Pulseev startapi O‘zbekistonda elektromobillar uchun birinchi milliy quvvatlash stansiyalari tarmog‘ini yaratishga kirishdi. Bu haqda Spot’ga Startup Garage studiyasida ma’lum qilindi.

Kompaniya mahalliy iqlim va texnik sharoitlarga moslashtirilgan zaryadlash qurilmalari va ularning dasturiy ta’minotini ishlab chiqishga ixtisoslashgan. Pulseev’ning barcha elektromobillarni quvvatlantirish shoxobchalari O‘zbekistonda ishlab chiqariladi.

Qurilmalar tezkor quvvatlash funksiyasi va masofaviy monitoring tizimi bilan jihozlangan, shuningdek, mobil ilovalar bilan integratsiyani qo‘llab-quvvatlaydi. Kelasi yilga kelib startap butun mamlakat bo‘ylab 500 dan ortiq, 2030-yilga kelib esa 3000 tagacha quvvatlash stansiyalarini o‘rnatishni rejalashtirmoqda.

Elektromobillarni quvvatlash shoxobchalari shaharlarda, avtomobil yo‘llari bo‘yida va qishloq joylarda hamda quyoshli xablarda joylashtiriladi. Hozirda Pulseev 50 dan ortiq quvvatlash nuqtasiga ega flagman xab ustida ishlamoqda, u bolalar maydonchasi, modulli kafelar va kovorking zonalarini ham o‘z ichiga oladi.

“Biz shunchaki zaryadlash stansiyalarini o‘rnatmayapmiz. Biz ekologik harakatlanish madaniyatini shakllantirmoqdamiz, bu yerda haydovchilar avtomobilni quvvatlantirishi, oilalar dam olishi, bolalar esa xavfsiz va zamonaviy maydonda vaqt o‘tkazishi mumkin”, — dedi Pulseev asoschilaridan biri Jasurbek Xodjayev.

Yangi infratuzilma mahalliy elektromobillikning barqaror o‘sishi va uning texnologik rivojlanishi uchun zamin yaratishi kutilmoqda. Kelajakda kompaniya Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mamlakatlari bozorlariga chiqishni rejalashtirmoqda.

2024-yil may oyida Energetika vazirligi elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarini o‘rnatish va elektr tarmog‘iga ulash tartibini soddalashtirdi. Yuridik shaxslarga bir oydan ko‘p bo‘lmagan muddatda ruxsatnomalar beriladi.

Iyun oyida esa Shavkat Mirziyoyev elektromobillarni xonadonda quvvatlash uchun tungi tarif joriyi etilishini e’lon qildi. Ko‘chalar, ko‘p qavatli uylar atrofida 22 kVtgacha, xonadonda 7 kVtgacha zaryadlash stansiyasi o‘rnatish mumkin bo‘ladi.

Undan keyin Hududiy elektr tarmoqlari rahbari birinchi o‘rinbosari Alvar G‘aybullayev elektromobillarni quvvatlantirish shoxobchalari uchun energiya iste’molining alohida hisobini joriy etish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

Mamlakatda 2025-yil yakunigacha 32 mingdan ortiq elektromobillarni zaryadlash stansiyalarini o‘rnatish rejalashtirilmoqda. Avtoturargohlarda kamida bitta joy elektromobillarni quvvatlash uchun mo‘ljallangan bo‘lishi kerak. Davlat tasarrufidagi bo‘sh turgan yerlar hamda davlat korxonalari hududida stansiyalarni o‘rnatish auksion orqali amalga oshiriladi.