Avvalroq AQSh dunyoning ayrim mamlakatlari, jumladan, O‘zbekistondan tovarlar importiga yangi bojlar joriy etilishini e’lon qildi.

Prezident Donald Trampning farmoniga ko‘ra, xorijdan import qilinadigan barcha tovarlarga qo‘shimcha bojlar solinadi. Bu chora Tramp “iqtisodiy mustaqillik deklaratsiyasi” va Amerika iqtisodiyotining “ozodlik kuni” deb atagan keng ko‘lamli savdo tashabbusining bir qismi bo‘ldi.

Import tariflari mamlakat chet el tovarlarini olib kirishda ulardan oladigan soliqlardir. Ular mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va savdo taqchilligini kamaytirish uchun import mahsulotlarini qimmatlashtirmoqda.

Odatdagi tariflardan farqli o‘laroq, yangi bojlar “ko‘zgu mantig‘i” (o‘zarolik) tamoyili asosida hisoblab chiqilgan. Ya’ni, AQSh hukumatining fikricha, Amerika mahsulotlari chet ellarda duch kelayotgan cheklovlarni o‘z navbatida joriy etmoqda.

Xususan, Xitoydan importga 34%, Vetnamdan 46%, Tayvandan 32%, Yaponiyadan 24%, Janubiy Koreyadan 25%, Yevropa Ittifoqidan 20%, Buyuk Britaniya va Turkiyadan 10% dan bojlar joriy etilmoqda.

Aksariyat davlatlar kabi O‘zbekiston uchun ham 10% lik tarif belgilangan.

Bloomberg Economics hisob-kitoblariga ko‘ra, yangi tarif siyosati jahon savdosini taxminan $33 trlnga xavf ostiga qo‘yadi va AQShga eksportni mamlakatga qarab 4−90% ga qisqartirishi mumkin. Iqtisodchilar sodir bo‘layotgan voqealarni so‘nggi yuz yil ichida xalqaro savdo tizimiga berilgan eng katta zarba deb atamoqda.

Bu choralar O‘zbekiston uchun nimani anglatishi, mintaqa AQShning butun dunyoga qarshi olib borayotgan savdo urushi sharoitida raqobatning kuchayishiga duch keladimi va uzoq muddatli istiqbolda qanday oqibatlar yuzaga kelishi haqida Spot mutaxassislar bilan suhbatlashib, ularning fikrlarini jamladi.


aqsh, bojlar, donald tramp, iqtisodiyot

Yuliy Yusupov,

iqtisodchi.

Tramp juda oddiy mantiqdan kelib chiqib bojlarni joriy qilmoqda: agar import tovarlari qimmat qilinsa, AQShda ishlab chiqarish foydaliroq bo‘ladi. Bundan tashqari, o‘z mahsulotlarini Amerikada sotmoqchi bo‘lgan xorijiy kompaniyalar bu yerda o‘z zavodlarini ochishni boshlaydi.

Iqtisodiy fan nuqtayi nazaridan, bu mantiq noto‘g‘ridir. Bunday siyosat shakllangan xalqaro mehnat taqsimoti va yo‘lga qo‘yilgan ta’minot zanjirlarini — shu jumladan, amerikalik ishlab chiqaruvchilar uchun ham — barbod qiladi.

Natijada, bu jahon iqtisodiyoti unumdorligining umumiy pasayishiga olib keladi. AQShda yaratilishi mumkin bo‘lgan ishlab chiqarishlar esa kamroq raqobatbardosh bo‘ladi. Bularning barchasi narxlarning oshishiga va amerikaliklar uchun ham, boshqa mamlakatlar aholisi uchun ham turmush darajasining pasayishiga olib keladi.

Xuddi shunday siyosatni — import o‘rnini bosishni O‘zbekiston rasmiylari 1996-yildan beri amalga oshirishga harakat qilmoqda. Lekin uning natijadorligini hammamiz ko‘rib turibmiz.

Tramp buni tushunmaydi, chunki uning dunyo manzarasi — bu “bir xil o‘lchamdagi pirog modeli”, ya’ni ko‘proq olish uchun qo‘shningizdan kesib olishingiz kerak. Ammo amalda zamonaviy iqtisodiyot “o‘sayotgan pirog” tamoyili asosida ishlaydi — kooperatsiya va ixtisoslashuv tufayli hamma bir-biriga zarar yetkazmagan holda ko‘proq foyda oladi. Tramp esa o‘z harakatlari bilan bu ta’sirlarni o‘ldirmoqda.

To‘g‘ri, AQShda, O‘zbekistondan farqli o‘laroq, import o‘rnini bosish modeli muvaffaqiyatga erishish uchun biroz ko‘proq imkoniyatga ega, chunki Amerika iqtisodiyoti dunyodagi eng yirik iqtisodiyot bo‘lib, xalqaro mehnat taqsimotiga kamroq bog‘liq.

O‘zbekistonga kelsak, AQSh bilan tovar aylanmamiz, mamlakat mahsulotlarining AQShga eksporti juda kam. 2024-yilda u biroz o‘sgan bo‘lsa-da, bu asosan tushunish qiyin bo‘lgan neft mahsulotlari eksporti hisobiga yuz bergan (AQShga qilingan $215 mlnlik umumiy tovar eksportining $152 mlni shu mahsulotlarga to‘g‘ri kelgan).

Shuning uchun AQSh bojlar joriy qilsa ham, bu bizning yetkazib berishimizga deyarli ta’sir qilmaydi — ularning hajmi juda kichik, neft mahsulotlarini esa istalgan odamga sotish mumkin.

O‘zbekiston va MDhda Xitoy ishtirokining ehtimoliy o‘sishiga kelsak, Amerika bozoridagi savdoning pasayishi bizning bozorlarimizda demping uchun jiddiy rag‘bat bo‘ladi, deb o‘ylamayman. Aksincha, Xitoy savdo erkinligining faol tarafdoriga aylanishi va to‘siqlarni bartaraf etish g‘oyalarini ilgari surishi mumkin. Lekin, menimcha, bu mamlakatlarimiz uchun yaxshi va foydali.

Natijada yangi bojlar iqtisodiyotimizga jiddiy to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatishi dargumon. Bu yerda bilvosita ta’sir ko‘proq ahamiyatga ega. Global savdo urushi jahon iqtisodiy inqiroziga olib kelishi mumkin, bu esa, o‘z navbatida, O‘zbekiston tashqi savdosining asosi bo‘lgan xomashyo narxining pasayishiga sabab bo‘ladi. Buning ijobiy tomoni — dunyoda investitsiyaviy faollikning umumiy pasayishi, bu bizning mintaqamizga ham ta’sir qiladi.

Boshqa tomondan, O‘zbekistonning asosiy eksport mahsuloti oltin ekanligini hisobga olish kerak. Oltin esa inqirozda, aksincha, qimmatlashadi.

Shuning uchun bizning xomashyo mahsulotimizga talab oshishi ham mumkin. Bu iqtisodiy shokning oldini olish imkonini beradi, lekin shu bilan birga iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishga turtki bo‘lishi mumkin bo‘lgan tashqi bosimni kamaytiradi.

Shu ma’noda, inqiroz, ayniqsa mamlakatning ichki o‘sishi va tarkibiy islohotlari uchun kuchli rag‘batlar mavjud bo‘lmagan taqdirda, hatto foydali bo‘lishi mumkin edi.


aqsh, bojlar, donald tramp, iqtisodiyot

Mirkomil Xolboyev,

iqtisodchi, Mirkonomika Telegram-kanali muallifi.

2024-yilda O‘zbekiston eksportida AQShning ulushi 1,2% ni tashkil etdi, bunda tovar aylanmasining katta qismi importga to‘g‘ri keldi.

O‘zbekistonning AQShga eksportining asosiy qismi (86%) bojlar qo‘llanilmaydigan xizmatlardir. Yangi tariflar tovar eksportining faqat qolgan qismini qamrab oladi.

Tovarlar eksportining asosiy qismi tasniflanmagan tovarlar (bojxona kodi — 9999) — $7,9 mln, qimmatbaho metall (7112) — $6,6 mln hamda alyuminiy (sterjenlar, profillar va chiviqlar; 7604) — $6,6 mln kabi tovarlarga to‘g‘ri keladi.

Bu tovarlarga bo‘lgan talabning narxga bog‘liq o‘zgaruvchanligini to‘g‘ri baholash qiyin, biroq yaqinroq bozorlar mavjudligiga qaramasdan ular shunchalik uzoq masofaga eksport qilinsa, demak, ularga bo‘lgan talab nisbatan o‘zgarmas, deya xulosa qilish mumkin. Narx o‘sishi talabga katta ta’sir qilmaydi.

Boshqa tovar pozitsiyalariga kelsak, masalan, meva va sabzavotlar — ular ancha kam hajmda eksport qilinadi hamda Qozog‘iston va Rossiya kabi an’anaviy bozorlarga yo‘naltirish muammo bo‘lmasligi mumkin, sababi hajm unchalik ham katta emas.

Umuman olganda, tariflarning O‘zbekiston iqtisodiyotiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’siri juda ham kam bo‘ladi. Birinchidan, AQSh eksportimizda yirik savdo hamkorimiz hisoblanmaydi. Ikkinchidan, joriy qilingan bojlar eksport tovarlarimizning asosiy qismiga ta’sir qilmaydi.

Shunga qaramay, deyarli barcha mamlakatlarga nisbatan tariflarning joriy etilgani kelajakda o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi.

AQSh juda katta bozor va agar tariflar natijasida Xitoy tovarlari mamlakatga kira olmasa, yangi bozorlarni qidira boshlaydi. Bu boshqa mamlakatlarga, shu jumladan, O‘zbekistonga import hajmining arzonlashishi va o‘sishi orqali namoyon bo‘lishi mumkin. Agar AQShda tariflar inflyatsiyaning o‘sishiga yordam bersa, boshqa mamlakatlarda, aksincha, ular import inflyatsiyasining pasayishiga olib kelishi mumkin.

Masalan, yetti oylik qisqarishdan so‘ng fevral oyida Xitoydan import o‘sishni boshladi. Ehtimol, bunga Amerika bojlari ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin. Tovarlar keisimida ma’lumotlarni ko‘rmasdan xulosa qilish qiyin, lekin yaqin oylarda Xitoy ishlab chiqaruvchilari tomonidan raqobat kuchayishini kutish mumkin.

AQShning bunday choralari butun dunyoda, jumladan, asosiy hamkorlarimizda ham iqtisodiy o‘sishning sekinlashishiga olib keladi. Bu esa, tabiiyki, tovarlarimizga bo‘lgan talabni pasaytiradi. Bu, ayniqsa, O‘zbekiston eksporti pasayishi kuzatilayotgan Xitoy, Turkiya, Qirg‘iziston va Tojikistonga ta’sir qilishi mumkin. Bu yo‘nalishlarda eksport pasayishi yana tezlashishi yoki o‘sishning boshlanishi orqaga chekinishi mumkin.

Boshqa tomondan, global noaniqlik sharoitida asosiy eksport mahsulotimiz bo‘lgan oltinning narxi yangi tarixiy maksimumlarga yetishi kutilmoqda. Bu bilan boshqa tovarlar bo‘yicha eksportning pasayishi oltin yetkazib berish orqali kompensatsiya qilinishi mumkin.

Ammo, menimcha, hozirgi shaklda AQSh savdo siyosatini mahalliylashtirish deb atash qiyin. Odatda, sanoat siyosatida qo‘llab-quvvatlash ishlab chiqarishning muayyan bosqichlariga (masalan, tayyor mahsulotga) yoki alohida tarmoqlarga yo‘naltiriladi. Bu holatda bojlar deyarli barcha tovarlar va barcha mamlakatlarni qamrab oladi — bundan nafaqat xorijiy, balki amerikalik ishlab chiqaruvchilar ham zarar ko‘radi.


aqsh, bojlar, donald tramp, iqtisodiyot

Otabek Bakirov,

iqtisodchi, bakiroo Telegram-kanali muallifi.

Tor manfaatlar uchun o‘ylab topilgan notarif to‘siqlar Trampning tariflaridan ham yomonroq.

Ha, Tramp tariflari juda yomon. Udan nafaqat amerikaliklar, balki butun dunyo zarar ko‘radi. Xalqaro savdo va tarif qoidalari jahon urushlaridan buyon ko‘srmagan sinov va chaqiriqlarga duchor bo‘ladi.

Ammo ularda hech bo‘lmaganda biznes uchun aniqlik bor. AQShga eksport qiluvchi yoki AQShdan import qiluvchi bu unga qanchaga tushishini, tovar yoki xizmat narxi qanchaga qimmatlashishini, qancha yo‘qotishini biladi.

Lekin yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorindek ko‘payib borayotgan o‘zbekcha notarif to‘siqlar Tramp joriy etayotgan tariflardan ham yomon (balki o‘xshatish ko‘lamga mosmasdir). Chunki import qiluvchi bu to‘siqlardan o‘tish va iste’molchiga tovarni yetkazib berish unga qanchaga tushishini bilmaydi.

Qanaqadir oligarxcha byurokratning xohishi va tor manfaatlar buyurtmasi bo‘yicha subyektiv qaror bilan istalgan zanjirda va istalgan vaqtda import jarayoni to‘xtatilishi mumkin. Noaniqlik esa narxlarni karrasiga oshiradi.

Eng yomoni, notarif to‘siqlarning tinimsiz kengayib borayotgani O‘zbekistonning JSTga qo‘shilish g‘oyasini ham amalda devalvatsiyaga uchratmoqda. Raqobatli biznes va tanlov istagidagi iste’molchilarning ijobiy kutilmalarini ham yo‘qqa chiqarmoqda.

Qanchalik hayratlanarli bo‘lmasin, o‘zbekistonliklarni 30 yildan beri talab kelayotgan monopolistlar va oligarxiyaga endi O‘zbekistonning JSTga kirishi qo‘rqinchli emas. Ular bojlarni oshirmasdan turib ham turli byurokratik vositalar va dastyorlari yordamida raqobatchilaridan qutilishning yo‘lini o‘rganib olishdi.