Avvalroq 20-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida Qashqadaryo viloyatini kompleks rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi. Unda O‘zbekistonda xususiy klinika ochishga $140 mln so‘mgacha ajratilishi ma’lum qilindi.

Joriy yilda Qashqadaryoga 3,5 milliard dollar investitsiya jalb qilish rejalashtirilgan. O‘tgan besh oyda Koson, Kitob va Chiroqchida investitsiya qariyb 2 karra oshgani ta’kidlandi.

Shu bilan birga, viloyatdagi 12 ta konga sanoat kirib bormagan. Hozirda qurilish materiallari sohasida $150 mlnlik 16 ta loyiha tayyorlangan. Mutasaddilarga tegishli konlarni auksionga chiqarish topshirildi.

Kitobdagi 100 gektar maydonda 20 tonna oltin zaxirasi aniqlangan. Tabiatga zarar yetkazmasdan yopiq usulda oltinni qazib olishga $100−150 mln pul tikaman, degan talabgorlar ko‘p. Ushbu konni ham auksionga chiqarish zarurligi qayd etildi.

Tumandagi yana 5 ta istiqbolli maydonda 39 tonna oltin, Chiroqchida 10 ming tonna noyob metallar resursi aniqlangan. Bu maydonlarda geologiya ishlarini boshlash topshirildi.

Muborakdagi Gazni qayta ishlash zavodi atrofida tayyor infratuzilma bor, temir yo‘l o‘tgan 200 gektar maydonda innovatsion sanoat zonasi tashkil etiladi. Unda klaster tizimi asosida neft-kimyo, elektrotexnika, robototexnika va qurilish materiallari bo‘yicha 5 ta yirik loyihani boshlash vazifasi qo‘yildi.

Viloyat paxta yetishtirish bo‘yicha yetakchi bo‘lsada, to‘qimachilik sanoatidagi ulushi 10% ga ham yetmasligi ta’kidlandi. Hozirda 100 ming tonna ip-kalavaning atigi 28%i qayta ishlanadi.

Kosondagi 40 gektarda tashkil etilgan yangi texnoparkda $200 mlnlik 12 ta loyiha qilish rejalashtirilgan. Lekin suv tozalash inshooti va kanalizatsiya yo‘qligi uchun ishlar to‘xtab qolgan. Mutasaddilarga texnopark infratuzilmasi uchun mablag‘ ajratish topshirildi.

Umuman, $400 mlnlik 35 ta loyihani boshlab, bu yil ip-kalavani qayta ishlashni 51% ga, kelgusi yili esa 100% ga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Mamlakat yer osti boyliklarining salohiyati $3 trlnga baholanmoqda. Davlat rahbari to‘rtinchi sanoat inqilobi texnologik minerallarga talabni bir necha baravar ko‘paytirayotganini qayd etgandi. O‘zbekistonda noyob minerallardan mahsulot ishlab chiqarganlarga renta solig‘i qaytarib beriladi.

Avvalroq O‘zbekiston ketma-ket uchinchi oy dunyoning eng yirik oltin sotuvchisi bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Markaziy bank aprel oyida 11 tonna qimmatbaho metall sotdi, yillik hisobda sof oltin savdosi 26 tonnani tashkil etdi.