O‘zbekiston aprel oyida ham oltin sotish bo‘yicha dunyoda yetakchilikni saqlab qoldi, deya xabar berdi Jahon oltin kengashi (World Gold Council).
Aprelda jahon markaziy banklarining oltin zaxiralari 12 tonnaga oshdi. Bu ko‘rsatkich mart oyiga nisbatan 1,4 baravardan ortiqqa kam.
Polsha qimmatbaho metall xaridi bo‘yicha yetakchilikni saqlab qolmoqda. Aprel oyida mamlakat Milliy banki o‘z zaxiralarini 12 tonnaga oshirdi, yil boshidan buyon uning zaxiralari 61 tonnaga ko‘paydi. Keyingi o‘rinlarda Chexiya (3 tonna), Xitoy, Turkiya, Qirg‘iziston (2 tonnadan), shuningdek, Qozog‘iston va Iordaniya (1 tonna) turibdi.
O‘zbekiston Markaziy banki 11 tonna sof oltin sotishni amalga oshirdi. Yillik hisobda mamlakatning sof qimmatbaho metall savdosi 26 tonnani tashkil etib, bu ko‘rsatkich bo‘yicha mutlaq yetakchiga aylandi.
Fevral oyida O‘zbekiston 12 tonna qimmatbaho metallni sotuvi bilan Qozog‘istonni (8 tonna) ortda qoldirib, dunyodagi eng yirik oltin sotuvchisiga aylandi. Mart oyida mamlakat qimmatbaho metall sotish bo‘yicha dunyoda yetakchilikni saqlab qoldi va 11 tonna oltin sotdi.
Aprel oyida O‘zbekiston oltin sotishni davom ettirib, $1,91 mlrdlik oltin eksport qildi. Dastlabki 4 oy yakunlariga ko‘ra, qimmatbaho metallar yetkazib berish $5,48 mlrdni (+60%) tashkil etdi.
Bundan tashqari, Markaziy bankning oltin-valyuta zaxiralari ketma-ket uchinchi oy rekordni yangilab, $49,25 mlrdga yetdi. Aprel oyida xalqaro aktivlar hajmi $1,4 mlrdga yoki 2,93% ga oshdi. Oltin zaxiralari $772,64 mlnga oshib, $37,65 mlrdga yetdi, qiymat jihatidan rekord yangilandi. Valyuta zaxiralari esa deyarli o‘zgarishsiz — $10,33 mlrd miqdorida qoldi.
Avvalroq 2025-yilda birjaga chiqariladigan oltin hajmini oshirish hamda hududlardagi zargarlik markazlari uchin oltin zaxirasini yaratish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.