Markaziy bank 2026-yil 1-iyun holatiga tijorat banklarining uy-joy va ipoteka bozorini rivojlantirishdagi faollik reytingini e‘lon qildi.

Reyting ikkita yo‘nalish — aholiga ipoteka kreditlari ajratish hamda uy-joy qurilishini moliyalashtirish bo‘yicha banklarning faoliyati asosida shakllantirilgan.

Aholiga ipoteka kreditlari ajratish bo‘yicha eng faol banklar o‘ntaligida Xalq banki birinchi, O‘zmilliybank ikkinchi va Ipotekabank uchinchi o‘rinni egallagan.

Keyingi o‘rinlardan mos ravishda O‘zsanoatqurilishbank, Mikrokreditbank, Asakabank, Agrobank, Turonbank, Orient Finans bank hamda Trastbank joy olgan.

Uy-joy qurilishini moliyalashtirish yo‘nalishida esa Agrobank yetakchi deb topilgan. Ikkinchi o‘rinni Biznesni rivojlantirish banki, uchinchi pog‘onani esa Milliybank egallagan.

Kuchli o‘ntalikka, shuningdek, Hamkorbank, Xalq banki, Turonbank, O‘zsanoatqurilishbank, Aloqabank, Ipotekabank va Mikrokreditbank kirgan.

Regulyator ma‘lumotlariga ko‘ra, ipoteka kreditlari ajratish bo‘yicha reyting joriy va o‘tgan yillardagi ipoteka kreditlari hajmi, bankning o‘z mablag‘lari hisobidan ajratilgan kreditlar ulushi, subsidiyali kreditlar, kredit portfeli sifati hamda o‘rtacha foiz stavkalari kabi mezonlar asosida shakllantirilgan.

Uy-joy qurilishini moliyalashtirishdagi faollikni baholashda esa pudrat tashkilotlariga ajratilgan kreditlar hajmi, bank mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish ulushi, kredit portfeli sifati, yuridik shaxslarga ajratilgan kreditlar ulushi hamda kreditlarning o‘rtacha foiz stavkasi kabi ko‘rsatkichlar inobatga olingan.

Markaziy bank mazkur reyting banklarning faqat uy-joy va ipoteka bozorini rivojlantirishdagi faolligini aks ettirishini ta‘kidladi. Reyting natijalari banklarning umumiy moliyaviy barqarorligi yoki biznes samaradorligini baholamaydi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda renovatsiya uchun uy egalarining kamida 80% roziligi talab etilishi haqida yozgandi.