Madina Qo‘chqorova arxitekturaga qiziqishni bolaligidan boshlagan. U Pavel Benkov nomidagi Respublika rassomlik kollejida tahsil olgach, Toshkent arxitektura-qurilish universitetida bakalavriat va magistraturani tamomlagan. Shuningdek, Fransiyadagi Versal milliy oliy arxitektura maktabida tahsil olib, arxitektura sohasidagi bilim va tajribasini oshirgan.

Bugun u arxitektor, tadqiqotchi va pedagog sifatida faoliyat yuritadi. Madina ayollar uchun reabilitatsiya markazlari loyihalaridan tortib, bolalar va abituriyentlarni arxitekturaga tayyorlaydigan akademiyagacha bo‘lgan loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. 2026-yil aprel oyida esa arxitektura fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olgan.

U arxitektura ta’limidagi ehtiyojlardan kelib chiqib, dastlab kichik master-klasslar tashkil etgan. Keyinchalik bu tashabbus 45 kv.m maydondagi ikki xonali Arcus akademiyaga aylangan. Bugungi kunda u yerda 7 nafar o‘qituvchi va 1 nafar administrator faoliyat yuritadi, o‘quvchilar soni esa mavsumga qarab 80−100 nafargacha yetadi.

Spot’ga Madina arxitekturaga qanday kirib kelgani, ayollar uchun reabilitatsiya markazlarini loyihalash tajribasi, akademiyani noldan yo‘lga qo‘yish, uni rivojlantirishda yo‘l qo‘ygan xatolari hamda O‘zbekistonda me’moriy meros va mahalliy arxitektorlar oldida turgan muammolar haqida so‘zlab berdi.


Arxitektura sohasiga qiziqishning paydo bo‘lishi

Arxitektura sohasiga bo‘lgan qiziqishim bolalikdan boshlangan. Bobom O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan arxitektor, akademik Xamza Ubaydullayev bo‘lganlar. Bolaligimda uyimizga juda ko‘p arxitektorlar, rassomlar kelardi.

Bobom turli maketlar yasash bilan shug‘ullanar, ba’zan menga ham: “Mana shu maketni yasab qo‘ygin, mebellarni joy-joyiga qo‘yib chiq”, deb topshiriqlar berardilar. Men esa bu jarayonga qiziqib, maketlar bilan ishlashni, makon yaratishni va turli shakllarni tasavvur qilishni yaxshi ko‘rib qolganman. Shu tariqa arxitekturaga bo‘lgan ilk qiziqishim shakllangan.

Biroq o‘sha paytlarda oilamizda “Qiz boladan arxitektor chiqmaydi”, degan fikrlar ham bo‘lardi. Shuning uchun dastlab libos dizayneri bo‘lishni maqsad qilib, Pavel Benkov nomidagi Respublika rassomlik kollejining libos dizayni yo‘nalishiga o‘qishga kirdim. U yerda tikuvchilik bilan shug‘ullandim, chiroyli kolleksiyalar yaratdim. Bu sohada ham yaxshi natijalarga erishdim, ammo o‘qish davomida ich-ichimdan qandaydir qoniqmaslik hissi paydo bo‘la boshlagandi.

Go‘yo men bundan kattaroq ishlarni amalga oshirishni, yanada kengroq imkoniyatlarni sinab ko‘rishni xohlardim. Ichimda doim “Men kattaroq narsalar yaratishim kerak”, degan tuyg‘u bor edi. Shu sababli bir kuni qat’iy qarorga keldim: “Yo‘q, men arxitekturaga topshiraman. O‘zimni shu yo‘nalishda sinab ko‘raman”, dedim.

Foto: Madina Qo‘chqorovaning shaxsiy arxividan

Shundan so‘ng arxitektura yo‘nalishida tahsil olishni boshladim. Talabalik yillarimda iqtidorli talabalar qatorida bo‘ldim. Bu davrda o‘z ustimda ko‘p ishladim, bilim va ko‘nikmalarimni rivojlantirdim.

Keyinchalik Fransiyadagi Versal milliy oliy arxitektura maktabida tahsil olib, amaliyot o‘tash imkoniyatiga ega bo‘ldim. U yerda arxitektura ta’limining o‘ziga xos jihatlari bilan tanishdim, yangi bilim va tajribalar orttirdim.

Shuningdek, Beruniy nomidagi davlat stipendiyasi sohibasi bo‘ldim. Ushbu yutuq magistraturaga imtiyozli asosda o‘qishga kirish imkonini berdi. Shu tariqa bolalikdagi qiziqishim, izlanishlarim va mehnatim meni arxitektura sohasiga olib keldi.

Ayollar uchun reabilitatsiya markazi loyihasi

2012-yil. Bakalavriat bosqichida tahsil olish bilan birga, Aziz Project loyihalash firmasida faoliyat yuritdim. Asosan kam qavatli turar joy binolarini loyihalash bilan shug‘ullandim.

Talabalik davrimdayoq ayollar uchun maxsus markaz loyihasini ishlab chiqish g‘oyasini ilgari surdim. O‘sha davr uchun bu yangicha yondashuv edi. Ko‘pchilik: “Nimaga ayollar uchun alohida bino bo‘lishi kerak?”, degan savolni berardi. Men esa ayollarning rivojlanishi, ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi va o‘z ustida ishlashi uchun alohida, qulay va xavfsiz joy zarur, deb hisoblaganman.

Tasavvurimdagi markazda ayollar farzandlarini bog‘cha yoki maktabga joylashtirib, shu bilan birga o‘zlari ta’lim olishi, ishlashi va yangi ko‘nikmalarni egallashi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan bo‘lardi. Shu g‘oya asosida ayollar uchun ko‘p funksiyali markaz loyihasini ishlab chiqdim. Keyinchalik ushbu yo‘nalishdagi izlanishlarimni doktorantura bosqichida ham davom ettirdim.

Doktoranturada tahsil olayotgan davrimda Ijtimoiy himoya milliy agentligi qoshida zo‘ravonlikka uchragan ayollarni reabilitatsiya qilish markazlarini loyihalash faoliyatiga qo‘shildim. Ushbu loyihalar arxitektura sohasidagi faoliyatim davomida faxrlanadigan ishlarimdan biriga aylandi.

Toshkent va Andijon viloyatlari uchun reabilitatsiya markazlari loyihalarini ishlab chiqdim, shuningdek, Samarqand shahri uchun reabilitatsiya markazi loyihasini taklif qildim. Toshkent va Andijondagi markazlar qurib bitkazilgan bo‘lsa, Samarqanddagi loyiha hozirda qurilish arafasida.

arcus akademiyasi, arxitektor, arxitektura, madina qo‘chqorova

Foto: Madina Qo‘chqorovaning shaxsiy arxividan

Ushbu loyihalarni ishlab chiqish jarayonida eng ko‘p o‘ylantirgan masala — zo‘ravonlikka uchragan ayollar uchun mavjud reabilitatsiya markazlarining yetarli darajada qulay va moslashtirilmaganidir.

O‘zbekistonda ayollar reabilitatsiya markazlarining hududiy markazlari faoliyat yuritadi. Ayrim markazlarga borganda, ularning mavjud binolarga moslashtirilganini ko‘rdim. Bunday joylar ayollarning vaqtincha yashashi uchun mos bo‘lishi mumkin. Ammo ayollarning ruhiy va ijtimoiy tiklanishi uchun bundan ko‘ra ko‘proq narsa kerak. Ular uchun xavfsiz, qulay va aynan shu ehtiyojlarni hisobga olgan holda loyihalashtirilgan muhit zarur.

Shu ehtiyojdan kelib chiqib, reabilitatsiya markazlarini shunchaki vaqtincha yashash joyi emas, balki ayollarning hayotini qayta yo‘lga qo‘yishiga yordam beradigan ko‘p funksiyali makon sifatida tasavvur qildim. Markazlarda ayollar va ularning farzandlari uchun alohida xonalar, chaqaloqli onalar uchun qulay sharoitlar, bolalar uchun maxsus joylar, shuningdek, psixologik va ijtimoiy yordam ko‘rsatish uchun zarur xonalar bo‘lishi kerak, deb hisobladim.

Arxitektorlar maktabi yetishmaydimi?

Universitetda dars berish jarayonida talabalar bilan ishlarkanman, ularning ayrimlarida kreativ fikrlash, fazoviy tasavvur va arxitektura sohasi uchun zarur fundamental bilimlar yetishmasligini ko‘rdim. Shunda nega bolalarni maktab davridan arxitektura sohasiga tayyorlaydigan maxsus arxitektura maktablari mavjud emasligi haqida o‘ylay boshladim.

Bu soha rivojlangan mamlakatlar tajribasiga qarasak, u yerda musiqa yoki san’at maktablari kabi bolalar uchun maxsus arxitektura maktablari ham mavjud. Ko‘plab mashhur insonlar shunday ta’lim muhitida ilk bilim va ko‘nikmalarini shakllantirgan. Bizda esa rassomchilik va qalamtasvir bo‘yicha ta’lim tizimi mavjud bo‘lsa-da, arxitektura yo‘nalishida bolalikdan fundamental bilim beradigan maktablar juda kam edi. Aynan shu ehtiyoj akademiya ochish g‘oyasini amalga oshirishga undadi.

Biroq dastlab odamlar bunday tashabbusni qanday qabul qilishini bilmasdim. Shu sababli birdaniga katta o‘quv markazi ochishdan ko‘ra, kichik master-klasslardan boshlashga qaror qildim.

Master-klasslardan akademiyagacha

Dastlab Navro‘z bog‘idagi Hunarmandlar shaharchasidan 3 soatga xona ijaraga oldim. Birinchi master-klassni o‘quvchi boshiga 200 ming so‘mdan tashkil qildim. Ilk mashg‘ulotga asosan tanishlarim, dugonalarim va qarindoshlarimning farzandlari qatnashdi.

Shunga qaramay, birinchi mashg‘ulotning o‘zidayoq 7−8 nafar o‘quvchi yig‘ildi. Mashg‘ulotlardan so‘ng ota-onalardan ijobiy fikrlar kela boshladi va “har hafta shunday mashg‘ulotlar tashkil qiling”, degan takliflar ko‘paydi.

arcus akademiyasi, arxitektor, arxitektura, madina qo‘chqorova

Foto: Javohir Esonboyev / Spot

Shu tariqa master-klasslar muntazam davom etdi. Bir necha mashg‘ulotdan so‘ng yig‘ilgan mablag‘ni yana ta’limga investitsiya qilib, doimiy joy ijaraga oldim.

Dastlab Xalqlar do‘stligi hududidagi kichik, taxminan 15 kv.m li kutubxona xonasida faoliyat yuritdik. O‘sha paytda ijara haqi oyiga taxminan $150−$200 atrofida edi. Yanvardan aprelgacha shu joyda kurslar tashkil etdik. O‘quvchilar soni ortib, xona torlik qila boshlagach, faoliyatimizni kengaytirishga ehtiyoj tug‘ildi.

2025-yil may oyida hozirgi joyimizga ko‘chib o‘tdik va Arcus akademiyamiz paydo bo‘ldi. Bu yerda ham o‘quvchilar soni va yo‘nalishlar ko‘payib, joyimiz yana kichiklik qila boshladi. Shu sababli kelgusida akademiyani markaziyroq hududga ko‘chirishni rejalashtiryapmiz.

Dastlab bizda atigi ikkita yo‘nalish — kichik yoshdagi bolalar va abituriyentlar uchun kurslar mavjud edi. Vaqt o‘tishi bilan o‘quvchilarning yoshi va ehtiyojlaridan kelib chiqib, ta’lim yo‘nalishlarini kengaytirdik. Bugungi kunda 7−9, 9−12 va 12−14 yoshdagi bolalar, shuningdek, abituriyentlar uchun alohida kurslar ishlab chiqilgan.

Ta’lim biznesidan daromad

Bugungi kunda akademiyaning sof foydasi oyiga taxminan 40−50 mln so‘mni tashkil etadi. Hozirda bu yerda 7 nafar o‘qituvchi va 1 nafar administrator faoliyat yuritmoqda.

Yoz oylarida o‘quvchilar soni 80−100 nafargacha yetdi. Kuzda maktab va boshqa o‘quv jarayonlari sababli bu ko‘rsatkich biroz kamaygan bo‘lsa-da, oktabr oyidan o‘quvchilarning qayta qatnashi boshlandi.

E’tiborlisi, ushbu natijalarga atigi 45 kv.m maydondagi ikki xonali akademiya orqali erishilgan. Xonalarning biri kompyuter dasturlari va maketlash mashg‘ulotlari uchun, ikkinchisi esa rassomchilik hamda ijodiy imtihonlarga tayyorgarlik uchun foydalaniladi.

Akademiyaning bugungi natijalari ta’lim biznesini kichik ko‘lamda boshlab, uni bosqichma-bosqich rivojlantirish mumkinligini ko‘rsatadi. Bunda soha bo‘yicha yetarli bilim va tajribaga ega bo‘lish, mavjud resurslardan samarali foydalanish hamda daromadning bir qismini yana ta’lim sifatini va akademiya faoliyatini rivojlantirishga yo‘naltirish muhim ahamiyatga ega.

Yo‘l qo‘yilgan xatolar va qiyinchiliklar

O‘quv markazini yo‘lga qo‘yishdagi eng qiyin bosqichlardan biri — avvalo, natija ko‘rsatish. Chunki ota-onalar farzandini o‘quv markaziga berishda, tabiiyki, “Bu yerda qanday natijaga erishadi?”, degan savolga javob izlaydi.

Shu sababli dastlabki bosqichida kam sonli o‘quvchilar bilan ishlab, ularni aniq natijalarga olib chiqishga e’tibor qaratdim. Kimdir o‘zi xohlagan maktab yoki universitetga kirishi, boshqasi esa loyihalari bilan tanlovlarda qatnashib, natija ko‘rsatishi muhim edi. Ana shu natijalar orqali akademiyaga nisbatan ishonch shakllandi.

Yana bir muhim jihat — o‘quvchining o‘zi akademiyaga qaytishni xohlashi. Agar bola darsdan zavq olsa, o‘z qiziqishi va kelajakdagi kasbini shu yerda rivojlantirayotganini his qilsa, ta’lim jarayoniga munosabati ham boshqacha bo‘ladi. Shuning uchun faqat ota-onaning ishonchini emas, o‘quvchining qiziqishini ham qozonish muhim.

Eng katta xatolarimdan biri esa akademiyani dastlab biznes sifatida emas, ko‘proq mutaxassis va ijodkor sifatida boshqarganim bo‘ldi. Ba’zi hollarda o‘quvchi to‘lovni to‘lay olmasa ham, uning ta’limini davom ettirishiga imkon berganman. Maqsadim o‘quvchini natijaga olib chiqish bo‘lgan, ammo bunday yondashuv ayrim paytlarda moliyaviy jihatdan zarar bilan ishlashimga sabab bo‘lgan.

Foto: Javohir Esonboyev / Spot

Shundan chiqargan xulosam — ta’lim sifatini birinchi o‘ringa qo‘yish bilan birga, biznesning moliyaviy barqarorligini ham unutmaslik kerak. O‘quvchiga beriladigan qiymat, ta’lim natijasi va iqtisodiy imkoniyatlar o‘zaro muvozanatda bo‘lishi lozim.

Arxitektura sohasidagi muammolar va xalqaro tajriba

Akademiyani rivojlantirish jarayonida olgan saboqlarim faqat biznesni boshqarish bilan cheklanmaydi. Bu tajriba menga arxitektura sohasida ham tizimli yondashuv, professional mutaxassislarni jalb qilish va mavjud imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanish qanchalik muhimligini yana bir bor ko‘rsatdi.

Bugun bu sohada e’tibor qaratish kerak bo‘lgan masalalardan biri — tarixiy va me’moriy merosni asrash. O‘zbekistondagi modernizm davriga oid 10 ta me’moriy obyektning YUNESKO Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilishi bu borada muhim imkoniyat yaratadi. Bu nafaqat xalqaro e’tibor, balki mazkur binolarni asl qiyofasini saqlagan holda kelajak avlodga yetkazish uchun ham katta mas’uliyat demakdir.

Afsuski, ayrim tarixiy va me’moriy binolar ta’mirlash yoki rekonstruksiya jarayonida o‘zining asl qiyofasini yo‘qotmoqda. Bunday obyektlar bilan ishlashda oddiy qurilish yondashuvi yetarli emas. Ularning tarixiy va me’moriy xususiyatlarini hisobga olgan holda, professional restavratorlar va soha mutaxassislari jalb etilishi zarur.

Bunga Kosmonavtlar metrosi yaqinidagi “Moviy gumbazlar” kafesi bilan bog‘liq holatni misol qilib keltirish mumkin. Bino vaqt o‘tishi bilan eskirishi tabiiy, biroq uni saqlab qolish jarayoni oddiy ta’mirlash emas, balki professional restavratsiya yondashuvini talab qiladi.

Bu masala xalqaro maydondagi ishtirokimiz bilan ham bevosita bog‘liq. O‘zbekistondagi arxitektura maktabini rivojlantirish va mahalliy mutaxassislarni xalqaro darajaga olib chiqish uchun xorijiy tajribani o‘rganish bilan birga, o‘zimizning arxitektorlarimizga ham xalqaro loyihalar va tanlovlarda ishtirok etish imkoniyatini kengaytirish kerak.

Bugun bizda iqtidorli va rivojlanayotgan mutaxassislar yetarli. Biroq xalqaro tajribani amaliyotda o‘zlashtirish uchun ularga ko‘proq imkoniyat yaratish muhim. Yirik xalqaro loyiha yoki tanlov xorijiy kompaniyaga topshirilgan taqdirda ham, unga mahalliy arxitektor va soha vakillarini jalb qilish orqali ikki tomonlama tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish mumkin.

Bu nafaqat mahalliy mutaxassislarning malakasini oshiradi, balki O‘zbekiston arxitekturasining xalqaro maydondagi ishtirokini ham bosqichma-bosqich kuchaytirishga xizmat qiladi.

Sohasiga kirayotganlar uchun 3 tavsiya

Arxitektura bilan shug‘ullanishni yoki shu yo‘nalishda biznes boshlashni istaganlarga eng avvalo o‘z ustida ishlashni tavsiya qilaman. Chunki bu faqat dasturlarni bilishdan iborat emas. Bu ijodkorlik va kreativlik bilan birga muhandislik, hisob-kitob, konstruksiya hamda qurilish materiallarini tushunishni talab qiladigan kompleks soha.

arcus akademiyasi, arxitektor, arxitektura, madina qo‘chqorova

Foto: Javohir Esonboyev / Spot

Shuning uchun bu yo‘nalishga kirgan inson doimiy ravishda o‘qib, bilim va malakasini oshirib borishi kerak. Avval sohani chuqur o‘rganib, yetarli tajriba va mutaxassislikka ega bo‘lgandan keyingina biznes boshlash maqsadga muvofiq.

Bugun sun’iy intellekt rivojlanayotgani sabab arxitektorga ehtiyoj kamayadi, degan qarashlar ham uchraydi. Ammo arxitektura bir nechta soha kesishmasidagi kasb bo‘lgani uchun unda insonning ijodiy fikrlashi, muhandislik bilimlari va mas’uliyati muhimligicha qoladi.