Avvalroq Spot 5-may kuni prezident ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini barqarorlashtirish hamda tadbirkorlar masalalarini hal etish yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida yozgan edi.
Unda ayrim tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarni naqd pulsiz qabul qilish amaliyoti kengayib borayotgani uchun bank infratuzilmasi, komissiyalar va isteʼmolchilarga qaytariladigan keshbek tizimini takomillashtirish zarurligi qayd etildi. Aholiga o‘z bank kartalari o‘rtasidagi pul o‘tkazmalarini komissiyasiz amalga oshirish, naqdsiz to‘lovlarning qulay shakllarini ko‘paytirish taklif qilindi.
O‘zbekistonda kartaga naqd pul kiritim qilishda undiriladigan komissiyalar bekor qilinishi mumkin. Bu haqda 7-may kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Biznes-ombudsman axborot xizmati rahbari Guljamol Shukurova ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yig‘ilishda 1-apreldan alkogol va tamaki mahsulotlari, yoqilg‘i hamda 25 mln so‘mdan ortiq tovar va xizmatlar uchun naqdsiz to‘lovlar joriy qilingandan keyin yuzaga kelgan holatlar muhokama qilingan.
Aholi tomonidan bank kartalarini naqd pul bilan to‘ldirishda yuqori komissiyalar undirilayotganligi yuzasidan murojaatlar ko‘paygan. Shundan kelib chiqib, kartaga naqd pul kiritish hamda shaxsiy kartalar o‘rtasidagi o‘tkazmalar uchun komissiyalarni bekor qilish taklif etildi.
Mart oyida bo‘lib o‘tgan media-muloqotda Markaziy bank tijorat banklarining kartaga naqd pul kiritishda komissiya belgilash siyosatiga aralashmasligini bildirgan edi. Regulyator raisining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Saydullayevning so‘zlariga ko‘ra, komissiya yuqori bo‘lgan banklar o‘z mijozlarini yo‘qotmasligi uchun ham tariflarni o‘zlari qayta ko‘rib chiqadi.
Shuningdek, u banklar va to‘lov tashkilotlari cash-in va cash-out bankomatlari sonini ko‘paytirishi kerakligini ta’kidladi. Hozirda 17,9 mingdan ortiq agent maxsus terminallar orqali naqd pulni kirim qilish va yechib olish xizmatlarini ko‘rsatmoqda. O‘sha vaqtda Markaziy bank endilikda naqd pul bilan bog‘liq xizmatlar bo‘yicha bank komissiyalarini har oy e’lon qilib borishini ham ma’lum qilgan edi.
Avvalroq Spot 1-apreldan naqdsiz to‘lovlarga o‘tilgani Toshkentda ijara narxlarining keskin oshishiga ta’sir qilmagani haqida yozgan edi.