Osiyo mamlakatlaridan import qilinadigan mahsulotlarga Donald Tramp keng ko‘lamli boj to‘lovlarini joriy etganidan so‘ng, Apple kompaniyasining bozor qiymati $320 mlrddan ziyod miqdorga kamaydi. Bu haqda RBC nashri xabar bermoqda.

Kompaniya aksiyalari 3-aprel kuni 9,25%ga pasayib, bir qimmatli narxi $203gacha tushdi. Bu 2022-yildan buyon eng katta kunlik pasayish hisoblanadi. Ayrim paytlarda kotirovkalar $202,52gacha tushib ketdi. Apple’ning umumiy qiymati $3,06 trlnga kamaydi.

Asosiy sabablar orasida tahlilchilar AQShning yangi savdo choralarini ta’kidlamoqdalar. Tramp 183 mamlakatdan keltirilayotgan tovarlarga 50%gacha boj joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Bu choralarga Apple’ning asosiy hamkorlari ham tushib qoldi: Xitoy (34%), Vetnam (46%), Hindiston (26%) va Tayvan (32%). iPhone, iPad, Mac va aksessuarlarni ishlab chiqaruvchi zavodlarning ko‘p qismi aynan shu mamlakatlarda joylashgan.

Citigroup ma’lumotlariga ko‘ra, Apple mahsulotlarining 90%dan ortig‘i Xitoyda ishlab chiqariladi. Endi kompaniya bojxona to‘lovlarini foyda hisobidan qoplashni yoki ularni xaridorlar zimmasiga yuklashni tanlash zaruriyati oldida turibdi.

The New York Times gazetasi xabar berishicha, 10%lik bojxona to‘lovlari Apple kompaniyasining ikki yil ichidagi sof foydasining 3,5−4%ini yo‘qotishiga olib keladi.

Morgan Stanley'ning hisob-kitoblariga ko‘ra, faqatgina Xitoy bojxona to‘lovlari 2025-yilda xarajatlarni $8,5 mlrdga oshiradi va foydani $7,85 mlrdga kamaytiradi. Agar kompaniya narxlarni oshirmasa, sof foyda 14%gacha pasayishi mumkin.

Jefferies tahlilchilari fikriga ko‘ra, Apple’ning ta’minot zanjiri zarbaga duch kelishi kutilmoqda: hatto vaqtinchalik istisno qilingan holatlarda ham kompaniya shoshilinch ravishda ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilishi, xarajatlarni ko‘paytirishi va logistikani qayta tashkil etishi zarur bo‘ladi.

“Apple bu yangi tariflarni qurilmalar narxiga qo‘shadi va muammoning ko‘lamini tez orada anglab yetadi”, deya ta’kidladi Apple’ning sobiq muhandisi va Instrumental platformasi asoschisi Anna-Katrin Shedletski.

Oq uy vakillari bojlarni “o‘n yillar davomidagi iqtisodiy talon-tarojga” javoban joriy etilganini ma’lum qildi. Prezident “aks ta’sir tariflar” to‘g‘risidagi farmonni imzolab, 2-aprelni “AQShning iqtisodiy ozodlik kuni” deb e’lon qildi.

Xitoy Savdo vazirligi allaqachon javob choralarini ko‘rishni va’da qildi. Yevropa Ittifoqi ham muzokaralar barbod bo‘lgan taqdirda o‘z choralarini ko‘rishga tayyorlanmoqda.


Avvalroq Spot AQSh joriy etayotgan bojlar O‘zbekistonga qanday ta’sir ko‘rsatishi haqida ekspertlar fikrini taqdim qilgan edi.