Markaziy bank 2026-yil 22-iyun holatiga banklarda jismoniy va yuridik shaxslarga ajratilayotgan kredit stavkalari to‘g‘risidagi ma‘lumotlarni e‘lon qildi.

Unga ko‘ra, aholiga ajratilgan ipoteka kreditlarining o‘rtacha foiz stavkasi oxirgi o‘n kunda 22,4% dan 22,2% gacha pasaygan.

Eng arzon ipoteka krediti Orient Finance Bank tomonidan taklif qilinmoqda. Bankning o‘rtacha stavkasi bir haftada 18% dan 18,6% gacha ko‘tarilgan bo‘lsa-da, u bozordagi eng past ko‘rsatkichni saqlab qoldi.

Keyingi o‘rinlarda nisbatan past stavkalarni Agrobank (20,8%), O‘zsanoatqurilishbank (21%), O‘zmilliybank (21,2%) va Ipoteka-bank (21,7%) taklif etgan.

O‘n ish kuni ichida eng sezilarli o‘zgarishlar ayrim tijorat banklarida kuzatildi. InfinBank ipoteka stavkasini 24,9% dan 23,1% gacha, Biznesni rivojlantirish banki esa 23,2% dan 22,6% gacha pasaytirdi.

Trastbank va Asia Alliance Bank ham stavkalarni biroz kamaytirgan. Biroq Asakabank’da aksincha, foiz stavkasi 19,6% dan 21,6% gacha oshgan. Eng yuqori stavkalar Davr bank (27%), Universal bank va Turon bankda (har biri 26% dan) saqlanib qolmoqda.

Mikroqarz va kredit kartalaridan tashqari jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlarning o‘rtacha foiz stavkasi 23,1% dan 23% gacha, yuridik shaxslar uchun esa 22,8% dan 22,6% gacha pasaydi.

Bundan tashqari, bir haftada asosiy vositalar xaridi uchun yuridik shaxslarga ajratilgan kreditlarning o‘rtacha foiz stavkasi 22,5% ni tashkil etdi.

Eng past stavka O‘zmilliybank'da — 17,5%, undan keyin Asakabank (19,9%) va Trastbank (21%) joylashgan. Eng yuqori stavkalar esa Universalbank’da 28% va Garant bank’da 27% ni qayd etdi.

Yuridik shaxslarga aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun ajratilayotgan kreditlarning o‘rtacha foiz stavkasi 22,7% bo‘ldi. Ushbu segmentda eng past stavkalar Aloqabank (18,8%), Turon bank (19%) va O‘zmilliybank'da (20,6%) kuzatilgan. Eng yuqori stavkalar esa TBC bank’da — 34,3%.

Markaziy bankning qayd etishicha, e’lon qilingan stavkalar banklarning amaldagi takliflarini aks ettiradi. Yakuniy foiz stavkasi esa kredit muddati, garov, mijozning moliyaviy holati, bank siyosati va bozor sharoitidan kelib chiqib individual belgilanadi.

Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida Markaziy bank raisi Timur Ishmetov kredit stavkalari inflyatsiya, depozitlar qiymati va moliyaviy xatarlarga bog‘liq ekanligini qayd etgan edi.

Uning ta’kidlashicha, kreditlarni ma’muriy yo‘l bilan arzonlashtirish emas, balki inflyatsiyani pasaytirish, raqobatni kuchaytirish va bank tizimini rivojlantirish foizlarning bosqichma-bosqich kamayishiga xizmat qiladi.


Avvalroq Spot ipoteka va uy-joy qurilishini kreditlashda eng faol banklar reytingi e‘lon qilingani haqida yozgandi.