O‘zbekiston va Rossiya migratsiya masalalarini birgalikda hal etishga kelishib oldi. Bu haqda 18-iyun kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin axborot agentliklari rahbarlari bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Uning aytishicha, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar “juda muvaffaqiyatli, izchil tarzda” rivojlanmoqda. Putin ta’kidlaganidek, Qozog‘iston bilan hamkorlikda uch tomonlama loyihalar, jumladan atom energetikasi sohasida ham amalga oshirilishi mumkin.
“Biz bu borada jiddiy ish olib boryapmiz va ushbu loyihalarni rivojlantirishning yaxshi bosqichiga yetib keldik”, deya qo‘shimcha qildi u.
“Albatta, biz mehnat bozorida va ijtimoiy sohada ko‘plab muammolar borligini tushunamiz, buni barchamiz anglaymiz. Shu sababli, Shavkat Miromonovich [Mirziyoyev] bilan bu migratsiya masalalarini birgalikda hal qilishga kelishib oldik. Nega? Chunki bugungi kunda bizning mehnat bozorimiz qanday ahvolda ekanini bilamiz. Sizda esa ma’lum darajada bosim mavjud,” deya ta’kidladi Putin.
Rossiya prezidenti O‘zbekiston bilan mehnat migrantlarini Rossiyaga yuborishdan oldin tayyorlash bo‘yicha kelishuvga erishilgani haqida xabar berdi. U qo‘shimcha qilishicha, bu tayyorgarlik, xususan, rus tili, madaniyati va boshqa jihatlarni o‘rganishni o‘z ichiga oladi.
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov Rossiya prezidentiga yoshlar almashinuvi bo‘yicha aniq loyiha va yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan uzoq muddatli keng ko‘lamli dastur qabul qilish taklifi bilan murojaat qildi. Vladimir Putin ushbu tashabbusni to‘liq qo‘llab-quvvatladi.
“Bilishimcha, Shavkat Miromonovichning yordamchisi Saida Shavkatovna [Mirziyoyeva] yaqinda Moskvada bo‘lib, hukumatda va prezident ma’muriyatida ko‘plab hamkasblarim bilan uchrashgan. U aynan prezidentning topshirig‘iga ko‘ra yoshlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish va, aytish mumkinki, ushbu yoshlarga oid yo‘nalishni taraqqiy ettirishga alohida e’tibor qaratmoqda”, deya ta’kidladi Putin.
Fevral oyi boshida O‘zbekiston va Rossiya vakillari Toshkentdagi Saxarova migratsiya markazi filialida rus tilidan imtihon topshirishni yo‘lga qo‘yishga kelishib olgandi.
Bundan tashqari, Migratsiya agentligi Rossiyada patent olish uchun imtihonga tayyorgarlik ko‘rish uchun saytni ishga tushirdi. O‘zbekistonliklar rus tili, Rossiya Federatsiyasi tarixi va qonunchiligi bo‘yicha sinov testlaridan bepul o‘tishlari mumkin.
Aprel oyida O‘zbekiston va Rossiya mehnat migrantlarini ishga qabul qilishning majburiy tartiblarini Toshkentga ko‘chirish masalasini muhokama qilgan edi. IIV pasport-viza xizmati vakolatxonasi faoliyatini qayta yo‘lga qo‘yishni taklif qildi. Rossiya tomoni tashabbusni qo‘llab-quvvatladi.
May oyi oxirida O‘zbekiston prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva ikki kunlik tashrif bilan Moskvaga keldi va prezident ma’muriyati rahbariyati hamda Rossiya hukumati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
O‘zbekiston va Rossiya mehnat patentlarini rasmiylashtirishni qisman ko‘chirishni muhokama qildi. Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva va Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin migratsiya tartib-qoidalarini tezlashtirish choralarini ham ko‘rib chiqdi.
Avvalroq Spot Rossiya o‘zbekistonlik migrantlar huquqlari himoyalanishi ustidan nazoratni kuchaytirishi haqida yozgandi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston ham mamlakatga tashrif buyuradigan rossiyaliklar huquqlariga amal qilinishi bo‘yicha kuzatuvni kuchaytirish majburiyatini oldi.