O‘zbekiston va AQSh yaqin orada o‘zaro savdo va investitsiyalarni rag‘batlantirish to‘g‘risidagi bitimni imzolaydi. Bu haqda Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida ma‘lum qildi.
Saida Mirziyoyeva AQSh savdo vakili, elchi Jeymison Grir bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, prezidentning Jahon savdo tashkiloti masalalari bo‘yicha vakili Azizbek Urunov va AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xenik ham ishtirok etdi.
Prezident Administratsiyasi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi bir yilda ko‘plab samarali ishlar amalga oshirilgan va buning natijasida O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga chiqqan.
“Yaqin kunlarda o‘zaro savdo va investitsiyalarni rag‘batlantirish to‘g‘risidagi bitim imzolanishini kutmoqdamiz”, — deb yozdi u hamda elchiga “O‘zbekiston va ikki tomonlama hamkorlikka samimiy e‘tibori uchun” minnatdorchilik bildirdi.



AQSh Savdo vakili idorasining ma‘lum qilishicha, Jeymison Grirning tashrifi chog‘ida tomonlar ikki tomonlama iqtisodiy va investitsiyaviy munosabatlarni mustahkamlash uchun savdo majburiyatlarining dastlabki paketi bo‘yicha kelishib olgan. Tomonlar, shuningdek, o‘zaro savdo va investitsiyalar to‘g‘risida to‘laqonli bitim tuzish bo‘yicha muzokaralarni tezlashtirishga ahdlashgan.
Dastlabki paket savdo va sarmoya sohasidagi uchta asosiy kelishuvni o‘z ichiga oladi:
- “O‘zbekiston Amerikaning sanoat tovarlari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining keng ro‘yxatiga nisbatan tariflarni bekor qilish yoki kamaytirish majburiyatini oladi. AQSh esa O‘zbekistonning sanoat tovarlari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga nisbatan tarif choralari AQSh qonunchiligiga muvofiq va maqsadga muvofiq darajada ijobiy ko‘rib chiqilishini ta‘minlash majburiyatini oladi”.
- Tomonlar, shuningdek, sarmoyaviy hamkorlikni mustahkamlash hamda ikki tomonlama sarmoyalarni ilgari surish va rag‘batlantirishning ehtimoliy yo‘llarini o‘rganishga kelishib oldi.
- O‘zaro savdo va sarmoyalar to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha muzokaralar tezlashtiriladi.
“Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistonni JSTga a‘zo bo‘lish jarayonida qat‘iy qo‘llab-quvvatlaydi va mamlakatning bugungi kunga qadar erishgan sezilarli yutuqlarini e‘tirof etadi”, — deyiladi xabarda.
O‘zbekiston va AQSh ushbu dastlabki kelishuvlar paketini yaqin haftalar ichida rasmiylashtiradi.
2024-yil dekabr oyida O‘zbekiston va AQSh respublikaning JSTga a‘zo bo‘lishi bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash to‘g‘risidagi bayonnomani imzolagan edi. Bundan bir oy avval esa tomonlar 14 oy davom etgan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlagan edi.
Biroq fevral oyida Azizbek Urunov Spot‘ga bergan intervyusida aytishicha, ustuvorliklar keskin o‘zgarganidan so‘ng, AQSh global savdoning hozirgi sharoitidan norozi bo‘lgani holda, O‘zbekistonning eksportni taqiqlangan subsidiyalar bilan qo‘llab-quvvatlamayotganiga va shu tariqa adolatsiz o‘yin olib bormayotganiga ishonch hosil qilish uchun hujjatlarni “juda uzoq va sinchkovlik bilan” o‘rganmoqda. “Biz AQShdan aniqlik kutmoqdamiz”, — deya qo‘shimcha qildi vakil.
Spot, avvalroq, O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha AQSH bilan muzokara o‘tkazgani haqida yozgandi.


