Ford kompaniyasi o‘zining avtomatlashtirilgan tizimlari yo‘l qo‘ygan xatolarni tuzatish uchun sobiq muhandislarni qaytadan ishga yollashga majbur bo‘ldi. Bu haqda The Verge xabar berdi.

Rahbariyatning aytishicha, kompaniya bir necha yil avval ishlab chiqarish va loyihalash jarayonlarini avtomatlashtirishga, shuningdek, sun’iy intellektdan foydalanishga juda katta umid bog‘lagan.

Ular SI tizimlari va yangi talablarni joriy etish avtomatik ravishda yuqori sifatli avtomobillar yaratadi, deb o‘ylashgan. Biroq amalda bunday bo‘lmagan.

Ford’ning avtomobil apparat muhandisligi bo‘yicha vitse-prezidenti Charles Poon bu qarorni xato deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sun’iy intellektning samaradorligi u o‘qitiladigan ma’lumotlarning sifatiga bevosita bog‘liq.

Tajribali muhandislarning ko‘p yillik bilim va tajribasini algoritmlarga to‘liq ko‘chirish esa kutilganidan ancha murakkab bo‘lib chiqdi.

Muammo shundaki, kompaniyaning ko‘plab tajribali muhandislari nafaqaga chiqqan yoki Ford’ni tark etgan. Ularning yillar davomida to‘plagan bilimlari avtomatlashtirilgan tizimlarga to‘liq o‘tkazilmagan.

Natijada SI ayrim muammolarni oldindan aniqlay olmagan va ishlab chiqarishda turli xatolar yuzaga kelgan. Vaziyatni tuzatish uchun Ford 350 dan ortiq tajribali muhandisni ishga olgan, lavozimini oshirgan yoki kompaniyaga qayta taklif qilgan.

Ular nafaqat yosh mutaxassislarni o‘qitmoqda, balki sun’iy intellekt tizimlari uchun ma’lumotlarni yaxshilash va ularni qayta o‘qitish bilan ham shug‘ullanmoqda.

Ford operatsion direktori Kumar Galhotra kompaniya avvallari “muammoni top va tuzat” tamoyili bo‘yicha ishlaganini aytdi.

Ya’ni nuqsonlar paydo bo‘lgandan keyin ularni bartaraf etishga e’tibor qaratilgan. Endi esa asosiy maqsad muammolarni yuzaga kelishidan oldin aniqlash va oldini olishdir.

Ford sun’iy intellektdan foydalanishni to‘xtatmoqchi emas. Aksincha, kompaniya SI imkoniyatlarini yanada kengaytirmoqda, biroq endi uni tajribali mutaxassislarning nazorati ostida qo‘llashni maqsad qilgan.

Kompaniya dasturiy ta’minotni tekshirish uchun 100 mingdan ortiq AI asosidagi avtomatlashtirilgan testlarni joriy qilgan.

Bundan tashqari, 40 kishilik maxsus dasturiy ta’minot sifati guruhi tashkil etilgan bo‘lib, uning vazifasi muammolarni mijozlarga yetib borishidan oldin aniqlashdir.


Avvalroq Spot General Motors AQSHda ming nafar xodimni 50 ta robot bilan almashtirishi haqida yozgandi.

Robotlar odamlar bilan birga ishlaydi va kuzov panellarini o‘rnatish kabi takrorlanuvchi vazifalarni o‘z zimmasiga oladi.