Genral Motors IT bo‘limining 10% dan ortig‘ini, ya’ni qariyb 600 nafar xodimini ishdan bo‘shatdi. Bu haqda TechCrunch nashri xabar berdi.
Bu malakalarni yangilash dasturi doirasida amalga oshirilib, endi talabga mos kelmaydigan mutaxassislar o‘rniga sun’iy intellekt sohasida tajribaga ega kadrlar uchun joy bo‘shatildi.
GM kompaniyasi TechCrunch nashriga shtatlar qisqartirilayotganini tasdiqladi. Ishdan bo‘shatish haqida birinchi bo‘lib Bloomberg News xabar bergan edi.
Avtomobil ishlab chiqaruvchisi elektron maktubida bu ishdan bo‘shatishlarni tafsilotlarga berilmay, kelajakka tayyorgarlik ko‘rish usuli sifatida taqdim etdi.
“GM kompaniyani kelajakka yaxshiroq tayyorlash uchun o‘zining axborot texnologiyalari tizimini o‘zgartirmoqda”, — deyiladi kompaniya bayonotida.
Bu ishdan bo‘shatishlar faqat shtatni doimiy qisqartirish bilangina cheklanib qolmayapti. Vaziyatdan xabardor manbaning TechCrunch nashriga ma’lum qilishicha, kompaniya o‘zining IT bo‘limiga boshqa ko‘nikmalarga ega xodimlarni yollashda davom etmoqda.
Sun’iy intellekt uchun ilovalar yaratish, ma’lumotlarni loyihalash va tahlil qilish, bulutli texnologiyalar, agentlar va modellar ishlab chiqish, ko‘rsatmalar (promtlar) va sun’iy intellektning yangi ish jarayonlarini yaratish kabi malakalar eng ko‘p talab etilmoqda.
Amalda GM sun’iy intellektdan shunchaki samaradorlikni oshirish vositasi sifatida foydalanadiganlarni emas, balki sun’iy intellekt yordamida noldan ilovalar yarata oladigan — tizimlarni loyihalashtiradigan, modellarni o‘rgatadigan va ma’lumotlarga ishlov berish quvurlarini ishlab chiqadigan odamlarni qidirmoqda.
Avvalroq Spot GM O‘zbekistonda Chevrolet modellarini kengaytirib, mahalliylashtirishni oshirmoqchi ekanligi haqida yozgandi.