Numbeo sayti dunyo mamlakatlarida sotiladigan 1 kilogramm mol go‘shti narxlari taqqosladi.
Reytingda foydalanuvchilar yuborgan ma’lumotlar va ayrim rasmiy statistikalar asosida o‘rtacha narxlar hisoblab chiqilgan.
Baholashda 101 ta davlatdagi mol go‘shti narxlari ko‘rsatilgan. Reytingning yuqori qismida Shveysariya, Norvegiya, Lyuksemburg, Janubiy Koreya va Singapur kabi davlatlar joylashgan.
Bu mamlakatlarda mol go‘shti eng qimmat oziq-ovqat mahsulotlaridan biri hisoblanadi. Masalan, Shveysariyada 1 kilogramm mol go‘shti narxi $45,8 dan oshadi, Norvegiyada esa $32,7 dan yuqori ekani qayd etilgan.
Reytingning arzon davlatlari orasida Pokistan, Nigeriya, Kenya, Hindiston va Nepal bor. Ushbu mamlakatlarda mol go‘shti narxi $5 atrofida yoki undan ham past ekani ko‘rsatilgan.
O‘zbekistan ushbu reytingda nisbatan o‘rtacha va arzon davlatlar qatoridan joy olgan. Numbeo ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatda 1 kilogramm mol go‘shti o‘rtacha $10,8 ga (taxminan 130−140 ming so‘m) baholangan.
Shu bilan birga, O‘zbekistondagi narxlar Ozarbayjon ($10,53), Belarus ($9,26) va Qozog‘iston ($8,73) kabi ayrim MDH davlatlaridan biroz yuqoriroq ekani qayd etilgan.
Numbeo ma’lumotlari asosan foydalanuvchilar tomonidan kiritilgani sababli, sayt mutlaq rasmiy statistika hisoblanmaydi.
Avvalroq Qozog‘istonda go‘sht narxining oshishi O‘zbekistonga eksport bilan izohlangandi.
Qayd etilishicha, go‘sht narxi qo‘shni davlatlarga, xususan, O‘zbekistonga faol eksport qilinayotgani sababli yuqoriligicha qolmoqda.