Apple ramkasiz iPhone yaratish ustida faol ish olib bormoqda. Ehtimol, kompaniya bu g‘oyani 2027-yilda amalga oshirishi mumkin, deya xabar bermoqda MacRumors.
Bloomberg vakili Mark Gurmanning fikricha, yangi iPhone modellarida Dynamic Island o‘lchami kichrayadi, Apple esa smartfonining 20 yilligiga yangilangan modelni taqdim etadi.
Yubiley versiyasi egilgan shisha qirralarga, “g‘oyat yupqa” ramkalarga va hech qanday bo‘shliq hamda kesiklarsiz ekranga ega bo‘ladi. Bu haqiqatan ham uzluksiz dizaynga ega birinchi iPhone bo‘ladi.
Avvalroq The Information nashri jurnalisti Ueyn Ma iPhone 18 Pro modellarida ekran ostiga o‘rnatilgan FaceID texnologiyasi qo‘llanilishini, natijada ekranda faqat old kamera uchun bitta teshik qolishini ma’lum qilgandi. Biroq, bu ma’lumot Gurmanning yangi modellarda kichraytirilgan “orolcha” haqidagi xabariga zid kelmoqda.
Aprel oyida Apple kompaniyasi 2027-yilda butunlay yangicha dizaynga ega bo‘lgan iPhone’ni ishlab chiqarishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.
Aynan shu yili iPhone turkumining 20 yilligi nishonlanadi. Taxminlarga ko‘ra, ikki yildan so‘ng birinchi to‘liq shishadan yasalgan iPhone 19'ni ko‘rish mumkin.
Apple inqilobiy yechimlarni yubiley sanalariga qoldirishi birinchi marta emas. Masalan, iPhone’ning 10 yilligi munosabati bilan kompaniya “qosh” va FaceID yuz skaneri bilan jihozlangan birinchi smartfon — iPhone X’ni taqdim etgan edi. Bu xususiyatlar hozirgi kungacha o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan.
Gurmanning so‘zlariga ko‘ra, Apple kelgusi yubileyda ham jamoatchilikni hayratga solmoqchi. Kompaniya hozirda metall karkassiz, butunlay shishadan yasalgan korpusli birinchi iPhone’ni ishlab chiqmoqda.
Qayd etilishicha, bunday g‘oyani ko‘p yillar oldin Jonatan Ayv ham ilgari surgan edi. Apple’ning sobiq dizayneri shishadan yasalgan yaxlit ko‘rinishli iPhone haqida orzu qilgan.
Bloomberg‘ning ta’kidlashicha, birinchi shisha iPhone ayrim foydalanuvchilarni cho‘chitishi mumkin, chunki qurilma juda nozik deb hisoblanadi. Biroq, Apple estetika va o‘z falsafasiga sodiq qolish uchun bunday murosalarga borishga tayyor bo‘lishi mumkin.
Avvalroq Spot Apple Trampning yangi bojlari tufayli iPhone, iPad, MacBook narxlarini oshirishi mumkinligi haqida yozgandi.
Birgina Xitoy bojlari Apple’ga 2025-yilda $8,5 mlrdga tushishi va kompaniya foydasini deyarli $8 mlrdga qisqartirishi mumkin.