Hisob palatasi ilk bor bo‘sh lavozimlar uchun mutaxassislarni ochiq tanlov asosida ishga qabul qilishni e’lon qildi.

Idora bir vaqtning o‘zida uch yo‘nalish bo‘yicha xodimlarni izlamoqda: audit, ma’lumotlar tahlili, shuningdek IT va Big Data texnologiyalari.

Ma’lumotlar tahlili bo‘yicha mutaxassislardan iqtisodiyot, moliya, statistika, matematika yoki Data Science yo‘nalishida oliy ma’lumot hamda moliyaviy, iqtisodiy yoki ma’lumotlar tahlili bo‘yicha tajriba talab etiladi. Asosiy ko‘nikmalar qatoriga ma’lumotlarni qayta ishlash va solishtirish, chetlanishlar hamda xatarlarni aniqlash, tahliliy materiallar tayyorlash va ma’lumotlarni vizuallashtirish kiradi.

Audit sohasidagi lavozimlar uchun moliya, iqtisodiyot, buxgalteriya hisobi yoki audit yo‘nalishida oliy ma’lumotga ega, audit yoki moliyaviy nazorat sohasida amaliy tajribaga ega mutaxassislar talab qilinadi. Nomzodlardan budjet xarajatlari va moliyaviy hisobotlarni tahlil qilish, xatarlarni baholash, xulosa va tavsiyalar tayyorlash ko‘nikmalari ham kutiladi.

IT va Big Data mutaxassislari uchun ham alohida tanlov e’lon qilingan. Nomzodlar IT, amaliy matematika yoki Data Science yo‘nalishida ma’lumotga ega bo‘lishi va Big Data texnologiyalari asosidagi kamida bitta yakunlangan loyihada ishtirok etgan bo‘lishi kerak. Shuningdek, Python, SQL, ETL/ELT, katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlash texnologiyalari, ma’lumotlar omborlari hamda Apache Spark yoki unga o‘xshash yechimlarni bilish talab etiladi.

IT mutaxassislarining vazifalariga davlat organlarining axborot tizimlaridan ma’lumotlarni avtomatik olish, ularni qayta ishlash va saqlash uchun infratuzilma yaratish, ma’lumotlar omborlari hamda ETL/ELT jarayonlarini ishlab chiqish kiradi. Shuningdek, ular davlat auditi jarayonlariga sun’iy intellekt va Big Data texnologiyalarini joriy etishda ishtirok etadi.

Uchala yo‘nalish bo‘yicha xodimlarga tibbiy xizmat, davolanish va sanatoriylarda sog‘lomlashtirish, uy-joy ijarasi xarajatlarining bir qismini qoplash hamda transport xizmati taqdim etiladi. Ish haqi milliy darajadagi “A” guruhiga kiruvchi davlat organlari xodimlari darajasida belgilanadi.

Tanlovda qatnashish uchun tegishli ish tajribasi va bajarilgan ishlar yoki amalga oshirilgan loyihalardan 2−3 ta misol ko‘rsatilgan CV yuborish kerak. Saralash talablar muvofiqligini tekshirish, amaliy topshiriq, test va suhbat bosqichlaridan iborat.

Arizalar hp@ach.gov.uz elektron manzilida qabul qilinadi. Ma’lumot uchun telefon: +998 (71) 236−80−06.

Hisob palatasi

Mutaxassislarni ishga qabul qilish Hisob palatasi rahbariyati yangilangach ko‘p o‘tmay boshlandi. Sentabr boshida Prezident Administratsiyasining Huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil departamentiga rahbarlik qilgan Alisher Samadov Hisob palatasi raisi etib tayinlangan.

Shuningdek, Jamshid Mirzayev Hisob palatasi raisi o‘rinbosari, Ulug‘bek Aripov esa komplayens va ichki korrupsiyaga qarshi nazorat bo‘yicha rais o‘rinbosari bo‘ldi.

Avval rais o‘rinbosari bo‘lgan Sardor Mirzayev Prezident Administratsiyasi Komplayens xizmati sektor mudiri lavozimiga o‘tdi. Atabek Allaberganov esa boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan rais o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.


Avvalroq Spot Obid Hakimov prezidentning iqtisodiy maslahatchisi lavozimidan ozod etilgani haqida yozgandi.