Microsoft ommaviy ishdan bo‘shatishlarning yangi to‘lqiniga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda Bloomberg nashri xabar berdi.
Kompaniya kelasi oyning boshidayoq minglab xodimlarini ish o‘rnidan bo‘shatishni rejalashtirgan. Buning asosiy sababi sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish uchun resurslarni qayta taqsimlash ekan.
Ishdan bo‘shatish birinchi navbatda savdo va marketing bo‘limlariga ta’sir qiladi, manbalarning ta’kidlashicha, kompaniya faqat ular bilangina cheklanib qolmaydi.
May oyida Microsoft 6 mingdan ortiq xodimni, jumladan mijozlar bilan muloqot qilish uchun mas’ul bo‘lgan xodimlarni ham ishdan bo‘shatgandi. O‘shanda kompaniya kichik va o‘rta biznes uchun savdo funksiyalarini tashqi pudratchilarga topshira boshlagan edi.
2024-yil iyun oyiga ko‘ra, Microsoft’da 228 ming kishi ishlamoqda, ularning 45 mingga yaqini marketing va sotuvlar bilan bog‘liq bo‘linmalarda faoliyat yuritadi.
Ichki manbalarning xabar berishicha, kompaniya odatda iyun oyida tugaydigan moliyaviy yil yakunida o‘z tuzilmasini qayta ko‘rib chiqadi.
Avvalroq Spot Amazon sun’iy intellektdan foydalanish orqali ish o‘rinlarini qisqartirishi mumkinligi haqida yozgandi.
Bosh direktor Endi Jassi kompaniya sun’iy intellektdan keng foydalanish orqali bir necha yil ichida xodimlar sonini qisqartiradi, ammo bu qancha xodimga ta’sir qilishiga aniqlik kiritmagan.