2026-yilning birinchi choragida elektron xizmat ko‘rsatuvchi xorijiy kompaniyalar O‘zbekistonda qancha soliq to‘lagani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekistonda elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi 89 ta xorijiy kompaniyalar tomonidan 65,7 mlrd so‘m soliq to‘langan.
Ushbu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 81% o‘sgan. To‘langan soliqlarning 91,85%i elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi quyidagi 10 ta xorijiy kompaniyalar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Bularning ichida Apple yetakchi — 16,1 mlrd so‘m. Keyingi o‘rinda esa Google — 14,9 mlrd so‘m. Kuchli uchlikdan Meta joy olgan — 13,9 mlrd so‘m.
Shuningdek, Valve Corp — 8 mlrd so‘m, OpenAI — 2,5 mlrd so‘m, Anthropic — 1,5 mlrd so‘m soliq to‘lagan.
O‘z navbatida, Midasbuy 1,3 mlrd so‘m, O‘zbekistonda blokda turgan TikTok 868,3 mln so‘m, Booking.com 694,7 mln so‘m va Netflix 570,4 mln so‘m soliq to‘lagan.
2020-yilning mart oyidan O‘zbekistonda xizmatlar va tovarlarni sotuvchi xorijiy elektron tijorat kompaniyalarini soliqqa tortish tartibi kuchga kirgan. Ular jismoniy shaxslarga ko‘rsatilgan sotuvlar bo‘yicha QQS to‘lovchilari sifatida tan olinadi.
24-iyul kuni High Morale Developments Limited — Tencent Holdings kompaniyasining sho‘ba korxonasi — soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Bu kompaniya idora reyestridagi 72-chi xorijiy yuridik shaxs bo‘ldi.
2025-yil boshidan buyon ro‘yxatni Alibaba Cloud, eBay, OpenAI, Bloomberg, Coursera, Canva, ivi.ru kabi 15 ta kompaniya to‘ldirdi.
Qayd etilishicha, o‘tgan yilning yanvar-dekabr oylari davomida 8 ta kompaniya hisobdan chiqarilib, 23 ta kompaniya hisobga qo‘yilgan.
Avvalroq Spot soliq to‘lashdan bo‘yin tovlagan tadbirkorlar uchun jarimalar oshirilishi haqida yozgandi.
Shu bilan birga, qonun bilan jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi mumkin bo‘lgan muddat uzaytirilmoqda.