Raqobat qo‘mitasi o‘zbekistonliklarni xorijda ishlash va o‘qishga yuborishni va’da qilayotgan konsalting firmalardan ogohlantirmoqda.

Joriy yilda fuqarolardan firibgarlik holatlari bo‘yicha qo‘mitaga 20 ga yaqin murojaat kelib tushgan. Ulardan ko‘pchiligi xorijda ishga yoki o‘qishga joylashtirish uchun firmalarga pul to‘lagan, ammo xizmatlar bajarilmagan va mablag‘lar qaytarilmagan.

Masalan, fuqaro A.B. Toshkent shahridagi Konsalting N1 B2B kompaniyasiga Latviyaga ishga ketish uchun 16 mln so‘mdan ortiq to‘lov qilgan. Yana bir holatda, Farg‘ona shahrida yashovchi fuqaro Sh.M. esa Latviyada ish topish va viza rasmiylashtirish uchun Qo‘qondagi Vivat Viz korxonasiga jami $2000 miqdorida pul to‘lagan.

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanidagi fuqaro O.X. Germaniyaga ishlashga borish maqsadida Yakkasaroy tumanidagi Black Mountain Pro’ga 36 mln so‘m to‘lagan. Biroq, firma ishlamagan hamda xizmatlarni bajarmagani uchun pullar qaytarmagan.

“Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq, xorijda ishga joylashtirish xizmati faqat litsenziyaga ega agentliklar tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Ammo ko‘pgina firmalar bu qoidaga amal qilmaydi.

Raqobat qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlar orqali fuqarolar ishonchiga kirib, xorijga ishga yoki o‘qishga yuborish va’dasi bilan faqat pul olgan, ammo xizmat ko‘rsatmagan quyidagi konsalting firmalarini keltirdi:

  1. Diamond Ideal;
  2. Xorijda Ish va O‘qish;
  3. SJ Team;
  4. Consulting Fly;
  5. Asia Consult Edugately;
  6. Euro Asia Consulting Centre;
  7. Exlusive Assistant;
  8. Doch Consult;
  9. Global Consulting Effort;
  10. Poland Business Support and Viza va boshqalar.

Migratsiya agentligi Everyone Consult va Worldviza kompaniyalariga BHMning 300 baravari (112,5 mln so‘m) miqdorida jarima qo‘lladi. Mazkur firmalar Yevropa davlatlariga ishga yuborish to‘g‘risida e’lonlar berib, fuqarolarni xorijga ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatib kelgan. Shuningdek, Rich Result, Ravon Consult Group va Adworld Group kabi firmalarga nisbatan huquqiy choralar ko‘rildi.

Qo‘mita xorijda o‘qish va ishlash niyatida bo‘lgan fuqarolarni har qanday “o‘rtachi” firmalar aldovlariga ishonmaslikka chaqirmoqda. Aholidan ular faoliyati qonuniyligi va litsenziyasi mavjudligini tekshirish, shartnoma shartlari bilan batafsil tanishish, pul to‘lashdan oldin firibgarlik alomatlari mavjud emasligiga ishonch hosil qilish so‘raldi.

Litsenziyaga ega xususiy bandlik agentliklarining rasmiy ro‘yxati bilan bu yerda tanishish mumkin.

Hukumatning joriy yil aprel oyidagi tegishli qarori bilan fuqarolarni xorijda tashkillashtirilgan tartibda ishga joylashtirish faoliyati bilan Migratsiya agentligi shug‘ullanishi belgilangan. Mazkur faoliyat bilan esa faqat agentlik tomonidan litsenziya olgan xususiy bandlik agentliklari shug‘ullanishlari mumkin.

May oyida Migratsiya agentligi noqonuniy faoliyat yuritgan uchta xususiy bandlik agentliklarini jarimaga tortgandi.