Italiya Mehnat va ijtimoiy siyosat vazirligining Sviluppo Lavoro Italia tashkiloti hamda Migratsiya agentligi Italiyada ishlash uchun qurilish sohasi mutaxassislarini ishga taklif qilmoqda.

Bo‘sh ish o‘rinlari orasida malakali qurilish ishchilari, metall qumlovchi va bo‘yoqchilar, santexnika, isitish tizimlari va texnik xizmat ko‘rsatish ustalari, texnik chizmachilar hamda ma’muriy yordamchilar bor.

Shuningdek, elektr montajchilari, qurilish ishchilari, payvandchilar, tozalash xodimlari va dasturiy ta’minot dasturchilari uchun ham vakant o‘rinlar ochilgan.

Yillik ish haqi lavozimga qarab 18 850 yevrodan 24 ming yevrogacha etadi. Mehnat shartnomasi 12 oylik muddatli yoki doimiy shaklda tuziladi.

Ayrim ish beruvchilar transport, tushlik, turar joy hamda oziq-ovqat xarajatlari uchun qo‘shimcha to‘lovlarni ham qoplaydi.

Ariza topshirish va ish beruvchi bilan suhbat bosqichlarida italyan tilini bilish talab etilmaydi. Suhbatlar davomida tarjimonlik ko‘magi taqdim etiladi.

Ish beruvchilar tomonidan tanlab olingan nomzodlar Italiyaning “Legal Pathways and In-country Pre-departure Training Measures” dasturi doirasida tahminan 2 oy davomida bepul italyan tili va kasbiy tayyorgarlik kurslarida ishtirok etadilar.

Nomzodlar Xorijdaish.uz saytidagi havola orqali ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.

Qo‘shimcha ma‘lumotlarni Migratsiya agentligining +998712023355 (501) telefon raqami orqali olish mumkin.


Avvalroq Spot o‘zbekistonlik shifokorlar Italiyaga ishga taklif qilinayotgani haqida yozgandi.