AQShning Green River College ta‘lim muassasasi O‘zbekistonda o‘z kampusini ochishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Dunyo axborot agentligi xabar berdi.
O‘zbekistonning Sietl shahridagi Bosh konsulxonasi diplomatlari kollej rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralarda 1+1+2 formatidagi ta‘lim modelini yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilindi.
Taklif etilayotgan dasturga ko‘ra, talabalar dastlabki bir yilni O‘zbekistonda tashkil etilishi rejalashtirilayotgan kampusda, keyingi bir yilni Green River College‘ning AQShdagi asosiy kampusida o‘qishi nazarda tutilgan. Shundan so‘ng ular ikki yil davomida AQSh universitetlaridan birida bakalavriatning 3−4-kurslarida tahsilni davom ettirishi ko‘zda tutilmoqda.
Kollej vakillariga ko‘ra, qabul, yosh, til va akademik talablar bajarilganda, mazkur model 9-sinf bitiruvchilariga maktab ta‘limini kollejdagi o‘qish bilan birlashtirib, to‘rt yil ichida to‘liq o‘rta ta‘limni yakunlash va bakalavr darajasini olish imkonini beradi.
Tomonlar axborot texnologiyalari, dasturiy ta‘minot ishlab chiqish, kiberxavfsizlik, buxgalteriya va aviatsiya yo‘nalishlarida qo‘shma dasturlarni joriy etish, shuningdek, talabalar va o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalarini ham ko‘rib chiqdi.
Green River College rahbariyati O‘zbekistondagi manfaatdor ta‘lim muassasalari bilan bevosita muzokaralarni boshlashga tayyorligini bildirdi.
Spot avvalroq xususiy texnikumlar uchun soliq va yer bo‘yicha imtiyozlar berilishi haqida yozgandi.
Maʼlumot uchun, Green River College 1945-yilda tashkil etilgan bo‘lib, transfer dasturlari, kasbiy va texnik ta‘lim, amaliy bakalavriat hamda tayyorlov kurslarini taklif etadi. Hozirda kollejda qariyb 15 ming talaba tahsil olmoqda.