General Motors Michigandagi Factory Zero zavodida 50 ga yaqin kollaborativ robotlarni joriy etadi, deya xabar berdi AutoBlog nashri.
Bu o‘zgarishlar kompaniyaning elektromobillari ishlab chiqariladigan korxonada mingdan ortiq xodimning ishdan bo‘shatilishiga olib keladi.
GM vakillarining so‘zlariga ko‘ra, robotlar odamlar bilan birga ishlaydi va kuzov panellarini o‘rnatish kabi takrorlanuvchi vazifalarni o‘z zimmasiga oladi.
Kompaniya ushbu texnologiya xavfsizlikni yaxshilash, xodimlarga tushadigan jismoniy yuklamani kamaytirish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga yordam berishini ta’kidlamoqda.
Biroq, UAW kasaba uyushmasi ish o‘rinlarining qisqarishini aynan robotlarning joriy etilishi bilan bog‘lamoqda.
Tashkilot vakillari avtomatlashtirish ishga joylashish imkoniyatlarini kamaytirayotganini aytib, yangi tizimlarning o‘rnatilishi yuzasidan allaqachon shikoyat arizasi bergan.
Factory Zero zavodini avtomatlashtirish GM’ning keng ko‘lamli qayta tuzilish rejasining bir qismiga aylandi.
So‘nggi oylarda avtoishlab chiqaruvchi robotlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalariga sarmoyalarni oshirish barobarida muhandislik hamda IT bo‘linmalaridagi xodimlarini ham qisqartirayotgan edi.
May oyida General Motors IT bo‘limining 10% dan ortig‘ini, ya’ni qariyb 600 nafar xodimini ishdan bo‘shatgani haqida xabar berilgandi.
Bu malakalarni yangilash dasturi doirasida amalga oshirilib, endi talabga mos kelmaydigan mutaxassislar o‘rniga sun’iy intellekt sohasida tajribaga ega kadrlar uchun joy bo‘shatildi.
GM kompaniyasi TechCrunch nashriga shtatlar qisqartirilayotganini tasdiqladi. Ishdan bo‘shatish haqida birinchi bo‘lib Bloomberg News xabar bergan edi.
Avtomobil ishlab chiqaruvchisi elektron maktubida bu ishdan bo‘shatishlarni tafsilotlarga berilmay, kelajakka tayyorgarlik ko‘rish usuli sifatida taqdim etdi.
“GM kompaniyani kelajakka yaxshiroq tayyorlash uchun o‘zining axborot texnologiyalari tizimini o‘zgartirmoqda”, — deyiladi kompaniya bayonotida.
Bu ishdan bo‘shatishlar faqat shtatni doimiy qisqartirish bilangina cheklanib qolmayapti. Vaziyatdan xabardor manbaning TechCrunch nashriga ma’lum qilishicha, kompaniya o‘zining IT bo‘limiga boshqa ko‘nikmalarga ega xodimlarni yollashda davom etmoqda.
Avvalroq Spot GM O‘zbekistonda Chevrolet modellarini kengaytirib, mahalliylashtirishni oshirmoqchi ekanligi haqida yozgandi.