Avvalroq O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga (JST) a‘zo bo‘lish yuzasidan AQSh bilan muzokaralar o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.
Toshkentda bir kun avval bo‘lib o‘tgan Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvda AQSh savdo vakili, elchi Jeymison Grir O‘zbekistonning JSTga a‘zo bo‘lishi bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishilganini ma‘lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki davlat vazirlik va idoralari o‘rtasida samarali muloqot yo‘lga qo‘yilgan, muhim amaliy qarorlar qabul qilingan.
“Yaqin ikki hafta ichida tegishli hujjatlar Jahon savdo tashkilotiga taqdim etiladi va [O‘zbekistonning JSTga] a‘zo bo‘lish jarayoni doirasida depozitga qo‘yish amalga oshiriladi”, — dedi Grir.
Gap bozorga kirish to‘g‘risidagi imzolangan protokolni JST Kotibiyatiga topshirish — ya‘ni tashkilotga qo‘shilishdagi standart protsessual qadam haqida bormoqda. Grir, shuningdek, AQSh O‘zbekistonni JSTga a‘zo bo‘lish uchun kuchli nomzod deb bilishini va bu jarayonning barcha bosqichlarida ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini ta‘kidladi.
Bundan tashqari, u investitsiyaviy bitimning birinchi bosqichi muvaffaqiyatli yakunlanganini ma‘lum qilib, buni ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishi deb atadi.
Prezident, o‘z navbatida, O‘zbekiston AQSh bilan o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini $5 mlrdga yetkazish vazifasini qo‘yganini ta‘kidladi — 2025-yil yakunlari bo‘yicha bu ko‘rsatkich $1 mlrddan oshishi kutilmoqda. Shuningdek, Prezident so‘nggi ikki yildagi barcha yutuqlar AQSh prezidenti Donald Trampning qo‘llab-quvvatlashi natijasi ekanini qayd etib, Grirdan unga “eng samimiy salomlari va ezgu tilaklari"ni yetkazib qo‘yishni so‘radi.
Grir ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni tarixiy yuqori darajada deb baholadi va O‘zbekistonni AQShning Markaziy Osiyodagi asosiy hamkori deb atadi.
“O‘zbekiston — dunyoga ochiq, jadal rivojlanayotgan va bozor mexanizmlariga izchil o‘tayotgan iqtisodiyotdir. AQSh uchun iqtisodiy ochiqlikning bunday tamoyillariga amal qiladigan hamkorlar muhim”, — dedi u.
Uchrashuvda, shuningdek, bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, Prezidentning Jahon savdo tashkiloti masalalari bo‘yicha vakili Azizbek Urunov va AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xenik ham ishtirok etdi.


Bundan tashqari, O‘zbekiston va AQSh yaqin vaqt ichida o‘zaro savdo va investitsiyalarni rag‘batlantirish to‘g‘risidagi bitimni imzolaydi hamda tegishli muzokaralarni jadallashtiradi.
AQSh savdo vakili idorasi esa tomonlar uchta kelishuvni o‘z ichiga olgan dastlabki savdo majburiyatlari paketi bo‘yicha kelishib olganini ma‘lum qildi:
- O‘zbekiston Amerikaning sanoat tovarlari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining keng ro‘yxatiga nisbatan tariflarni bekor qilish yoki kamaytirish majburiyatini oladi. AQSh esa O‘zbekistonning sanoat tovarlari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga nisbatan tarif choralari AQSh qonunchiligiga muvofiq va maqsadga muvofiq darajada ijobiy ko‘rib chiqilishini ta‘minlash majburiyatini oladi.
- Tomonlar, shuningdek, sarmoyaviy hamkorlikni mustahkamlash hamda ikki tomonlama sarmoyalarni ilgari surish va rag‘batlantirishning ehtimoliy yo‘llarini o‘rganishga kelishib oldi.
- O‘zaro savdo va sarmoyalar to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha muzokaralar tezlashtiriladi.
Dastlabki kelishuvlar paketi yaqin haftalar ichida rasmiylashtiriladi.
2024-yil dekabr oyida O‘zbekiston va AQSH JSTga a’zo bo‘lish to‘g‘risidagi protokolni imzolagan edi. Undan bir oy avval esa tomonlar 14 oy davom etgan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlagandi.
Biroq 2026-yilning fevral oyida prezidentning JST bo‘yicha vakili Azizbek Urunov Spot’ga bergan intervyusida AQSH global savdo tizimidagi mavjud sharoitlardan norozi bo‘lgani va ustuvor yo‘nalishlarini keskin o‘zgartirgani sababli O‘zbekiston eksportni taqiqlangan subsidiyalar orqali qo‘llab-quvvatlamayotgani hamda nohalol raqobat yuritmayotganiga ishonch hosil qilish uchun hujjatlarni juda sinchkovlik bilan o‘rganayotganini aytgandi. “Biz AQSHdan aniq pozitsiyani kutyapmiz”, — degandi vakil.
Avvalroq Moody‘s O‘zbekistonning suveren kredit reytingini Ba2 darajasiga ko‘targani haqida xabar berilgandi.

