Shavkat Mirziyoyev 18-iyun kuni Toshkent viloyatining Parkent tumaniga tashrif buyurdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi. Dastlabki manzil Parkentsoy turar joy massivi bo‘ldi.

Tuman markazidan oqib o‘tuvchi Parkentsoy qirg‘og‘ida qurilayotgan ekoshahar deb nomlangan massivning umumiy maydoni 6 gektar bo‘lib, jami 5 200 xonadonli 125 ta ko‘p qavatli turar joy quriladi. Ular barcha kommunal tarmoqlar, energiya tejamkor texnologiyalar bilan ta’minlanadi. Jumladan, uylar tepasiga geokollektorlar o‘rnatilib, suv isitishda foydalaniladi.

Bu yerda, shuningdek, 2 ta maktab, 8 ta bog‘cha, bolalar maydonchalari, 10 gektarlik park, sun’iy ko‘l, sayilgoh va veloyo‘laklar barpo qilinadi. 17 kilometr ichki yo‘llar ta’mirlanadi. Massivda 58 ta noturar bino qad rostlab, ularda savdo va xizmat korxonalari joylashadi, 700 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi.

Davlat rahbari shu yerda tumanni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Bu boradagi muhim loyiha hozirda qurilayotgan Baytqo‘rg‘on-Parkent elektrlashtirilgan temir yo‘li hisoblanadi. Qariyb 24 km yo‘l foydalanishga topshirilgach, Parkentdan poytaxtga borish qulaylashishi qayd etildi.

Temir yo‘lda kuniga 275 ming nafargacha yo‘lovchi tashilishi hisob-kitob qilingan. Natijada qatnov va tadbirkorlik faollashib, Parkent iqtisodiyoti oshishi kutilmoqda.

Parkentsoyni tartibga keltirish, qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlari olib borilmoqda. Birinchi bosqichda soyning 4 km qismi to‘liq betonlashtirildi. Xususan, soy bo‘ylab qariyb 5 km yangi yo‘l qurildi.

U hozir tuman markazidan o‘tgan asosiy ko‘chaga yondosh bo‘lib, bir kecha-kunduzda 10 ming avtomobilni o‘tkazish quvvatiga ega. Bu markazda tirbandlikni kamaytiradi, piyodalar yo‘lakchasi, yo‘l o‘tkazgich va ko‘prik barpo etilgan.

Ikkinchi bosqichda Kumushkongacha bo‘lgan o‘zanlar tartibga keltirilib, ochiladigan 100 gektar yerda turizm obyektlari tashkil etish rejalashtirilgan.

Yil boshida uzunligi 23,8 km bo‘lgan Baytqo‘rg‘on-Parkent elektrlashtirilgan temir yo‘l tarmog‘i qurilishi boshlangandi. Loyiha Boshtransloyiha tomonidan amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida 4ta ko‘prik, 2ta yo‘l o‘tkazgich, tunnel, 7ta temir yo‘l kesishmasi qurish va 78ta suv yetkazish inshootini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.

Avvalroq prerzident Toshkent-Sharqiy aeroporti qurilishini tezlashtirishni topshirgani haqida xabar berilgandi.