Hukumatning 18-iyundagi qarori bilan avtotransport vositalarini nogironligi bo‘lgan shaxslar ehtiyojlariga moslashtirish xarajatlarini qoplash bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Hujjat bilan ularga xarajatlarining 50%i, biroq BHMning 30 baravarigacha (11,25 mln so‘m, 1-avgustdan — 12,36 mln so‘m) bo‘lgan qismi qoplab beriladi.
Xarajatlar 2024-yil 1-oktabrgacha shahar, shahar atrofi, shaharlararo avtobusda yo‘lovchi tashish yo‘nalishlarini biriktirish bo‘yicha tenderda g‘olib bo‘lgan va xizmat ko‘rsatgan tadbirkorlarning har bir avtobusi uchun qoplanadi.
Bunda avtomobillarni quyidagilar bilan jihozlash uni nogironligi bo‘lganlar ehtiyojlariga moslashtirish deb e’tirof etiladi:
- yig‘ma pandus (1 dona);
- audio va vizual axborot beruvchi monitor (1 dona);
- axborot beruvchi kolonka (ko‘pi bilan 3 ta);
- ma’lumotlarni uzatuvchi mikrofon (1 dona);
- aloqa tugmasi;
- bekatlar haqida axborot beruvchi ma’lumotlar taxtasi (1 dona).
Shu bilan birga, 2024-yilning 1-noyabridan I guruh nogironligi bo‘lganlarning o‘z nomiga rasmiylashtirilgan va shaxsiy foydalanuvida bo‘lgan 1 ta avtomobili uchun ham mablag‘ ajratiladi.
Ular uchun gaz va tormoz pedalini qo‘l boshqaruviga o‘tkazish, mexanik uzatish qutisini avtomat uzatish qutisi qilib qayta jihozlash xarajatlari nazarda tutilgan.
Ariza beruvchilar avtotransport vositasi talablarga moslashtirilgan vaqtdan boshlab 90 kun ichida Inson markazlari, Yagona milliy ijtimoiy himoya tizimi yoki my.gov.uz orqali murojaat qilishi mumkin.
Avvalroq 1-iyuldan I yoki II guruh nogironligi pensiyalarini alohida murojaat talab etmasdan proaktiv shaklda tayinlash tartibi joriy etilishi haqida xabar berilgandi.