Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev 18-iyun kuni Toshkent viloyatining Parkent tumaniga tashrif buyurgani haqida xabar bergan edi. Tashrifning birinchi manzili yangi qurilayotgan Parkentsoy massivi bo‘ldi.
Parkent tumaniga tashrif davomida prezident Oltin bel cho‘qqisidagi dam olish maskani va yangi loyihalar bilan tanishdi.
Tog‘ bag‘ridagi 3 gektar joyda qurilgan ushbu mehmonxonalar ixchamligi va hamyonbopligi bilan ajralib turadi. Hozirda jami 188 o‘rinli 2 ta mehmonxona, kapsula shaklidagi uylar, restoran va xo‘jalik binolari barpo etilgan. Keyingi bosqichda yana 20 ta shunday uy qurilishi mo‘ljallangan.
Hududda turizmni rivojlantirish maqsadida qiymati $1,8 mlrd bo‘lgan 52 ta loyiha amalga oshiriladi. Natijada 3300 ta ish o‘rni yaratiladi va 1 mln nafar sayyohga xizmat ko‘rsatiladi.
Shuningdek, Parkentda Avstriya kompaniyasi tomonidan 1200 gektarda tog‘-chang‘i kurorti qurish rejalashtirilmoqda.
Loyiha doirasida 3, 4 va 5 yulduzli mehmonxonalar, chang‘i uchish va osma dor yo‘li, shalelar, piknik maydoni, restoranlar, sog‘lomlashtirish xizmatlari tashkil etiladi.
U uch bosqichda amalga oshiriladi va to‘liq quvvatda kuniga 15 ming nafar sayyohni qabul qilish imkoniga ega bo‘ladi va 600 ga yaqin servis majmualari yaratiladi.
Mavsumiy xizmatlar bilan birga 10 mingga yaqin ish o‘rni yaratiladi. Maskan Bo‘stonliqdagi Amirsoy kurorti kabi, Toshkent viloyatining yirik turizm manzillaridan biriga aylanadi.
Mutaxassislar bilan muloqotda loyihani takomillashtirish, xizmatlar qamrovini kengaytirish va qurilishni tezlashtirish tadbirlari yuzasidan fiikr almashildi.