bir necha yil davomida may-iyundan oktabrgacha bo‘lgan davrda O‘zbekistonda limon narxlarining nisbatan past va barqaror bo‘lishi asosan import hisobiga ta’minlangan.
Mavsumiylik va tashqi bozorlardagi vaziyatni hisobga olgan holda, O‘zbekistonda limon narxlari dinamikasining kelgusi bir necha oy uchun bashorati umidli emas — avgust oyining o‘rtalari va oxirlarida birinchi mahalliy limonlar terimining boshlanishigacha limon narxlari yo yuqori darajada qoladi, hatto o‘sishda davom etadi.
Bozor tahlilchilari yangi hosilning mahalliy mahsulotlari bozorga kirib kelishi bilan limon narxlari pasayishi, ular qulayroq darajaga tushishi ehtimoli kamligini ta’kidlashmoqda.
Chunki birinchi hosil odatda yuqori bo‘lmaydi, shu sababli narxlarning sezilarli darajada pasayishini faqat oktyabr-noyabr oylarida, ommaviy terim-yig‘im boshlanganida kutish mumkin