Malayziyada sud Aloqa va multimedia komissiyasining da’vosi asosida Telegramni ikkita kanal sababli vaqtincha taqiqladi. Bu haqda Bloomberg nashri xabar berdi.

Nazorat organi ma’lum qilishicha, Edisi Siasat va Edisi Khas nomli Telegram-kanallar mahalliy qonunlardan birini buzadigan hamda “davlat muassasalariga ishonchni yo‘qotish va jamoat tartibini izdan chiqarish” xavfini tug‘diradigan mazmundagi ma’lumotlarni tarqatgan.

Xabar berilishicha, ikkala kanal ham davlat idoralari va huquq-tartibot organlari haqida “tasdiqlanmagan” xabarlarni joylashtirgan.

Malayziya komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, Telegram shikoyatlar olgan bo‘lsa-da, nazorat organi “hamkorlik"ka tayyor bo‘lishiga qaramay, nomaqbul kontentni bartaraf eta olmagan.

Mamlakatda bu “ijtimoiy tarmoq provayderi"ga qarshi birinchi shu kabi ish hisoblanadi. Messenjerga o‘z nuqtai nazarini himoya qilishga tayyorgarlik ko‘rish uchun yetarli vaqt berilishi va’da qilingan.

May oyida Vetnamda ham Telegram messenjeri faoliyati bloklangan edi. Bunga messenjerning foydalanuvchilari tomonidan sodir etilgan taхminiy jinoyatlarga qarshi kurashishda hamkorlik qilishni rad etgani sabab qilib ko‘rsatilgan.

Texnologiyalar vazirligi aloqa boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari tomonidan 21-mayda imzolangan hujjatda telekommunikatsiya kompaniyalariga Telegramni bloklash choralarini ko‘rish va bu haqda 2-iyungacha vazirlikka хabar berish vazifasi yuklatilgandi.


Avvalroq Spot Rossiyada Telegram va WhatsApp’ni o‘chirish rejalashtirilmayotgani haqida yozgandi.

Davlat Dumasi vakili messenjerlar mamlakat hududida faoliyatini davom ettirayotganini, biroq, ular Rossiya qonunlarini buzayotganini ta’kidlab o‘tdi.