O‘zbekistonga iloji boricha ko‘proq atom elektr stansiyalari kerak. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi (O‘zatom) direktori Azim Axmedxadjayev Alibaev.Politika YouTube loyihasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Jizzax viloyatida quvvati 2,11 GVt bo‘lgan integratsiyalashgan AES loyihasining makroiqtisodiy samarasi taxminan $165 mlrdni tashkil etadi.

Bu hisob-kitoblar “katta to‘rtlik” konsalting kompaniyalaridan biri bilan hamkorlikda hali yakunlanmagan bo‘lsa-da, dastlabki natijalar aynan shu ko‘rsatkichni ko‘rsatmoqda. Loyiha qiymati esa $9,5 mlrdga baholanmoqda.

Xususan, samara soliq tushumlari, yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish, shuningdek, stansiya atrofida xususiy biznes va maishiy xizmatlarni rivojlantirishdan iborat bo‘ladi.

Axmedxadjayev AES o‘z atrofida butun bir ekotizimni shakllantirishi va iqtisodiyotni, jumladan, O‘zbekistonda ilgari bo‘lmagan texnologiyalar sohasida rivojlantirish uchun imkoniyatlar yaratishini ta’kidladi.

“Men agentlik direktori va iqtisodchi sifatida ishonch bilan ayta olaman: bunday stansiyalar bizga ko‘proq kerak, chunki ular o‘z atrofida ekotizimni yaratadi va iqtisodiyotni rivojlantirish uchun imkoniyatlarni shakllantiradi. Biz bu yerda ilgari bo‘lmagan sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish texnologiyalarini qo‘lga kiritamiz, chunki atom stansiyasi ilmiy yondashuvlarni talab qiladigan eng murakkab mexanizmdir”, — dedi u.

O‘zatom rahbari, shuningdek, o‘zbek olimlarining tajribasini hisobga olgan holda, AES qurilishi mamlakatda sanoat mahsulotlarini ishlab chiqish va ishlab chiqarishda yangi yo‘nalishlarni ochishiga ishonch bildirdi.

Tinch atom

2025-yil sentabr oyida O‘zatom va Rosatom O‘zbekistondagi AES loyihasining yangi konfiguratsiyasi — ikkita katta quvvatli energoblok va ikkita kichik quvvatli atom stansiyasi blokidan iborat tarkib bo‘yicha kelishib olgandi.

Qo‘shimcha kelishuv loyiha tarkibiga 3+ avlodiga mansub VVER-1000 asosidagi ikkita katta quvvatli energoblok hamda har birining quvvati 55 MVt bo‘lgan RITM-200N reaktorli ikkita energoblok kiritilishini nazarda tutadi.

Shu tariqa, integratsiyalashgan AESning umumiy quvvati 2,1 GVt dan oshadi: katta stansiyaniki — 2 GVt, kichiginiki — 110 MVt.

Oktabr oyida O‘zbekistonda kichik AES qurilishining asosiy bosqichi boshlandi. Jizzax viloyatidagi qurilish maydonchasida RITM-200N reaktorli energoblok poydevori uchun kotlovan qazish ishlariga kirishildi.

Joriy yil mart oyida Jizzax viloyatidagi AES qurilish maydonida dastlabki beton ishlari boshlandi. Ishlar yakuniga ko‘ra, gidroizolyatsiya va yerga ulash tizimiga ega reaktor binosi poydevori tayyorlanadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston va Rossiya integratsiyalashgan AES qurilishi bo‘yicha shartnomaga qo‘shimcha kelishuv imzoladi. Loyiha kichik va katta quvvatli atom stansiyalarini bir vaqtning o‘zida joylashtirishni nazarda tutadi.

Qo‘shimcha bitimga ko‘ra, loyiha tarkibiga 3+ avlod VVER-1000 asosidagi ikkita katta quvvatli energoblok va har birining quvvati 55 MVt bo‘lgan RITM-200N reaktorli ikkita energoblok kiradi. Shunday qilib, integratsiyalashgan AESning umumiy quvvati 2,1 GVt dan oshadi: katta stansiya — 2 GVt, kichik — 110 MVt.

4-iyun kuni O‘zbekistonda integratsiyalashgan AES qurilishi boshlandi. Jizzax viloyatining Forish tumanida integratsiyalashgan AESning birinchi energoblokiga tamal toshi qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi. Birinchi betonning ramziy quyilishi stansiya qurilishining rasmiy boshlanishini belgilab berdi.


Avvalroq O‘zatom direktori Azim Axmedxadjayev O‘zbekistondagi kichik AESni texnik ishga tushirish 2029-yil oktabr-noyabr oylariga rejalashtirilgani haqida ma’lum qildi.